YAXSHILIK MAKTUBI

       Assalomu alaykum, mening qadrdon birodarim! Qara, yillar naqadar tez yugurmoqda, kunlar va haftalarning almashayotganini esa ba’zan sezmay qolasan kishi. O’zing salomatmisan, oilangda tinchlikmi? Bugun ushbu maktubni yozishga jazm etdim, uni albatta o’qigin, bu yozganlarim ayni sen uchun! Umid qilamanki, bu maktub seni qaysidir ma’noda o’zgarishingga sabab bo’ladi.

       Aziz birodarim, yaxshilik qil! Sening ko’zlaringda quvonch, qalbingda esa  halovat bo’lishini istayman. Uzoq yillar davomida ko’ngling oynasiga o’rnashib olgan g’uborlardan ozor chekasan, ba’zida xotiralar ayovsiz ravishda seni savalaydilar, seni qiynalishingni xohlamayman,qadrdonim! Alloh subhanahu va taolo o’zining nozil qilgan Kitobida  marhamat qiladi: “Albatta, iymon keltirganlar va solih amallarni qilganlar, ana o’shalar, xaloyiqning eng yaxshisidir” (Bayyina surasi, 7-oyat).  Yana Kahf surasining 107-108-oyatlarida ham Alloh taolo  deydi: “ Albatta, iymon keltirgan va yaxshi amallarni qilganlarga Firdavs jannati manzil bo’lgandir. Unda abadiy qolurlar va undan ko’chishni istamaslar”

E’tibor bergan bo’lsang, Robbimiz yaxshi amaldan avval iymonni zikr qilmoqda. Shubhasiz, yaxshilik qilgan kishi yaxshilikka yetishadi, ammo oxirat diyorida ham yaxshilikka erishish uchun iymon kerak. Qilgan yaxshiliklaring qabul bo’lishi, ya’ni Qiyomat kunida foyda berishini istasang, iymon keltir! Imom Abu Hanifa rohmatullohi alayh “Fiqhul-akbar” kitobida quyidagilarni yozadi: “Alloh taolo birdir, lekin son jihatidan emas, balki uning hech qanday sherigi yo’qligi jihatidandir”. Hozirgi kunda fitnachilar ko’paydi, ular mening va sening e’tiqodimizdagi bo’shliqlarni o’zlarining puch yong’oqlari bilan to’ldirmoqchi, shuning uchun ham ilm ol, ustozlardan zaruriy diniy  ilmni o’rgan.  Og’zingga kelgan gapni gapiraverma, aql tarozisida tortib ko’r, zero zararingga bo’lib qolmasin! Shahodat kalimasini ma’nolarini anglagan holda tez-tez takrorlab tur, Robbimiz bizlarga iymonli holda vafot etishlikni nasib etsin! Iymoningni saqla, chunki u shunday ne’matki, iymon kimda bo’lsa, unda hamma narsa bor, kimda iymon yo’q bo’lsa, unda hech narsa yo’qdir.  Iymon keltirganlar uchun solih amallar, yaxshiliklar  qilishdan ko’ra mahbubroq narsa yo’q. Solih amal, avvalo, Alloh buyurgan farzlarni bajarmog’ing, haromdan saqlanmog’ingdir. Tinimsiz sadaqa berib, ammo Alloh buyurgan farzlarni bajarmayotgan bo’lsang, yaxshilik qilyapman deb o’zingdan ketma! Namozni vaqtida ado et, Ramazon ro’zasini tut, nisobga yetgan moling bo’lsa, zakotini chiqar, yo’lga qodir bo’lsang, haj qil! Kel endi, sevimli Payg’ambarimiz alayhissalomning ayrim hadislarini ko’rib chiqamiz. Imom Tabaroniy rohimahulloh rivoyat qilgan hadisda Payg’ambarimiz alayhissalom shunday dedilar: “Yaxshilik qilish yomonlik halokatidan saqlaydi”.  O’zingdagi yomonliklar tufayli qiynalayotgan bo’lsang, ularni yaxshiliklar bilan siqib chiqar, Allohdan yomon illatlaringni aritishini so’rab duo qil, zero yomonliklarni U Zotdan o’zgasi arita olmaydi.  Imom Muslim rohimahulloh rivoyat qilgan yana bir hadisda esa: “Yaxshilikning hech birini past sanama, birodaringni ochiq yuz bilan qarshi olishni bo’lsa ham” deb marhamat qildilar Rosululloh sollallohu alayhi va sallam. Zarra miqdoridagi yaxshilik ham senga manfaat keltiradi, buni also unutma. Sadaqa qilayotgan puling faqirniki emas, o’zingniki bo’ladi, olib qolganing esa o’lsang yerning ustida qolib ketadi. Qabrga puling yoki mashinang bilan ko’milmaysan, ayoling va farzandlaring, birodarlaring  ham sen bilan birga tushmaydilar, biroq  solih amallar haqiqiy do’stingdir, ular seni tashlab ketmaslar. Iymon keltirib, solih amal qilar ekansan yana ayrim narsalarni ham esdan chiqarma. Qilayotgan yaxshiliklaringni faqat Allohning rizoligi uchun qil. Hech kimdan maqtov yoki olqish kutma. Axir, yaxshiliklaring  evaziga Alloh senga berdigan mukofot kifoya qilmaydimi, yetarli bo’lmaydimi?! Iloji boricha solih amallaringni yashir va ularni katta sanama. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ushbu so’zlari naqadar chiroyli, diqqat bilan o’qi: “ Robbisiga xolis bo’lgan kishi xuddi qum ustida yurgan kishiga o’xshaydi. Qadam tovushlarini eshitmaysan, lekin uning izini ko’rasan”.   Ya’ni yaxshiliklarni Alloh rizoligi uchun qilayotgan bo’lsang, bu haqida atrofga jar solma, o’zgalarga bildirma. Qilgan ishlaringdan Robbing xabardor ekani kifoya qilmaydimi?! Yaxshiliklarni ixlos bilan, ya’ni faqat Alloh rizoligi uchun qilar ekansan, hech qachon g’ururlanma! Negaki men va senda zohir bo’layotgan  xayriyatlar U Zotning madadi, bizga ko’rsatgan marhamati bilandir. Namoz o’qiyapsan, tahorat uchun suvni Kim berdi, namoz o’qish uchun quvvatni Kim berdi, senga iymon hamda hidoyatni Kim berdi?! Sadaqa qilyapsan, qo’lingdagi mulk Kimniki, uni senga Kim mulk qilib berdi?! Bas, g’ururlanma! O’zligingni angla, ojizligingni tushun, faqatgina Allohga muhtoj ekaningni bil!

   Har bir kun, soat yoki daqiqa o’tar ekan, bizning bir qismimiz ketadi, qaytmas bo’lib. Shunday ekan, oxirat safari uchun tayyorlagan xaltangni yaxshiliklar bilan to’ldirib ol. Birodarim, men seni yaxshi ko’raman! Boymisan yoki kambag’al, kuchlimisan yo zaif,chiroylimisan yoki u qadar husndor emas, buning ahamiyati yo’q. Sen barcha iymon keltirganlar qatori mening akam, ukam, opam yoki singlimsan! Sen haqingda qo’ldan kelgancha qayg’uraman, iltimos, o’zingni ehtiyot qil! Kamina ukangni duolaringda eslab tur, Alloh sendan rozi bo’lsin, O’zi seni muhofaza qilsin!

Ulug’bek Tojimaxammatov, Andijon viloyati, Marhamat tumani.

22 Апрель, 2021 йил | 1077