Harom yo‘l bilan topilgan moldan zakot beriladimi?

 

Quyida zakotga doir zamonaviy muammolar bo‘yicha ilmiy anjumanlarning fatvolaridan namunalar keltirib o‘tamiz.

1. “Harom mol” –egalik qilish yoki foydalanish shariatda man qilingan mol-mulkdir.

a) Biror sabab tufayli harom molni o‘zlashtirgan kishi qancha vaqt o‘tsa ham, o‘sha molning haqiqiy egasi hisoblanmaydi. U agar egasini tanisa, egasiga yoki uning vorislariga molni qaytarishi vojibdir. Agar egasini topishdan umidini uzgan bo‘lsa, undan qutulish maqsadida xayriya yo‘llariga sarflashi lozimdir. Bunda mol egasining nomidan, deb sadaqa qiladi.

b) agar bir harom ishni bajarish evaziga haq sifatida harom molni olgan bo‘lsa, bu molni ham xayriya yo‘llariga sarflaydi. Unga haq qilib bergan kishiga qaytarib bermaydi.

v) bir kishi noshar’iy yo‘llar bilan harom molga ega bo‘lsa, riboning foydasi kabi, uni ham egasiga qaytarmaydi, balki xayriya yo‘llariga sarflaydi.

g) agar harom molning aynan o‘zini qaytarish imkoni bo‘lmasa, unga o‘xshashini yoki qiymatini egasiga qaytarib beradi. Egasini tanimasa, buni ham xayriya yo‘llariga sarflaydi, egasining nomidan sadaqa deb niyat qiladi.

3. Harom mol zakotning o‘rniga o‘tmaydi, ya’ni zakot beriladigan mol deb hisoblanmaydi, chunki shariat nuqtai nazaridan qaraganda bunday mol qiymatga ega emas. Harom yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan bunday moldan shariatda ko‘rsatilgan yo‘l bilan qutulish kerak.

4. Birovning molini noshar’iy yo‘l bilan egallangan bo‘lsa, uni egallab olgan kishiga bu harom moldan zakot berish vojib emas, chunki bunda zakotning vojib bo‘lishi uchun shart qilingan mukammal egalik yo‘q. Qachon mol o‘zining egasiga qaytsa, bir necha yillar o‘tgan bo‘lsa ham, qo‘liga kelib tushgan yili uchun zakot berish lozim.

5. Harom molni egallab olgan kishi egasiga qaytarmay, undan zakot chiqarsa, qo‘lida qolgan qismi uchun gunohkor bo‘lib qolaveradi. Zakot chiqargan qismi esa shar’an qaytarishi kerak bo‘lgan qismni chiqarish hisoblanadi va zakot deb e’tibor qilinmaydi. Shuningdek, uni mas’uliyatdan ham qutqarmaydi. Faqat egasini tanisa, unga qaytarishi, tanimasa, uning nomidan sadaqa qilib yuborish kerak.

 

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

(Mo‘minning najoti kitobidan)

13 Iyun, 2018 yil | 2413