Andijonda juma ma'ruzasi surdo tilida namoyish etildi

O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan nogironligi bo'lgan fuqarolar, jumladan, eshitish-so'zlash va ko'rish qobiliyatida nuqsoni bo'lgan fuqarolar bilan tizimli ravishda uchrashuvlar, xayriya tadbirlari o'tkazilib kelinmoqda.

 

“Surdo-online Uzbekistan” loyihasi doirasida Andijon shahridagi “Imomi A'zam” jome masjidida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan eshitish va so'zlashda nuqsoni bor fuqarolar uchun juma ma'ruzalarini surdo tarjimon yordamida namoyish etish doimiy ravishda yo'lga qo'yildi. Bugun ham Andijondagi ushbu masjidda nogironligi bo'lgan yuzlab insonlar yig'ildilar va yaratilgan imkoniyatdan foydalangan holda mav'izalarni tomosha qilishdi.

 

Juma namoziga qariyb 130 nafardan ortiq nogironligi bo'lgan fuqarolar tashrif buyurib, O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tayyorlangan “Ijtimoiy himoyaga muhtojlarga g'amxo'rlik” mavzusidagi tezis va uning “Vaqf xayriya jamoat fondining oxirgi haftada amalga oshirgan ishlari” to'g'risidagi ilovasi haqidagi ma'ruza surdo-online shaklida yetkazildi.

 

 

“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan yaratilgan ushbu xayrli ishlardan barchalari birday xursand bo'lmoqdalar. Shuningdek, har haftaning yakshanba kunlari esa ushbu masjidda eshitish va so'zlashishda nuqsoni bor fuqarolar uchun ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar ham o'tkazilib kelinmoqda.

 

 

“Vaqf” xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

23 Fevral, 2019 yil | 1204