“VAQF” fondi atrofidagi gaplar: Fond rahbari barchasiga oydinlik kiritdi!

– “Vaqf” fondi tashkil etilganiga 1,5 yil toʻldi. Oʻtgan davr mobaynida uning keng koʻlamli faoliyatiga qaramay ijtimoiy tarmoqlarda turli tanqidiy qarashlar ham bildirildi.

Shu sababli Fondning amalga oshirgan ishlari va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida, Fond rahbari Iskandar Xalilovga savollar bilan yuzlandik.

Hurmatli rais, avvalo fondning bir yarim yillik qisqa davr oraligʻidagi faoliyati haqida qisqacha soʻzlab bersangiz.

– Maʼlumki, 2018 yil 16 aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi.

Fondning asosiy maqsadlari odamlarimizdagi saxovatlilik tuygʻularini yanada oshirishga koʻmaklashish, diniy-maʼrifiy sohaga yordam berish, masjid, madrasa va ziyoratgohlarimizni obod qilish, ularda xizmat koʻrsatayotgan xodimlar, imom-xatib, noiblar, mudarrislar va talabalarga moddiy-maʼnaviy koʻmak berishdan iborat etib belgilandi.

Xalqimiz orasidagi kam taʼminlangan kishilar, moddiy koʻmakka ehtiyoji bor oilalar va imkoniyati cheklangan fuqarolarga yordam berish Fond oldiga qoʻygan eng savobli ishlaridandir. Shu maqsadda Fond tomonidan yuqoridagi maqsad va vazifalardan kelib chiqib, keng koʻlamli xayrli ishlar amalga oshirildi.

 

- Koʻpchilikni Fond mablagʻlarining aylanishi va sarf-xarajatlarining shaffofligi qanday tashkil etilgani qiziqtiradi. Shu haqida toʻxtalib oʻtsangiz.

- Shaffoflikni taʼminlash maqsadida fondga tushgan mablagʻlar har kuni saytimiz va telegram kanalimizda eʼlon qilib boriladi. Bu borada Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Innovatsion rivojlanish vazirligi bizga yaqindan koʻmak bermoqda. Barcha pul aylanmalari eng zamonaviy billing tizimiga ulangan. Shuni alohida taʼkidlab oʻtish kerakki, moʻmin-musulmonlar tomonidan Alloh roziligi yoʻlida zakot, fidya, ushr va fitrga ajratilayotgan mablagʻlar haqdorlarga toʻlaligicha yetib borishi uchun mutasaddi tashkilotlar juda keng imkoniyat yaratib berishmoqda. Masalan, bank oʻz xizmati uchun haq olmaydi va bu bilan ajratilgan mablagʻ haqdorga yuz foiz holatda toʻliq yetib borishi taʼminlanadi.

Shu bilan birga plastik kartalar orqali, hisob-raqamdan hisob-raqamga va mobil telefonlar orqali pul oʻtkazmalarini amalga oshirish imkoniyati ham bor. Bundan tashqari, respublika boʻylab 190 dona infokiosk ham oʻrnatilgan.

Bugungi kunda, Fondning www.vaqf.uz veb-sayti faoliyat yuritmoqda. Mazkur sayt orqali Fond faoliyati, amalga oshirilgan tadbirlar hamda xayr-saxovat loyihalari haqida batafsil maʼlumot olish mumkin. Shu bilan birga, alohida pul oʻtkazmalari boʻyicha hisobot ham veb-saytda jadval shaklida taqdim etib boriladi.

- Hozirgacha Fondga qancha mablagʻ kelib tushdi va qanday sarflandi?

- Joriy yilning 30 oktyabr sanasiga qadar, Fondning maxsus hisob raqamlariga jami 164 milliard soʻm miqdorida mablagʻ kelib tushgan. Shu jumladan, xayriya hisob raqamiga 1 mlrd. 201 mln. soʻm, zakot hisob raqamiga 5,6 mlrd. soʻm, vaqf hisob raqamiga 758 mln. soʻm, masjidlar hisob raqamiga 122,3 mlrd. soʻm va ziyoratgohlar hisob raqamiga 25 mlrd. 464 mln. soʻm tushgan.

Fondning maxsus hisob raqamlaridagi mablagʻlar “Vaqf xayriya jamoat fondining daromadlarini shakllantirish va mablagʻlarini, tovar moddiy boyliklarini taqsimlash Yoʻriqnomasi”ga asosan sarflanadi.

Fond hisob raqamlariga kelib tushgan mablagʻlar hisobidan quyidagi xarajatlar amalga oshirildi:

Xayriya hisob raqamidan:

·       25 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj tashkilotga 130 mln. soʻm;

·       4 766 ta kam taʼminlangan va yordamga muhtoj oilalarga zakot va xayriya pullari hisobidan 5 mlrd. 43 mln. soʻm.

Masjidlar hisob raqamidan:

·       masjidlar va vakilliklarning talabnomalariga asosan 110,7 mlrd. soʻm.

Taʼkidlash joizki, Fond mablagʻlarining asosiy qismi masjidlardagi ehson qutilari orqali shakllansada, mablagʻlarning aksar qismi yana masjidlar xarajatlariga yoʻnaltiriladi. Xususan, masjidlardan tushgan mablagʻlarning 75 foizi ularga qayta yuboriladi. 10 foizi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakillariga, 10 foizi idora faoliyatini tashkil etishga berilib, faqat 5 foizi Fondda qoladi. Mazkur 5 foiz hisobiga 700 dan ziyod daromadi kam masjidlarning imom-xatiblariga oylik maosh beriladi.

Ziyoratgohlar hisob raqamidan:

·       ziyoratgohlar va filiallarning talabnomalariga asosan 19,8 mlrd. soʻm.

Aksiyalar hisob raqamlaridan:

·       aksiyalar maqsadi boʻyicha 3,1 mlrd. soʻm.

 

Asosiy hisob raqamdan 3 mlrd. 800 mln. soʻm miqdorida mablagʻ sarflandi.

Shu oʻrinda, 2019 yil 20 sentyabr holatiga koʻra, Fondning maxsus hisob raqamlarida jami 21 mlrd. 465 mln. soʻm miqdorida qoldiq mablagʻ mavjud ekanini ilova qilib oʻtmoqchimiz.

 

– Fuqarolar yoki jismoniy shaxslar fondga pul mablagʻlarini qanday oʻtkazadi?

– Bu borada yurtdoshlarimiz uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda. Ular hech qanday qiyinchiliksiz, ortiqcha ovoragarchiliksiz plastik karta orqali “Click”, “Payme”, “Mbank”, “Viza”, “Oson” kabi elektron toʻlov tizimlaridan foydalanib, oʻz xayriya mablagʻlarini Fondga oʻtkazishlari mumkin.

Shuningdek, istagan inson Fondga oʻziga yaqin joyda joylashgan “Paynet” shahobchasiga murojaat qilib, mablagʻini vaqf qilishi, zakotini toʻlashi hamda turli xayriya aktsiyalariga mablagʻ oʻtkazishi mumkin.

– Fondning ishlab chiqarish korxonalari va ularning istiqbollari haqida gapirsangiz?

– Shu oʻrinda muhim bir jihatga alohida eʼtibor qaratish kerak, yaʼni “Vaqf” fondi Ustav faoliyatiga asosan vaqf mulklarini shakllantirish uchun ishlab chiqarish korxonalari, savdo doʻkonlari va xizmat koʻrsatish shahobchalari ochish mumkin. Tushgan daromadning tegishli qismi xayriya ishlariga yoʻnaltiriladi.

Eʼtiborli jihati, Vaqf mulkini rivojlantirish uchun fuqarolarning xayriya, zakot, ushr, fitr va fidya uchun bergan mablagʻlari mutlaqo ishlatilmaydi. Ular oʻzlarining aniq, shariat belgilab bergan manzillariga yoʻnaltiriladi. Vaqf mulki uchun esa ziyoratgohlardan tushgan mablagʻlar yoki Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan koʻrsatilgan begʻaraz yordam pullari ishlatiladi. Ayrim loyihalarga saxovatpesha tadbikorlarimiz tashabbus koʻrsatib, yordam bermoqda.

Jumladan, 2019 yil mart oyida Toshkent viloyati Qibray tumanidan 16 gektar yer maydon va binolar Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “Vaqf” fondiga begʻaraz berilgan edi. Ushbu hududda qisqa muddat ichida non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish tsexi barpo etildi. Mazkur tsex joriy yilning 15 aprelь kuni oʻz faoliyatini boshladi, ayni paytda 5 xil turdagi non va non maxsulotlari ishlab chiqarilib, xalqimizga tortiq qilinmoqda.

Mazkur tsexda toʻqqiz turdagi non mahsulotlari ishlab chiqarilib, doʻkonlar orqali sotiladi hamda tushgan foyda hisobidan mehribonlik, qariyalar va nogironlar uylariga xayriya tariqasida ham ulashiladi. Non va non mahsulotlarini ishlab chiqarishdan koʻrilgan foyda masjid-madrasalarni obod etish, yordamga muhtoj va nogironligi bor shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga sarflanadi.

Qayd etish zarurki, tsex joylashgan hududda ichimlik suvi tarmogʻiga ulanish va muttasil foydalanish borasida muayyan muammolar sababli mahsulot ishlab chiqarishda uzilish yuzaga keldi. Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida Toshkent shahridagi “Suv taraqqiyot” oilaviy korxonasi bilan 65 mln. soʻm mablagʻ evaziga yer ostidan suv chiqarish toʻgʻrisida shartnoma tuzilib, 120 metr chuqurlikdan suv qazib chiqarildi. Bu esa, oʻz navbatida, tsex faoliyatining barqarorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Shu oʻrinda, Fond tomonidan Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Oltintepa” mahallasi hududida “Vaqfmed” dorixonasi tashkil etilganini ham aytib oʻtish kerak. Fond tomonidan dorixona ishini rivojlantirish uchun 67 mln. soʻm koʻmak berildi. Oʻtgan davrda dori-darmon yetkazib beruvchi ayrim xoʻjalik yurituvchi subʼektlar buyurtma qilingan mahsulotlarni oʻz vaqtida yetkazib berolmagani sababli dorixona baʼzi kunlarda toʻliq faoliyat koʻrsatmadi. Hozirgi kunda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan, tibbiy dori-darmonlar savdosi bilan shugʻullanuvchi 3 ta ulgurji savdo subʼektlari bilan, shuningdek, tibbiy dori-darmon ishlab chiqaruvchi 1 ta farmatsevtika zavodi bilan dori-darmon yetkazib berish toʻgʻrisida shartnomalar tuzilgan. Dorixona savdo rastasida 250 turdan ziyod dori-darmonlar mavjud. Shu yilning 30 oktyabrь holatiga koʻra, dorixonadan 7 mln. soʻm sof foyda olingan.

Kelajakda “Vaqfmed” dorixonalar tarmogʻini Oʻzbekistonning barcha hududlarida tashkil etish rejalashtirilgan boʻlib, ushbu tarmoqlardagi savdo-sotiqdan tushgan mablagʻ vaqf mulkini tasarruf etish va xayriya ishlariga yoʻnaltiriladi.

Hozirda Fondga ajratilgan yer maydoni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish istagida boʻlgan fuqarolarga 15 mln. soʻmlik shartnoma asosida ijaraga berilgan. U yerda ijarachilar sabzi, kungaboqar oʻsimligi va shunga oʻxshash poliz mahsulotlari yetishtirib, bugungi kunda yigʻim-terim ishlari amalga oshirishmoqda.

Bundan tashqari, mazkur yer maydonida yetishtirilgan 3 tonna kartoshka masjidlar qurilishida ishlayotganlar va kam taʼminlangan oilalarga xayriya qilindi.

Ayni damda yer maydonlarida sarimsoq va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ekish boʻyicha ham ishlar olib borilmoqda.

Yana bir katta xayrli ish, Surxondaryo viloyatida Hakim Termiziy ziyoratgohi yaqinida vaqf mulkchiligini rivojlantirish maqsadida yangi mehmonxonaning ochilish marosimi oʻtkazildi. Yangi mehmonxonada ziyoratchilar uchun barcha qulayliklarga ega shart-sharoitlar yaratilgan boʻlib, zamonaviy uslubda jihozlangan. Mazkur mehmonxona 70 oʻringa ega boʻlib yuqori xizmat koʻrsatuvchi qulayliklarga ega lyuks hamda yarim lyuks xonalarni oʻz ichiga oladi. Mehmonxona hududida 1 ta choyxona va 1 ta restoran mavjud. Bu esa ham dam oluvchilar, ham yoʻlovchilar uchun xohlagan vaqtda kelib tanovul qilish imkoniyatini yaratadi.

Mehmonxonaning yana bir qulayligi Toshkent-Termiz xalqaro magistral yoʻlining yonida ekanligidir. Bu esa Iso Termiziy, Sulton Saodat, Kampirtepa, Fayoztepa hamda Hakim Termiziy ziyoratgoh va tarixiy yodgorliklariga tez fursatda yetib olish imkonini beradi. 

Mehmonxonada musulmon sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida har bir xonaga Qurʼoni karim, joynamoz qoʻyilgan va Qibla koʻrsatgichi oʻrnatilgan.

Mehmonxona faoliyatidan kelib tushgan mablagʻlar vaqf mulklarini tasarruf etish hamda xayriya maqsadlari uchun ishlatiladi.

 

- Koʻpchilikka maʼlumki, Fond tomonidan joriy yil davomida juda katta ishlar amalga oshirildi. Shular haqida toʻxtalsangiz?

- Albatta, oʻtgan qisqa davr, xususan joriy yilda fond tomonidan koʻplab ezgu ishlar amalga oshirildi. Jumladan,

§  2190 nafar kam taʼminlangan, yordamga muhtoj oilalarga 2 milliard 584 million 587 ming soʻmlik moddiy yordam hamda 80 million soʻmlik 40 dona nogironlik aravachalari tarqatildi.

§  Yordamga muhtoj 3 nafar fuqaroning uylari 8,9 mln. soʻmlik Fond mablagʻlari va homiylarni jalb etgan holda qayta taʼmirlandi.

§  “Vaqf” fondi tomonidan joylardagi 700 dan ziyod olis hududda joylashgan va kam daromadli masjidlar imom-xatiblariga oylik maoshlari uchun har oy 370 million soʻm miqdorda mablagʻ ajratilmoqda.

§  Toshkent islom institutida yangi tashkil etilgan “Modul” taʼlim tizimida joylardagi masjidlarda mehnat qilayotgan oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlgan imomlarni oliy taʼlimga jalb qilish boshlandi. Shu munosabat bilan 60 oʻringa moʻljallangan darsxonalar, oʻquv predmetlari, taʼlim dastgohlari, oshxona va yotoqxona uchun 190 million soʻm mablagʻ sarflandi. Bu yerda tahsil olayotgan tushumi past boʻlgan masjidlarda xizmat koʻrsatuvchi 59 nafar imom-xatiblarga 190 mln. 777 ming soʻm miqdorida toʻlov-kontrakt mablagʻi oʻtkazib berildi.

§  Shu yil fevralь oyida Surxondaryo viloyatidagi “Bogʻi Obod”, “Sebzor” va “Ehtirom” mahallalarida istiqomat qilayotgan 8 ming nafar aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Bu ishlarga jami 70 million soʻm sarflandi.

§  Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga Ramazon oyida 157 million soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

§  Ramazon oyida 2 milliard soʻm zakot va xayriya mablagʻlari haqdorlarga yetkazildi.

§  Fond va hududiy filiallar tomonidan “Qurbonlik – 2019” xayriya tadbirlari tashkil etilib, ular doirasida 70 ga yaqin yirik va 260 ga yaqin kichik qoramol qurbonlik qilindi. Yigirma mingga yaqin kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan fuqarolarga qurbonlik goʻshtlari taqsimlab berildi.

§  “Muruvvat karvoni” xayriya tadbirida 200 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan va boquvchisini yoʻqotgan shaxslarga oziq-ovqat mahsulotlari, nogironligi bor shaxslarga nogironlik aravachalari taqdim qilindi. Tadbirlar doirasida jami 190 million soʻm mablagʻ sarflandi.

§  “Hilol-nashr” nashriyotida chop etilgan 93 million soʻmlik 3000 dona Qurʼoni karim kitoblari barcha viloyatlardagi jome masjidlarga hadya qilindi.

§  14 million soʻmlik diniy kitoblar Navoiy viloyatidagi 15 ta masjidga yetkazildi. Toshkent shahridagi “Suzuk ota” masjidi kutubxonasi uchun 3,7 million soʻmlik diniy kitoblar taqdim etildi.

§  Toshkentdagi Xadichai Kubro oʻrta maxsus ayol-qizlar islom bilim yurtining 14 nafar talaba qizlariga 43 mln. soʻm oʻquv shartnoma puli toʻlab berildi.

§  “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurtining 14 nafar ehtiyojmand talabasiga 51,3 mln. soʻmlik oʻquv-shartnoma puli toʻlab berildi.

§  Shuningdek oktyabrь oyida oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalariga 130 mln. soʻm miqdorida toʻlov-kontrakt pullari toʻlab berildi.

§  Buxoro viloyatidagi “Joʻybori Kalon” ayol-qizlar oʻrta maxsus islom bilim yurtiga 30 million soʻmlik 10 dona kompьyuter jamlanmasi berildi.

§  Respublika gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan oq qon (leykoz) kasalligi bilan kasallangan bemorlarning 85 nafariga 137 million soʻm yordam pullari berildi.

§  Eshitish va gapirishda nuqsoni bor fuqarolar uchun barcha viloyatlarda juma maʼruzalarini surdo tarjimalarini namoyish qilish loyihasi boʻyicha 70 million soʻm mablagʻ ajratildi.

§  Navoiy shahrida homiylar yordamida 7 ta nikoh va 35 nafar bolaning sunnat toʻyi oʻtkazib berildi. Yosh oilalarga xayriya tariqasida 3 500 000 soʻmlik elektr-texnika jihozlari, sunnat toʻyi oʻtkazilayotgan bolalarga esa velosiped va kiyim-kechaklar yetkazib berildi.

§  2018 – 2019 yillar davomida ziyoratgohlarni qurilish-taʼmirlash, obodonlashtirish, kommunal toʻlovlarni toʻlash va 750 nafarga yaqin ziyoratgohlarda mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarning ish haqlari va boshqa xarajatlarga jami 19,8 mlrd. soʻm mablagʻ sarflangan.

§  Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro, Jizzax va Namangan viloyatlarining eng olis va chekka hududlarida joylashgan bir necha masjidlarning bunyod etish ishlariga 1 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ miqdoridagi qurilish materiallari yetkazildi.

§  “Vaqf” xayriya jamoat fondi aprelь oyida Respublikaning turli hududlarida kuzatilgan kuchli yogʻingarchiliklar natijasida yuzaga kelgan talofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida aholiga yordam koʻrsatdi. Fond tomonidan talofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida turli tashkilotlarning koʻmagi bilan jabrlanuvchilarga qisqa muddat ichida yangi turar-joylar qurib berildi.

§  16 may kuni Fond tomonidan tayyorlangan qariyb 251 million soʻmlik Ramazon sovgʻalari yurtimizning 14 ta hududlariga yuborildi. Ushbu muruvvat karvoni oʻn toʻrt hududiy birliklar tomon yoʻlga chiqib, unda bir yarim ming muhtoj oilalar uchun moʻljallangan oziq-ovqat mahsulotlari va 3000 dona Qurʼoni karim joy oldi.

Shuningdek, 2018-2019-oʻquv yilida “Vaqf” fondi tomonidan amalga oshirilayotgan muhim tadbirlardan biri Respublikadagi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj talaba yoshlarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida, 145 nafar talabaga 1,2 mlrd. soʻm miqdorida toʻlov-shartnoma pullari toʻlab berilganini alohida qayd etish kerak.

 

– Shu oʻrinda koʻpchilikni qiziqtirgan yana bir savol – fondga kelib tushgan zakot mablagʻlari shariatda belgilangan haqdorlarga yetkazilyaptimi?

– “Vaqf” fondi Ramazon oyida 1,8 mlrd. soʻmlik zakot va xayriya mablagʻlarini haqdorlarga yetkazdi. Shundan, zakot mablagʻlari hisobidan 263 nafar muhtoj insonlarga 405 million 730 ming soʻm ulashildi. Xayriya mablagʻlari hisobidan 173 million soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari kam taʼminlangan va nogironligi boʻlgan shaxslarga tarqatildi.

Diniy taʼlim muassasalari talabalarining toʻlov-shartnomalari, masjid, madrasa va ziyoratgohlar, ruhiy kasalliklar shifoxonasi uchun 440 million soʻm atrofidagi mablagʻlar sarflandi.

Fondning 14 ta hududiy filiallari tomonidan Ramazon oyi davomida qariyb 700 million soʻmlik zakot va xayriyalar 6 mingga yaqin haqdor insonga yetkazildi.

– Ijtimoiy tarmoqlardagi Fond faoliyati borasidagi turli gap-soʻzlarga munosabatingiz qanday?

– Ish bor joyda kamchilik, xato boʻlishi tabiiy. Maʼlumki, qayta tashkil etilgan vaqf mulkchiligi yurtimiz uchun mutlaqo yangi tizim. Bu boradagi ishlarimizni tizimli va tartibli tashkil etish boʻyicha doimiy izlanish va harakatdamiz. Albatta, kamchiliklar sekin-asta iziga tushib ketadi. Muhimi, bu jarayonda hammamiz bir tanu bir jon boʻlib, bir-birimizni qoʻllab-quvvatlashimiz kerak.

Afsuski, soʻnggi paytlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda “Vaqf” fondi tomonidan roʻyobga chiqarilayotgan xayrli ishlar qolib, asossiz xabarlar, pashshadan fil yasash qabilidagi iddaolar keng tarqalmoqda.

Masalan, masjidlar tomonidan aholi bergan xayr-ehson pullari “Vaqf” fondiga toʻlaligicha oʻtkazilib, masjid xarajatlariga, bu yerdagi hovli supuruvchi-yu qorovullarga xizmat haqi berilmayotgan ekan, degan asossiz gaplar ham tarqalgan edi. Vaholanki, barcha xodimlarning ish haqlari toʻlanmoqda. Masjidlarning boshqa xarajatlari uchun ajratilayotgan mablagʻlar ham xuddi shu yoʻsinda – ochiq-oshkora yoʻnaltirilayotir.

Ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Adliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy bank, Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi va Oʻzbekiston musulmonlari idorasining “Masjidlar, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarga tushadigan zakot, fitr va boshqa xayriya mablagʻlarni “Vaqf” xayriya jamoat fondiga toʻliq oʻtkazilishini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarorlari qabul qilingan.

Ushbu qaror asosida tuzilgan ishchi guruhi masjidlardagi muhrlangan xayr-ehson qutilarini haftaning har juma kuni dalolatnoma tuzgan holda ochadi va toʻplangan mablagʻlarni sanoqdan oʻtkazib, inkassatsiya xaltalari (qoplari)ga solinishini taʼminlaydi.

Masjidning imom-xatibi pul solingan maxsus qoplarni inkassatsiya xizmati xodimlariga topshiradi. Tijorat banklari mablagʻni qabul qilib olgach, keyingi bank ish kunidan kechiktirmagan holda naqd pulsiz shaklda (pul oʻtkazish yoʻli bilan) “Vaqf” xayriya jamoat fondining “Masjidlar” yoki “Ziyoratgohlar” hisob raqamlariga oʻtkazib beradi.

Masjidlardan tushayotgan tushumlardan xodimlarga maosh, mukofot yoki moddiy yordam hamda boshqa xarajatlar (deylik, kommunal toʻlovlar) uchun imom-xatib tomonidan har oy talabnoma asosida chiqilsa, Fond tomonidan hech bir eʼtirozsiz, tegishli hujjatlar asosida, qonun doirasida ehtiyoji qondiriladi. Dunyoga jar solayotganlar masalaning bu jihatlari xususida negadir ogʻiz ochmaydi yoki bilib bilmaslikka oladi.

Oʻzingiz oʻylab koʻring, masjidga aholidan kelayotgan mablagʻlar xayr-ehson sifatida beriladi. Bu esa, oʻz navbatida, masjidlarning ehtiyoji uchun, yordamga muhtoj hamyurtlarimiz uchun yoʻnaltirilmoqda. Bir qismi esa oʻzini oʻzi qoplay olmayotgan masjidlar xodimlariga oylik maosh sifatida ajratilmoqda. Bunday toifadagi masjidlar esa mamlakat boʻylab 700 dan ortiq. Yurtimizning chekka tuman va qishloqlarida faoliyat koʻrsatayotgan, daromadi yoʻq masjidlarda ishlayotgan ahli ilm imom-xatiblarni ham oʻylash kerakmi axir?

Masjiddan tushayotgan tushumlar Fondga oʻtkazilayotgan boʻlsa, yuqorida aytganimizdek, buning ortidan qanchadan-qancha nochor oilalarning qozoni qaynamoqda. Ayni paytda, olis hududlarda faoliyat koʻrsatayotgan noib-imomlarni ham oylik maosh bilan taʼminlash masalasi koʻrib chiqilmoqda.

 

– Qadamjo va ziyoratgohlar tushumlari jamlanishi qanday va sarflanishi haqida ham toʻxtalsangiz?

– Shu yil 30 oktyabrь holatiga koʻra, Fondning “Ziyoratgohlar” hisob raqamiga jami 25 mlrd. soʻm mablagʻ kelib tushgan. 2019 yilda “Ziyoratgohlar” hisob raqamidan filial va ziyoratgohlarning sarf-xarajatlari uchun 18,3 mlrd. soʻm mablagʻ sarflangan. Ushbu mablagʻlar asosan ziyoratgohlarni taʼmirlash, obodonlashtirish, kommunal toʻlovlarni toʻlash va 750 nafarga yaqin ziyoratgohlarda mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarning ish haqlari va boshqa xarajatlarga ishlatilgan.

Umuman, fond faoliyati shariat belgilab bergan talablar asosida olib borilayotganini koʻpchilik koʻrib, bilib turibdi. Biroq bu holat birovlarning nogʻorasiga oʻynayotgan ayrim kimsalarga yoqmayotganligi ajablanarli hol.

Fond faoliyati shaffof boʻlib, mablagʻlar aylanishi va sarf-harajatlarini www.vaqf.uz linki orqali onlayn kuzatish mumkin .

Takror taʼkidlaymanki, faoliyatimizda hali kamchiliklar koʻp. Iqtisodiy sohada darhol ijobiy natijalarga erishish qiyin ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Ayniqsa, bir vaqtning oʻzida qator yirik loyihalarni amalga oshirayotganimiz ham vaqf mulkini koʻpaytirish yoʻlidagi ishlarimizda samaradorlikni toʻlaqonli koʻrsata olmayotganimizning sabablaridan biridir. Shunday ekan, yurtdoshlarimizning Fondni rivojlantirish borasida beradigan har bir taklif va mulohazalarini samimiy qabul qilishimizni aytib oʻtmoqchiman.

Kezi kelganda hozir “2019-2022 yillarda “Vaqf” xayriya jamoat fondini rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” loyihasi tayyorlanayotganini maʼlum qilaman. Mazkur hujjat loyihasi Fond saytida jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi. Umid qilamizki, yurtdoshlarimiz “yoʻl xaritasi”ni takomillashtirish boʻyicha oʻz takliflarini beradilar.

Ishonamizki, sofdil, koʻzi va qalbi ochiq moʻmin-musulmonlarimiz ijtimoiy tarmoqlardagi chalgʻituvchi xabarlarga eʼtibor bermaydilar. Va shu oʻrinda alohida qayd etamizki, bundan buyon ijtimoiy tarmoqlardagi noxolis, koʻr-koʻrona igʻvoga toʻla chiqishlarga raddiya berib ovora ham boʻlmaymiz. Balki, Fond faoliyatiga doir maʼlumotlarni yil mobaynida uchrashuv va tadbirlarda batafsil yoritib, yurtimiz musulmonlari eʼtiboriga havola etib boramiz. Zero, Fondga tushayotgan mablagʻning asosiy qismi yurtdoshlarimizdan kelayotgan ekan, hisobotni ham vatandoshlarimizga beramiz.

Sadriddin Salim Buxoriyga tegishli quyidagi satrlarini yod olaylik:

Illat izlaganga – illatdir dunyo,

Gʻurbat izlaganga – gʻurbatdir dunyo.

Kim neni izlasa, topgay begumon,

Hikmat izlaganga – hikmatdir dunyo,

 

– Samimiy suhbat uchun tashakkur!

 

“Islom nuri” gazetasi muhbiri suhbatlashdi.

31 Oktyabr, 2019 yil | 2623