Hademay ahillik va hamjihatlikni ulug‘lovchi ramazon oyi kirib kelib, kam taʻminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar yanada kuchaytiriladi.
Ushbu fazilli va barokatli oyda moddiy-maʻnaviy yordamlar ko‘lamini yanada ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi ko‘p yillardan buyon Saudiya podshohligi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Bu hamkorlik natijasida Saudiya tomoni, xususan Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazi aynan ramazon oyida O‘zbekistonga ehtiyojmand aholi qatlami uchun hurmo mevasi va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, Qurʻon kitoblari hadya qilib kelmoqda.

Bu anʻana bu yil ham davom etdi. Ramazon oyi munosabati bilan yaqinda ushbu markaz O‘zbekistonda istiqomat qilib kelayotgan ehtiyojmand oilalar uchun yana 6150 dona oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat qutilar va un mahsulotini xayriya qilib, fond tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar salmog‘ini yanada oshirdi. Joriy yilning 2 fevral kuni ushbu xayriya mahsulotlari qabul qilib olinib, ularni o‘z egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Saudiya Arabistonining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Saʻd ibn Nosir Abu Haymad, Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazining O‘zbekistondagi koordinatori Nosir as-Subayʻiy, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari vazifasini bajaruvchi Jahongir Salamov, keng jamoatchilik vakillari hamda Toshkent shahar Shayxontohur tumani Suzukota mahallasida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalar ishtirok etdi.
Tadbir davomida Saudiya tomoni xayriya ishida qatnashayotganidan mamnun ekanligini bildirib, oziq-ovqat mahsulotlarning haqiqiy haqdorlarga yetkazib berilishida ko‘mak berayotgan barcha tashkilotchilarga o‘z minnatdorligini bildirdi. Shundan so‘ng xayriya mahsulotlari o‘z egalariga topshirildi.
Taʻkidlash kerakki, xayriya qilingan mahsulotlar respublika bo‘ylab taqsimlanib, tez kunlarda Ijtimoiy himoya milliy agentligining joylardagi boshqarmalari va fond filiallari orqali ehtiyojmand, kam taʻminlangan oilalarga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor xonadonlarga tarqatiladi.