Xorazmda 35 nafar yetim bolaning xatna to‘yi o‘tkazildi
"Vaqf" xayriya jamoat fondining Xorazm viloyati filiali tomonidan kam ta'minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalarda voyaga yetayotgan 35 nafar yetim bolaning xatna to‘yi ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Ezgulik, mehr-oqibat va saxovat tamoyillari asosida o‘tkazilgan ushbu tadbir bolajonlar va ularning oila a'zolari uchun unutilmas bayramga aylandi.
Tadbirda "Vaqf" xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari o‘rinbosari Oybek domla Xushvaqov, fondning media xodimlari, mahalliy mutasaddilar, nuroniylar, homiylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Bayram dasturi bolalarga quvonch ulashish maqsadida turli madaniy-ko‘ngilochar chiqishlar bilan boyitildi. Taniqli san'atkorlarning kuy-qo‘shiqlari, bolalar uchun maxsus tayyorlangan shou dasturlar va qiziqarli o‘yinlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Tadbir yakunida barcha bolalarga qimmatbaho sovg‘alar topshirilib, ularning yuzidagi quvonch va samimiy tabassum bayramga yanada fayz bag‘ishladi.
Tadbir davomida "Vaqf" xayriya jamoat fondining Xorazm viloyati filiali tomonidan amalga oshirilayotgan xayriya ishlari alohida e'tirof etildi. Ayniqsa, filial faoliyatini samarali tashkil etib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash borasida fidoyilik bilan mehnat qilib kelayotgan filial rahbari Alijon domla Matyaqubovning xizmatlari munosib baholandi. Shu munosabat bilan "Vaqf" xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari o‘rinbosari Oybek domla Xushvaqov tomonidan Alijon domlaga tashakkurnoma topshirilib, kelgusidagi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tilandi.
Bayram yakunida ushbu ezgu tadbirning tashkil etilishiga o‘z hissasini qo‘shgan barcha homiylar, saxovatpesha insonlar, mutasaddi tashkilotlar hamda fidokor xodimlarning xizmatlari e'tirof etildi. Ularning barchasi haqqiga duoyi xayrlar qilinib, amalga oshirilayotgan xayrli ishlar bardavom bo‘lishi, yurtimizda mehr-muruvvat va saxovat an'analari yanada rivoj topishi tilab duo qilindi.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi bundan buyon ham jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, yetim va boquvchisini yo‘qotgan bolalar hamda ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berish yo‘lidagi ezgu faoliyatini izchil davom ettiradi.