YAXSHILIK QIL!

Behro’z Sharapov Toshkent shahridagi
Webster Universiteti 1-boshqich talabasi

Inson tug’ilib bu yorug’ olamda yashar ekan, atrofdagilar bilan muloqotga, munosabatga kirishadi. U o’zi uchun hamma narsasi muhayyo bo’lgan taqdirda ham, kimgadir, nimagadir muhtojlik hissini sezadi. Shu sababli insonlarning bir-birlariga hojati tushadi. Kimlarningdir ma’naviy ko’magiga, kimlarningdir moddiy-iqtodiy ko’magiga muhtoj bo’ladi. Shunday lahzalarda insonning qadr-qimmati, kimligi va qandayligi namoyon bo’ladi. Yaxshilik va yomonlikning ma’nolarini chuqurroq anglash uchun Hadisi-sharifga murojaat qilamiz. Vosila ibn Ma’bad Roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisi sharif bunga yordam beradi: “Payg'ambarimiz Muhammad(s.a.v.) huzurlariga u zotdan yaxshilik nima ekanligini so’rab bordim. Shunda u zot: “Yaxshilik haqida so’ragani keldingmi?” dedilar. “Ha” dedim. U zot esa “Yaxshilik ko’ngling to’lgan, qalbing rozi bo’lgan narsadir, yomonlik esa ko’nglingda to’qilgan, ko’ksingda taraddudlangan narsadir. Agar odamlar senga fatvo bersalar ham” deb xitob qildilar. Bolaligimni ko’z oldimga keltiraman. Oilada beshta farzand edik. Ammo biz yosh bo’lganimiz uchun oilada faqatgina dadam ishlar edi. Ularning maoshlari katta ro’zg’or uchun urvoq ham bo’lmas edi. Shuning uchun har kuni ham tansiq taom pishirilavermas edi. Ammor biror mazaliroq ta’om pishirilgan kuni onam albatta qaysidir qo’shniga ilinardi. Albatta, bu ishni biz farzandlar bajarar edik. Men oilada kenja farzand bo’lganim uchun, avvallari bu ishni opalarim va akam bajargan. Kunlardan bir kuni menga ko’chamizning chekkarog’idagi qo’shnimizga taom eltib
berishimni aytdilar. Qanaqadir mashg’ulot bilan shug’ullanib o’tirganim uchun bu ish menga malol keldi. Buning ustiga, ovqatga qarab, allaqachon tushlik vaqti bo’lganini va qornim ochganini his qilib, sabrsizlandim. Ammo onamning so’zlarini yerda qoldirmay bajardim. Qo’limdagi idishni yoshi ulug’ onaxonga uzatar ekanman, uning ko’zlaridagi qandaydir tuyg’uni ko’rdim. U qo'llari qaltirab idishni olar ekan, tinmay meni duo qilar edi. Bola qalbim shunday faxr xursandchilikni his qildiki, buni hozir ham ifodalab bera olmayman. Buyuk ish qilgandek his qildim o'zimni. Shu lahzada
yana nimadir qilib, kimgadir yaxshilik qilishni xohlar edim. 

Yillar o'tib, nima uchun onam bu ishni biz bolalarga bajartirganligini anglab yetdim. Murg'ak bola qalbimizga onam yaxshilik urug'larini ekkan ekanlar. Yaxshilik orqasidan yetadigan tuyg'uni his qilishimizni istagan ekanlar. Yaxshilik shunday amal ekanki inson uni qilsa, qalbiga xursandchilik kirar ekan. O'zi qilgan ishidan mamnun bo'lar ekan. Aksariyat holatlarda, ko'pchilik insonlar oilaviy muhit tarbiyasi, hayotiy tajribasi, yonidagilardan eshitgan va ko'rgan, yoki o'qiganlaridan kelib chiqib, qilayotgan ishlari va bajarayotgan amallarini to'g'ri deb baholaydi. Qur'oni Karimda keltirilishicha, yaxshilik nafaqa qilinar ekan. Nafaqa qilgan yaxshiligingizdan ota-onalarga, yaqin kishilarga, yetimlarga, miskinlarga, va
vatangadolarga bo'lsin deyilgan. Bir kishi Payg'ambarimiz Muhammad(s.a.v.) huzurlariga kelib, eng avval kimga yaxshilik qilish kerakligini so'raganlarida, ul zot uch marotaba onangga deb takrorlagan ekanlar. So'ngra otangga va yaqin qarindoshlaringga degan ekanlar. Darhaqiqat, onalarimiz biz uchun dunyoda eng a'lo narsalarni ilinuvchi, cheksiz mehr manbayi ekan. Farzandi uchun joni, umrini baxshida etuvchi, orzu-umidlari, manfa'atlaridan voz kechuvchi mo'tabar zot ekan. Men buni umr pillapoyalaridan asta-sekin ko'tarilib, katta hayotga kirib borar
ekanman, anglab yeta boshladim. Hali aytganimdek, biz oilada beshta farzandmiz. Katta akam bolaligidan nogiron. Kiyinishda, ovqatlanishda, o'tirib-turishda albatta kimningdir yordamiga muhtoj. O'sha kimdir albatta ONAM. Onam to'y-hashamlarga, ziyofatlarga ko'p boravermasdi. Hattoki yaqin qarindoshlarimizning to'y-marakalariga dadam bilan bizni yuborar edi. O'zlari akam bilan uyda qolar edilar. Onam barcha farzandlarini birdek yaxshi ko'radilar, ammo, akamga mehri bo'lakcha. Bizni ham akamga mehribon qilib o'stirdilar. Bizga biror o'yinchoq, kiyim olib kelsalar, buni akang olib keldi sizlarga yoki akang aytgani uchun olib keldim deb aytardilar. Bu bilan bizlarni akamga nisbatan yanada mehrliroq bo'lishimizni istaganlar. Afsuski, akamga o'xshagan bemorlar ko'p yashamas ekan. Bu albatta shifokorlarning fikri. Umrni belgilovchi, avvalo, Ollohdir. Akamni davolagan shifokori ko'p bilan 10-15 yil yashasa kerak degan ekan. Oradan undanda ko'proq vaqt o'tib, o'sha shifokor bizning tumanga yo'li tushganda, o'sha bolaning kasallik varaqasini olib kelinglar, oxirgi vaqtlarda qanday kasalliklarni boshidan o'tkazdi deb so'raganida hamshiralar nimaga oxirgi kunlari u bola hali ham hayot deb aytgan so'zlariga ishonmay, uyga kelib, guvohi bo'lgan ekan. U kishi hayotda bunday voqealar kamdan-kam holatlarda uchrashini, bu ham Ollohning mo'jizasi ekanligini aytibdilar. Bu cheksiz mehr-muhabbat, parvarish, e'tibor natijasi ekanligini tan olib, onamga katta minnatdorchilik bildirgan ekan. Bugungi kunda oilaviy tinch, farovon, baxtli va osuda hayot kechirishimizga, yutuqlarga erishib, bilim cho'qqilarini egallashimga faqat bitta narsa, onam qilgan yaxshilik va saxovatlarga Ollohning mukofoti deb bilaman. Shu tobda bir narsanim o'yladimki, mehr-muhabbat, e'tibor, va yaxshilik insonni ruhan tarbiyalab, yashashga bo'lgan umidini uyg'otar ekan. Zero dunyoda shunday mehribon, oqko'ngil, jonkuyar onalar bor ekan, yer yuzida qobil, komil, vatanparvar va fidokor farzandlar ulg'ayaveradi. Shu sababli yaratgan O'zbekistonimizni yomon ko'zlardan va balolardan asrab kelayotgan bo'lsa ne ajab.

YAXSHILIK QIL!
15 Апрель, 2021 йил | 1254