"Vaqf" fondi rahbari "Etti pir" ziyoratgohlarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi

"Vaqf" xayriya jamoat fondi boshqaruv raisi I.Xalilov Buxoro viloyatida joylashgan "Etti pir" ziyoratgohlarida olib borilayotgan amaliy ishlar ko'lami bilan tanishish, ziyorat turizmini yo'lga qo'yish, xorij va o'zbekistonlik sayyohlar uchun yaratilayotgan qulayliklar, ta'mirlash ishlarini kuzatish ko'zdan kechirish, bunda zarur tafsiya va ko'rsatmalarni berish maqsadida Buxoro viloyatida bo'ldi.


Fond rahbari ziyorat qilish va ziyoratgohlarda amalga oshirilgan ishlar ko'lami bilan tanishish maqsadida "Xoja Abdulxoliq G'ijduvoniy" hamda "Orif Revgariy" ziyoratgohlariga tashrif buyurdi.

 

Bu yerda ziyoratgoh mas'ullari va xodimlari bilan uchrashib, olib borilayotgan amaliy ishlar xususida suhbatlashildi. "Xoja Abdulxoliq G'ijduvoniy" ziyoratgohini ta'mirlash ishlariga Fond tomonidan qariyb 40 million so'm mablag' ajratilgan bo'lsa, "Orif Revgariy" ziyoratgohini ta'mirlash uchun 15 million so'm mablag' taqdim etildi.


Bundan tashqari, ushbu ziyoratgohlarda faoliyat yurituvchi ikki nafar xodimning oilaviy ahvoli hisobga olinib, ularga jami 5 million so'm moddiy yordam ajratildi.


"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

7 Mart, 2019 yil | 1119