Yaxshilik – qalb gavhari

 “Alloh iymon keltirib,yaxshi ishlarni qilganlarga mag’firat va ulug’ mukofotlarni va’da qiladi”

                                                                                                                               (Moida surasi 9-oyat)

       Insoniyat - bu sirli va tushunib bo’lmas bir xilqatki, yig’lab kelib, barchani quvontiradi. Bu yorug’ olamni tark etganada esa barchani zorlatib, sas-sadosiz ketadi. Hayotining yaxshi-yomon kunini yashab yaratganning huzuriga tabassum bilan yo’l oladi.

     “Mo’min kishining eng muhim vazifasi o’zini yaratgan va hidoyatga boshlagan Alloh taologa imon keltirishdir. Imondan keyingi eng muhim vazifasi esa, odamlarga foyda keltirish, ularga yaxshilik qilishdir. Insonning Alloh rizoligini topish yo’lidagi barcha solih amallari ibodat bo’ladi” (Zohid nur).

    Diniy nuqtai nazardan yaxshilik ilohiy inoyat, yomonlik esa shaytoniy va hayvoniy xislatlarning ifodasi tarzida talqin qilinadi, yaxshilik ham, yomonlik ham insonning hayot so’qmoqlarida qanchalar to’g’ri, adashmasdan qilgan safarining maxsulidir.

   Qur’onda yaxshilik qilish insoniyat uchun burch ekani, Alloh o’z bandalariga o’z ne’matlari bilan ehson qilganidek, inson ham bunga munosib ravishda yashashi, o’zi singari insonlarga yaxshilik qilishi lozimligi ta’kidlanadi. Bundan tashqari Qur’onda: “Agar chiroyli amallar qilsangizlar – o’zlaringizga yaxshilik qilgan bo’lursizlar. Agar yomon, gunoh amallar qilsangizlar ham o’zlaringiz uchundir” – deyiladi. (17-sura, 7-oyat). Hozirgi kunda insonlarning yaxshilik qilishi o’z manfaatlari yo’lida to’g’ri yoki noto’g’ri amallar bilan belgilanib qolgan. Shu o’rinda adabiyot darg’asi Abayning “Inson yomon bo’lsa, barcha ayb uning zamondoshlarida” – kabi so’zlari yodimga tushdi. Bu o’tkinchi hayotdan faqat yaxshilik, yaxshi nom qoladi. Siz va bizning umrimizni o’lchash uchun oltindan taroz-u, olmosdan tosh, oz bo’lgan daqiqalarni boylik, mansab va shu kabi aslida qimmatli ko’ringan qiymatsiz narsalar uchun havoga sovurayotganimizni anglashimiz kerak. Yaxshilikni yoshidan, jinsidan qat’i nazar barcha inson qilishi mumkin. Uysiz qolgan hayvonning qornini to’yg’azib, quriyotgan daraxtga suv quyish, qariyaga yo’lni kesib o’tishda yordamlashish kabi holatlarning barchasi kichik ko’ringan biroq katta yaxshiliklarga yetaklovchi dastlabki qadamdir. Qilgan kichik yaxshiligingiz albatta kimningdir hayotidagi katta rolni o’ynashi, hatto hayotini tubdan o’zgartirib yuborishi mumkin. Yaxshilik qilish qiyin emas, uni hayot davomida ruhingizda saqlab qolish mushkul. Yaxshilikni bog’ga qiyoslash mumkin. Bog’ingizni hamisha mehr suvi bilan sug’oring, shunda bog’ingiz ravza-yu rizvonga aylanadi.  Atrofdagi insonlar ham sizga havas bilan o’z bog’larini yaratadi va siz kabi unda eng anvoyi, muattar gullarni parvarish qiladi. O’z qalbingizda yaxshilik qilsangiz, uning ko’zgularini o’zgalarda ko’rasiz!

Farangiz Xujaqulova O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi                                                                  

21 Апрель, 2021 йил | 1283