Ehsoningiz jannat bo‘lsin!

Inson ruhi hamisha ezgulikka tashna bo‘ladi. Ruhimiz millat, din va irq tanlamaydi. U faqat ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi muvozanatni biladi, xolos. Aslida hayotimiz ham shunday: yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi jangdan iborat. Faqat bu holat bizga turli hodisa va mavjudliklar tarzida namoyon bo‘ladi. Biz o‘z ruhimizni eshitishni bilmaymiz. Unga nimalar yoqishi haqida esa o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Faqat hayot tashvishlari, jamoat, obro‘, bola-chaqa, to‘y-marosim…  Mana aqlimizning bizga yuklaydigan doimiy vazifalari. Ruhimizga ham quloq tutaylik, uni sevintiraylik. Axir ruhimizgina yagona sodiq yo‘ldoshimiz-ku!..

Xo‘sh, ruhimizni tingladik ham deylik: u nimani istaydi? Shubhasiz, Robbisining roziligini. Allohni rozi qilmaydigan kishi hech qachon hech kimdan rozi bo‘lmas emish. Shuning uchun ham bundaylar ko‘nglida xotirjamlik, haqiqiy baxt tuyg‘usini aslo his qila olmaydi. Orom yo‘q, sakinat yo‘q! Bir inson uchun bundan ham og‘ir dard bo‘lurmi? Yo‘q! Allohni rozi qilmoq uchun nima qilmoq kerak? Bandalikni to‘liq bajarmoq kerak! Zotan, Mavlono Rumiy qaddasallohu ruhahul aziz shunday deganlar:

Zindagi omad baroyi bandagi,

Zindagi bebandagi sharmandagi - 

Ya’ni “Tiriklik faqat bandalik uchundir, bandasizlik tiriklik uchun sharmandalikdir”[1].

Ma’lumki, ilm olmoq farzi ayndir. Erkak kishi uchun ham, ayol kishi uchun ilmli bo‘lmoq farzdir. Axir ilm yo‘lidagi insongina xatoni ko‘ra oladi, nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘ri ekanini anglaydi. Bugungi fitna-fasodlar avj olgan zamon kishisi uchun esa ilm olmoq har jihatdan juda-juda zarurdir. Masalan, oramizda namozimni ado qilsam bo‘ldi-da deb, kishilar haqqini yeydigan, dillarni og‘ritadigan, xayr-ehson ko‘chasidan yurmaydigan va bu gunohlari ko‘ziga ko‘rinmaydigan “mo‘minlar” ham bor. Ular ilmli va ilmiga amal qiladigan bo‘lganlarida edi, Allohning ushbu so‘zlarini butun hayotlariga dastur ul-amal qilgan bo‘lar edilar:

Alloh subhanahu va taolo Baqara surasi 177-oyatida shunday marhamat qiladi:

“Yuzlaringizni Mashriq va Mag‘rib tomonlariga burib, (ibodat qilishingizning o‘zi to‘la) yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, payg‘ambarlarga imon keltirgan, o‘zi yaxshi ko‘rgan molidan qarindoshlariga, yetimlarga, miskinlarga, yo‘lovchiga, tilanchilarga va qullarni ozod qilish yo‘lida beradigan, namozni to‘kis ado etib, zakotni to‘lab yuradigan kishi va kelishilgan ahdlariga vafo qiluvchilar, shuningdek, og‘ir-yengil kunlarda va jang paytida sabr qiluvchilar yaxshi kishilardir. Aynan o‘shalar (imonlarida) sodiqdirlar va aynan o‘shalar taqvodordirlar”.[2]

        Axir, bir miskinning, nochorning og‘irini yengil qilmoq naqadar quvonch beruvchi holatdir. Atrofimizda turli toifa insonlar bor: birov boy, birov kambag‘al, biri o‘rtahol, yana biri esa o‘ta nochor…  Yashayotgan makonimiz Yer ekan, demak, moddiyat hayotimizda ko‘p narsani hal qiladi. Ba’zi ilmsizlar islom dini faqirlik dini, faqat kambag‘allarini sevuvchi din deb fikrlaydi. Aslida esa Alloh taolo kuchli musulmonni kuchsizdan, boyini kambag‘alidan yaxshiroq deydi. Bu farqda savob-gunoh masalasi emas, bir-biriga yaxshilik qilishidagi tafovut masalasi aytilyapti. Ya’ni bir kambag‘al mo‘min o‘z faqirligini hech kimga bildirmasdan, hech kimdan biror narsa ta’ma qilmasdan go‘zal sabr ila Allohga shukronalik keltirib yashayotgan bo‘lsa va boshqa bir mol-davlati ko‘p mo‘min u birodarining faqirligini anglab, unga xayr-ehson qilsa, mana shu Allohni sevintiruvchi eng go‘zal holatdir.

Qur’oni Karim shu qadar buyuk kitobki, uni o‘qigan va uqqan musulmon borki, hayotidagi jamiyki oq-u qorani ajrata oladigan bo‘ladi. Unda hamma narsa ochiq-oydin ko‘rsatilgan. Jumaladan Baqara surasi 272-273-oyatlarida Alloh taolo shunday deydi:

“Ularning hidoyati Sizning zimmangizda emas (ey, Muhammad), balki Alloh xohlagan kishilarni hidoyat etur. Neki qilgan xayr-ehsonlaringiz bo‘lsa, u o‘zlaringiz uchundir. Faqat Allohning "yuzi" uchungina ehson qilgaysiz. Qilgan har bir xayr-ehsoningiz (savobi) sizlarga adolatsizlik qilinmagan holda mukammal qaytarilur.

(Sadaqa va ehsonlar) Alloh yo‘lida (jang bilan) band bo‘lib, safarga chiqa olmaydigan, iffatlari (tortinchoqliklari) sababli bilmagan odam boy deb gumon qiladigan faqirlar uchundir. Ularning (faqir ekanliklarini) siymolaridan (tashqi ko‘rinishdagi belgilaridan) bilib olasiz. (Ular) odamlardan tilanib turib olmaydilar. Qilgan xayr-ehsoningizni Alloh bilib turuvchidir”.[3]

Robbimning roziligi uchun deya chin dilidan imkoni qadar ehson qilgan inson   bu yer-u olamlarni yaratgan Allohning qudrati oldida hech narsaga arzimaydigan moddiyati-sadaqasi bilan qanchadan qancha balolardan, ofatlardan qutuladi, amal daftariga naqadar go‘zal so‘zlar-savoblar bitiladi…

Shukurki, hayotimizda ehson-u zakotni Allohning roziligi va ko‘ngillarining rohati deb bilib, umrini ana shunday go‘zal amallar bilan o‘tkazuvchi kishilar ko‘pdir. Ularning oshkora yoxud maxfiy sadaqalari Alloh oldidia qabul bo‘laversin. Ammo ana shunday mo‘minlarga ham tosh otuvchi, ularni riyokorlikda ayblovchi kishilar ham bor. Ular Yaratganning ushbu so‘zlarini bilmaslar, Alloh ularga hidoyat bersin:

“Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi-yu kambag‘allarga pinhona bersangiz - o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha)ishlaringizdan xabardordir.

Mol(-dunyo)larini kecha-yu kunduz, pinhona-yu oshkora ehson qiladigan kishilarning Parvardigorlari huzurida (maxsus) mukofotlari bordir. Ularga xavf ham bo‘lmas va ular tashvish ham chekmaslar.”( Baqara surasi 271-; 274-oyatlari)[4]

 

Aziz zamondoshim, dindoshim, u dunyo-yu bu dunyoda xotirjamlikda, saodatda yashayman desangiz, ko‘ngil oling, ko‘ngildan qolmang. Kimgadir yaxshilik qilar ekansiz, anglangki, u inson marhamati-yu qudrati chek-chegarasiz bo‘lgan Robbingizning qulidir. Atrofingizdagi har bir odamga ana shu nazar bilan boqing. Xuddi sizdek ular ham Allohning bandalaridir. Qulini quvontirsangiz, Egasini quvontiribsiz va shubhasiz, Yaratgan sizdan quvonsa, siz quvonibsiz. Mana baxt  va shodlik omili – shudir! Zero, “Ehsonning mukofoti faqat ehsondir”[5]. Ehsoningiz(mukofotingiz) jannat bo‘lsin!

Muyassar Qobulova Omonboy qizi

ToshDO‘TAU talabasi

24 Апрель, 2021 йил | 2209