“Saxovat karvoni” bir yarim ming oilaga sovg'a ulashadi

Mana, fayzu baraka oyi bo'lgan Ramazon kunlari o'tib bormoqda. Bu kunlarni g'animat bilgan kishilar badaniy ibodatlar bilan bir qatorda xayriya ishlarini ham ko'proq bajarishga jiddu jahd qiladilar.

Zero, Islom – mehr-muruvvat dini. Insonlarga moddiy ko'mak berish, ularning og'irini yengil qilish, qalblariga xursandchilik kiritishga dini mubinimizda targ'ib etiladi. Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Modomiki bir banda o'z birodariga yordam berishga urinar ekan, Alloh taolo o'sha bandasiga yordam beradi”, deganlar.

Muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan xalqimizning og'irini yengil qilish, muammolarini biroz bo'lsada aritish, dillariga xushnudlik olib kirish maqsadida ko'plab xayriya ishlari olib barilayotganidan xabaringiz bor.

Ana shunday xayriya ishlarini fazilatli ayyomlarda yanada kengaytirish maqsadida, “Vaqf” xayriya jamoat fondi o'zining yangi “Saxovat karvoni” nomli respublikamiz bo'ylab keng ko'lamli xayriya tadbirlarini boshladi.

16 may kuni “Vaqf” fondi tomonidan tayyorlangan 251 million so'mlik Ramazon tuhfalari ortilgan 14 ta katta yuk avtomashinasi respublikamizning 14 ta hududiga yo'l oldi. Xayriyalar ortilgan “Saxovat karvoni” o'lkamizning o'n to'rt hududi bo'ylab safarga chiqib, unda bir yarim mingdan ziyod muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmalarini Ramazon kunlarida tarqatadi. 
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari va Fond rahbari Iskandar Xalilov “Saxovat karvoni”ning safari oldidan duoi xayr qildilar. 

Ayni fazilatli ayyomlarda saxiy, qo'li ochiq kishilar mehr-muruvvat ko'rsatish bilan qalbi o'ksik kishilar dillariga quvonch bag'ishlash katta savobli ish ekani alohida ta'kidlandi.

Saxovatpesha kishilarni ulug' ayyom kunlarida mana shunday keng ko'lamli xayriya tadbirlarida hamkorlik qilishga da'vat etamiz. Shunday ulug' savobli ishga hissa qo'shganlarga Janobi Haq taolo ulug' ajru savoblar bilan mukofotlashini so'raymiz.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

“Vaqf” xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

17 May, 2019 yil | 1606