Fitnachining asl yuzi ochildi!

27 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Vaqf” fondi haqida asossiz gaplar tarqaldi. Fond haqida turli gap-so'zlar aytila boshlandi. Nima emish, vaqf mulklari sifatida o'tkazib berilgan xonadonlarda Fond rahbari yashayotgani iddao qilingan.

Bugun “Feysbuk” ijtimoiy tarmog'idagi “Saidqosim Buxoriy” nomli blogger o'zining profilida “Majbur bo'lyapman do'stlarim. (Ramazon oyi Alloh o'zi kechirsin)” sarlavhali yolg'on va tuhmatga to'la yozuvlari e'lon qilindi. Go'yo vaqf mulki sifatida ajratilgan xonadonda Fond rahbarining o'zi yashayotgan emish, yana uyi yongan xonadonlarga “Vaqf” fondi tomonidan kitoblar berish o'rniga, anashu xonadonlarni berishni aytilgan.

Endi asl voqelikka qanday bo'lganini bayon qilamiz.
Birinchidan, shu yilning 18 mart kuni poytaxtning Shayxontohur tumani “Oqlon” mahallasidagi sakkizta xonadonda kuchli yong'in bo'lib, uylarning hammasi barcha jihozlari bilan yonib ketgan edi. O'zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan ushbu xonadonlarga imom-xatiblar o'sha zahotiyoq yordam ko'rsatdi. Shu kunlarda ham yong'in bo'lgan xonadonlarni qayta qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu xonadon ahllaridan birlari: “Eng achinarlisi, men uchun bebaho boylik bo'lgan ko'plab kitoblarim ham yong'inda yonib ketdi. Ularning aksariyati diniy kitoblar edi”, deya afsus bilan so'zlab bergan edi. Shuning uchun O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan sakkizta xonadonning har biriga Qur'oni karim va o'ndan ortiq, jami yuzga yaqin diniy-ma'rifiy kitoblar topshirildi hamda bir necha yuz million so'mlik qurilish materiallar xayriya qilindi.

Masalan:

Muftiy hazrat yong'indan jabr ko'rgan xonadonlardan xabar oldilar
http://muslim.uz/index.php/yangiliklar-2016/uzbekistan/item/13836

 

“Yo'qotgan kitoblarimga achinayotgan edim, mana, bugun ular ham qaytib keldi!”
http://muslim.uz/index.php/yangiliklar-2016/uzbekistan/item/13874

 

«Oqlon» mahallasida yonib ketgan oltita xonadon egalariga moddiy yordamlar ko'rsatildi
http://muslim.uz/index.php/yangiliklar-2016/uzbekistan/item/13929

 

Otinoyilar yong'indan jabr chekkanlarga ko'mak berdi
http://muslim.uz/index.php/yangiliklar-2016/uzbekistan/item/13995

Mana shu bo'lgan haqiqat.

 

Ikkinchidan “Saidqosim Buxoriy” nomli blogger o'zining profilida Fond rahbari vaqf mulki sifatida berilgan uyda yashayotganini o'z ko'zi bilan ko'rganini iddao qilgan. Vaholanki, Fond rahbari biror marta ham ushbu xonadonga bormagan, ushbu xonadon Fond mas'ul xodimlari tomonidan vaqf mulki sifatida tasarruf etilmoqda. “Saidqosim Buxoriy” aytganidek, uyi yonib ketgan yoki uysizlarga berib bo'lmaydi. Chunki vaqf mulki hadya etiladigan narsa emas. U bir umr vaqf tasarrufida qoladigan mulk.

Uchinchidan, “Saidqosim Buxoriy” Fondda mehnat qilayotgan mutaxassis Shayx Muhammad ismli xodim bilan gaplashganini yozgan. Shayx Muhammadning o'zi bunday inson bilan mutlaqo gaplashmaganini ta'kidladi. Demak, “Saidqosim Buxoriy”ning bu gapi ham yolg'on. Yolg'onchining qandayligi va unga belgilangan jazo hammaga ma'lum.

To'rtinchidan, blogger Fond tomonidan ehtiyojmandlarga uy qurib berishni bildirgan. Agar u xolis bo'lganida edi, Fond tomonidan Toshkent shahrida bir nechta va viloyatlarda o'nlab fuqarolarga uy-joy qurib berilganini e'tirof etar edi. Shuningdek, o'lkamizdagi tinimsiz yomg'irli kunlar oqibatida sel yuvib ketgan Qashqadaryo viloyatidagi xonadonlarga yordam berilganini bilar edi. Demakki, “Saidqosim Buxoriy” ushbu mavzuda ham noxolisdir.

Masalan:

Isrofdan qochish - barakaning ayni o'zidir
http://muslim.uz/index.php/media-17/videolav-alar/item/10499

 

 “Vaqf” fondi tabiiy ofat tufayli uyidan ayrilgan xonadonlarga yordam beradi
https://telegra.ph/ofat-04-29

https://t.me/vaqfuz/1293

 

Uy qurilishi boshlandi: tabiiy ofat tufayli uyidan ayrilgan xonadonlar uchun dastlabki qurilish materiallari yetkazildi.
https://telegra.ph/uyqurilish-05-10

 

“Vaqf” fondi nogironligi bor opa-singilga yangi uy qurib berdi
https://telegra.ph/yangiuy-05-01

 

Bayon etilganlardan ma'lum bo'ladiki, “Saidqosim Buxoriy”ning xatti-harakatlari “Vaqf” fondi haqida yetarlicha ma'lumotga ega bo'lmay turib, tuhmat va bo'hton qilib, fitna qo'zg'ashdan boshqa narsa emas.

To'g'risi, bunday mantiqsiz yozuvlarni o'qib ko'pchilik taajjubga tushdi. Qanday qilib, asl vaziyatdan xabardor bo'lmay turib, bunday yolg'on yozishga kim “Saidqosim Buxoriy”ga huquq berdi?

Demak, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda biryoqlama, asossiz yondashuvlarni tarqatishdan ko'zlangan maqsad odamlarni haqiqiy holatdan chalg'itish, ularda ishonchsizlik uyg'otish, yuz yildan keyin qayta tiklangan buyuk islomiy qadriyatni yana yo'q qilishdan iboratdir.

Yana bir muhim masala, “Saidqosim Buxoriy”ning bu fitnasi “Vaqf” fondining xayriya ishlari kengayishiga to'sqinlik qilib, natijada bundan faqat yordamga muhtoj bo'lgan insonlargina mehr muruvvatdan bebahra qoladilar.

Darhaqiqat, fitna yomon bo'lishi bilan birga, u insonlarni imtihon qiladi, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratadi. Bu ham ilohiy iroda, imtihon dunyosining qonuni. Fitna paytida odamlarning asl holati oshkor bo'ladi, qalbida yashirinib yotgan cho'kindilari yuzaga qalqiydi, bor surati namoyon bo'ladi.

Masalan:

Fitna
https://islom.uz/maqola/5989

 

Yana bir jihatni esdan chiqarmaylik, hozir shaytonu jinlar kishanlangan va butun mavjudotga rahmat va mag'firat oyi bo'lgan Ramazoni sharif oyida turibmiz. Ushbu oyni gunohu ma'siyatlar qilish bilan o'tkazmaylik.

Inson dunyoga mukkasidan ketib, oxiratini unutib, har ishga qo'l urmasligi kerak. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yolg'on guvohlik beruvchining ikki oyog'i qo'zg'almay turib, Alloh unga do'zaxni vojib qiladi”, deganlarini bayon etdi.

Qalam ahllari bo'lgan do'stlarimizga murojaatimiz shuki, bunday yolg'on-yashiqlarga uchmasliklari va fitnalardan ogoh bo'lishlariga chaqiramiz. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda: «Ey mo'minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo'yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo'lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko'ringiz!» (Hujurot surasi, 6-oyat).

Shunday ekan azizlar g'animat oy bo'lgan Ramazon oyida Haq taoloning roziligini topishga intilaylik, fitna chiqarishga emas!

 

“Vaqf” fondi matbuot xizmati

vaqf.uz

27 May, 2019 yil | 1499