YAXSHILIKNING 7 SIRI

      Alloh taolo “Nahl” surasining 30-oyatida shunday marhamat qiladi: “Va taqvo qilganlarga: “Robbingiz nimani nozil qildi?”, deyildi. Ular “Yaxshilikni” dedilar. Chiroyli amallar qilganlar uchun bu dunyoda chiroyli (mukofot) bordir”. Alloh tomonidan nozil qilingan bu yaxshiliklar haqida fikr qilish va odamlarga ezgu amallar bilan madad berish biz barchamizning burchimiz bo’lib hisoblanadi. Eslatma bo’lsin deya himmat, atrofdagilarga mehr-oqibatli bo’lish to’g’risida qilgan ushbu mehnatimizni Robbimiz xayrli va barchamiz uchun nafli qilsin! Fikri ojizimcha, yaxshilik qilishda ham ma’lum me’zonlar borki, ular yaxshi amalni samaraliroq va savobni ziyodaroq bo’lishiga sabab bo’ladi. Ulardan ba’zilarini sanab o’tishni va sizlarni ushbu amallarga e’tiborli bo’lishga chorlasni lozim deb bildim:

  1. Hammaga yaxshilik tilang. Siz biror kishiga bir ezgulik tilasangiz farishtalar senga ham shu yaxshilikning adadicha bo’lsin, deydilar. Shunday ekan, nafaqat amalda, balki duoda ham mo’min uchun bu hayotda ham va oxirat uchun ham foydali yo’l – bu o’zingizga ravo ko’rgan shodlikni o’zgalarga ham birdek ravo ko’rish hamda barchaga baxt tilash ekanligini unutmaylik!
  2. Minnat qilmang. Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qo’li ochiqlikning ofati minnatdir”, deganlar. Batahqiq, minnat inson uchun ofatdir. Inson minnat yuklashi mumkin bo’lgan yagona zot – bu o’sha insonning o’zidir. Ya’ni kishi Alloh unga ne’mat berib, uni sarflashga muvaffaq qilganini o’ziga eslatishi va shukur qilmog’i, chin mo’minlik va oliyjanoblik darajotiga yetish yo’lida ter to’kmog’i darkor.  
  3. Molingizdan nafaqa va xayr-ehsonlar berishga shoshiling. Alloh Taolo bu xususida bir necha Qur’on oyatlarida marhamat qiladi. Ulardan birini keltiramiz: “Agar Allohga yaxshi qarz bersangiz, U sizga ko’paytirib berur va sizni kechirur. Alloh shakur va haliymdir (Tag’obun surasi, 17-oyat)”. Alloh Taoloning va’dasi chindir. Eslatma bo’lsinki, umr davomida yig’ib, asrab kelgan moddiyatimiz qolib, ezgu amallar yo’lida ehson qilganlarimiz bizga hamroh boradi. Buni chuqur anglagan holda, musobaqa qilsak, ezgulik uchun, Robbimizning roziligi uchungina musobaqa qilaylik va xayrli amallar qilishga shoshilaylik. Zero, Allohning huzurida saxovatli qalb egalari uchun ulkan ajrlar bor: “…Va shu narsa uchun musobaqa qiluvchilar musobaqa qilsinlar” (Mutoffifun surasi, 26-oyat).   
  4. Yaxshiligingizni kichik sanamang. Zero, qilgan amalingizning ajri Allohgagina ayon. Zotan, Robbimiz qilgan har bir ezguligimiz uchun o’ntadan yetti yuztagacha yoki yanada ziyoda qilib savob yozilishini va’da qilgan emasmi?! Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan: “Bas, kim zarra og’irligida yaxshilik qilsa ham ko’radir” (“Zalzala” surasi, 7-oyat). Rosululloh aytganlaridek, bir xurmoning yarmi bilan bo’lsa ham do’zax o’tidan saqlaning.
  5. Yaxshilik qilishni ahli oilangiz va muhtojlardan boshlang. Ibn Abbos roziyallohu anhudan Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Sizlarning yaxshilaringiz ahli oilasiga yaxshilik qiluvchilaringizdir va men sizlarning ichingizda ahliga ko’proq yaxshilik qiluvchingizman”. Islomda ulug’langan, jamiyatning asosi bo’lgan oila biz mo’minlar uchun muqaddas dargoh, oila a’zolarimiz esa insoniylik jihatdan qadrlashimiz va ezgulik qilishimiz uchun eng haqli bo’lganlardir. Undan so’ng esa muhtojlarga himmat qilish joizdir. Buning boisi shuki, muhtoj paytda berilgan kichik yaxshilik, muhtoj bo’lmagan insonga qilingan katta yaxshilikdan ustunroqdir.
  6. Ezgulikni maxfiy tutmoq oshkoralikdan afzalroqdir! Termiziydan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Maxfiy qilingan ish oshkor qilingan ishdan afzal. Agar oshkora qilingan ish unga ergashishlari uchun qilingan bo’lsa, u afzaldir”, deganlar. Demakki, har qanday yaxshilikka kirishishdan avval bu amaldan maqsadni va uni qay tarzda amalga oshirishni aniqlashtiring. Agar bu amaldan murod insonlarni ezgulikka boshlash va yomonlikdan qaytarish bo’lsa, unga shahd bilan kirishing. Odamlar bilishlari uchun qilingan ish riyodan boshqa narsa emas. Unday insonlarning o’ziga ham, o’zgaga ham foydasi tegmaydi.
  7. Har qanday ezgu amalda maqsadingiz avvalo Alloh rizosi bo’lsin. Dunyoning barcha matohi shunchaki sinov uchun berilganini, biz erishgan va erishadigan barcha moddiyat va ma’naviy boyliklar ar-Razzoq bo’lgan Allohdan ekanini ummat ahli doimo ongida saqlamog’i lozim va lobuddir. Shunday ekan, nima uchun biz bunga shukurni ado etib, har ezgu amalda Uning roziligini istamasligimiz kerak?! Alloh Taolo taqvodor insonni O’z oyatida quyidagicha tavsiflagan: “U barcha yaxshiliklarni oliy maqom Robbining roziligini so’rab qiladir” (“Layl” surasi, 20-oyat).

    Xulosa so’zi sifatida shuni qayd etish lozimki, inson saxovati o’zi uchun ham atrofdagilar uchun ham samara, naf keltiradi.  Siz ham hozirdanoq ezguliklar qilishga yanada shahd qiling va odamlarga sizdan ko’pdan ko’p yaxshilik yetsin. Boisi odamlarning eng yaxshisi, odamlarga nafi ko’prog’idir!

Xabibullo O’rinboyev, Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti talabasi  

21 Апрель, 2021 йил | 1673