“Vaqf” xayriya jamoat fondi xodimlari ixtisoslashtirilgan maktabda boʻlishdi

Alloh taolo insoniyatni yaratib, uni cheksiz neʼmatlar bilan rizqlantirgan. Bu haqda Qurʼoni Karimning “Nahl” surasi 18-oyatida shunday marhamat qilinadi:

“Agar Allohning neʼmat(lar)ini sanasangiz, sanogʻiga yeta olmaysiz…”

Lekin hamma ham bu neʼmatlarning qadriga yetavermaydi. Ertalab koʻz ochib munavvar tongni koʻrganiga, nafas olayotganiga, toʻrt muchasi sogʻ ekanligiga, oʻzi mustaqil yurayotganiga shukr qilmaydi. Goʻyoki oʻzi shunday boʻlishi kerakdek. Xalqimizda birni koʻrib fikr qil, birni koʻrib shukur qil, degan naql bor. Yon-verimizda har doim mehr-muruvvatga, yordamga muhtoj shunday insonlar borki, ular uchun biz unchalik qadrlamaydigan neʼmatlarning oʻrni boʻlakcha.

Poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan 36-alohida taʼlimga muhtoj bolalar uchun moʻljallangan ixtisoslashtirilgan maktabda oʻz nomi bilan mehr-muruvvatga muhtoj bolalar taʼlim-tarbiya olishadi. Taʼkidlash kerakki, ayni vaqtda maktab pedagoglari muassasada bolalarga ilm sirlarini oʻrgatish barobarida, 50 nafar bolaga uyida inklyuziv taʼlim ham berib kelishmoqda. Bugun mazkur maktabda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Mazkur tadbirga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondining bir guruh xodimlari turli sovgʻa-salomlar bilan kirib borgani tadbirning bolajonlar uchun haqiqiy bayramga aylanishiga zamin yaratdi. Sana munosabati bilan bolajonlar tomonidan tashkil etilgan sahna koʻrinishlari, Vatan, yurtni tarannum etuvchi sheʼrlardan keyin fond vakillari maktabga oʻzlari bilan olib kelgan sovgʻa-salomlarni taqdim etishdi. Xususan, konditsioner, mehnat qurollari, maʼrifat xonasi uchun mikrofonlar, sport inventarlari, oshxona jihozlari va musiqa asboblari topshirildi. Ayniqsa, bolajonlar uchun fond tomonidan taqdim etilgan turli janrdagi kitoblarning ahamiyati katta boʻldi. Zero, farzandlarimizning ilmli va maʼrifatli boʻlishi, komil inson boʻlib shakllanishida kitobning oʻrnini hech narsa bosolmaydi.

Birda unday, birda bunday kunimiz oʻtaveradi. Diniy kitoblarimizda mol-davlatga ruju qoʻymaslik, oxiratni unutmaslik uchun qabristonga koʻproq borib turish lozimligi aytiladi. Baʼzi-baʼzida yelib-yugurib oʻtayotgan har kunimizga, oʻzimiz va yaqinlarimizning sogʻ-salomat ekanligiga shukrona keltirish uchun yuqoridagi kabi maktablar, nogironlik uylariga borish turish ham foydadan xoli boʻlmaydi. Zero, oʻtkinchi bu dunyoda yaxshilikning mukofoti kattadir. Mehr-muruvvatli, saxovatli insonlarga Allohning marhamati moʻl boʻladi.

“Vaqf” xayriya jamoat fondi xodimlari ixtisoslashtirilgan maktabda boʻlishdi
19 Yanvar, 2024 yil | 75