Yaxshilik qiling va bu sizning qo’lingizdan keladi!

Inson uchun yaxshilik qilish eng ezgu amallardan biridir. Bunday ishlarni hamma ham qilavermaydi. “Yaxshidan bog’ qolar, yomondan dog’ qolar” deganlaridek , yaxshi insonlardan faqat va faqat yaxshi nom qoladi.Bugun jamiyatga nazar tashlaydigan bo’lsak, bir ajib voqelikka guvoh bo’lishimiz mumkin.

Hech e’tibor berganmisiz?! Insonlar hayvonga “mehr” ulashadi, ularga o’zi yemagan mahsulotlarni olib kelib berishadi. Lekin qayerdadir, balki yonginasida inson bolasi ochlikdan aziyat chekmoqda. Buni bilamiz-u bilmaganlikka olamiz, ko’ramiz-u ko’rmaganlikka olamiz, ammo “Olapar” uchun go’sht sotib olamiz.

Menimcha yaxshilik qilish juda ham oson, shunchaki xohish bo’lsa bas! Keling, sizga amalda qo’llab ko’rgan takliflarimdan birini bersam. Men bu g’oyani sinfdosh do’stlarim bilan amalga oshirganman va biz davom etmoqdamiz…Bu ishni siz shunchaki yaxshilik qilish maqsadida insonlarga yordam berish uchun boshlasangiz kifoya u yog’i o’zi davom etaveradi. Siz bu ishni ishxonangizda hamkasblaringiz bilan yoki sinfdosh do’stlaringiz yoki kursdoshlaringiz yoxud yaqin qarindoshlaringiz, boringki mahalladoshlaringiz bilan ham qilsangiz bo’ladi.

Bu ishni qanday amalga oshirish mumkin?! Birgalikda ko’rib chiqamiz. Siz to’plagan jamoangizda aytaylik 15 kishi bor u hamkasblaringizmi, sinfdoshlaringizmi  farqi yo’q. Siz ular bilan jamg’arma tashkil qilib, har oy 30.000 so’mdan jamg’arib borsangiz, 1 oyda 450.000 so’m yig’iladi, bu 1 yilda 5.400.000 so’mni tashkil etadi. Siz 1 kunga bor yo’g’i 1000 so’m sarflagan holda insonlar uchun olam-olam quvonch ulashishingiz va ushbu quvonchdan o’zingiz ham bahra olishingiz mumkin. Naqadar ajoyib! Endi bu pullarni qayerga va qanday sarflashni bir nechta misollar orqali ko’rib chiqamiz:

  1. 10 ta iqtisodiy ahvoli og’ir bo’lgan oilaning 1 nafar farzandiga har biriga 540.000 so’mdan sarflagan holda qishki kiyim-bosh olib berishingiz mumkin.
  2. 10 ta iqtisodiy ahvoli og’ir bo’lgan oilalarning har biriga 540.000 so’mlik oziq- ovqat mahsulotlarini olib berishingiz mumkin.
  3. 400.000 so’mga o’rtacha 200 ta kitob sotib olsa bo’ladi siz 10 tadan 20 turdagi kitoblarni xarid qilib, 10 ta maktabga sovg’a qilishingiz mumkin.

Bular ayni damda mening xayolimga kelgani xolos. Siz to’plangan mablag’ni boshqa yaxshi ishlarga sarflashingiz ham mumkin. Aytaylik, bemor bolajonlar uchun yoki mehribonlik uylariga…

Azizlar, yaxshilik qiling va bu sizning qo’lingizdan keladi!

Dilmurod Mirzo

20 Апрель, 2021 йил | 5977