Duosi ijobat bo'lgan ayol !

     Ulamolar hamma ishlarimiz niyatga bog‘liq, deyishadi. Xayrli ishlar qilishni, odamlarga yordamchi bo‘lishni niyat qilsangiz Alloh qachondir niyatingizga yetkazib, sizni ezgu ishlar qilishga bosh-qosh qilib qo‘yadi. Aksincha, kimgadir firib berishni, ish qilmasdan faqat dam olishni orzu qilsangiz Alloh qachondir uni ham ijobat qiladi. Lekin birida bitmas-tugamas savobga ega bo‘lsangiz, ikkinchisida katta gunohga botasiz. Shunday ekan, niyatimizni xayrli qilaylik.

      Farg‘ona viloyatining Shohimardon anklav hududida to‘rt nafar yetim qolgan farzandlari bilan og‘ir sharoitlarda yashaydigan, shu vaqtgacha hayotning ko‘plab qiyinchiliklarini boshidan o‘tkazgan mushtipar ayol har namozida Allohga iltijo qilib, uyli bo‘lishni, farzandlari bilan kam-ko‘stsiz yashashni niyat qilardi. Alloh uning nolalarini eshitdi. Yaqinda Farg‘ona shahrida joylashgan dehqon bozorida, ko‘plab odamlar guvohligida ayolga shahar markazidagi hamma sharoitlarga ega uch xonali uyning kaliti tantanali vaziyatda topshirildi. Ko‘plab saxovatpesha insonlar ko‘magida qurilib, ta’mirlanib, barcha jihozlari bilan yashashga tayyor holga keltirilgan mazkur xonadon ayol va uning farzandlari uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi.

      Ehtiyojmand ayolga uch xonali uyning topshirilishi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilgan katta savobli ishlardan biridir. Inshaolloh, bu oxirgisi ham bo‘lmaydi. Mard va saxovatli yurtdoshlarimiz yordami va qo‘llab-quvvatlashi bilan hali ko‘plab ehtiyojmand oilalar uyli bo‘lishadi...

 

6 Fevral, 2024 yil | 101