"Vaqf" fondi uchun ehson qilingan bir so'm mablag' ham e'tibordan chetda qolmaydi

Har bir sahovatli inson ulkan ajrni istab Alloh taolo yo'lida sadaqai joriyani amalga oshiradi. Bu amali bilan Allohga yaqinlik istaydi, O'zining jamolini ko'rishga umid bog'laydi.

 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi minglab insonlarga ulkan ajrga ega bo'lishni istagan sahovatpesha insonlar, homiylarning ko'magi bilan yordam qo'lini cho'zmoqda. Bu yo'lda har bir so'mning haqdorga yetishiga hamda ko'ngli o'ksik insonlarga shodlik ulashishga intilmoqda.

 

Bundan bir qancha vaqt avval Fondning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida qashqadaryolik umidli shoira Baxtiniso Mahmudovaning davolanishi uchun zarur bo'lgan mablag'larning bir qismini to'plash maqsadida aktsiya e'lon qilgan edi. Ushbu aktsiyaga ozmi-ko'pmi mablag'lar kelib tushdi. Yig'ilgan mablag' miqdori 148 ming 503 so'mni tashkil qilgan bo'lsada, Fond xodimlari kamini o'z xisoblaridan to'lab ushbu mablag'lar evaziga uch dona Qur'oni karim sotib olib Baxtiniso Mahmudova nomidan Qashqadaryo viloyatidagi masjidlarga vaqf mulki sifatida topshirishdi. 


Ma'lumot uchun, qashqadaryolik yosh shoira Baxtiniso Mahmudova og'ir operatsiyani o'tkazish uchun Turkiyaning Istanbul shahriga jo'nab ketgan edi. 6 yanvarь kuniga o'tar kechasi qon bosimi birdan tushib ketishi sababli uni jonlantirish bo'limiga olishgan. Shifokorlarning harakatlariga qaramay, Baxtiniso Mahmudova vafot etgan edi.

 

Alloh taolo singlimizni O'z rahmatiga olgan bo'lishini tilab, uning nomidan vaqf qilingan Kalomullohlar tilovatidan ajrlar tugamas daryo singari yetib turishini tilaymiz. Yurtimizning sahovatli insonlarini ezgu ishlarda sobitqadam bo'lishlarida O'zi madadkor bo'lsin!

 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati.

19 Iyun, 2019 yil | 1786