Xayr-u sadaqa – omonlik  qo’rg’oni

                   Yaxshilik qil, jahon yaxshilik olsin,

                   Yaxshilar boshiga yaxshilik solsin.

                    Mol-dunyo barchadin—sendan  ham qolur,

                   Yaxshisi mol emas, yaxshilik qolsin.

                                                                       (Abdurahmon Jomiy)

   Butun olamlar Parvardigoriga behad hamd-u sanolar bo’lsin! Olamlarga rahmat bo’lib kelgan, sevikli Payg’ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salot-u salomlarimiz bo’lsin!

    Bu sinovli dunyoda yashamoq barcha uchun bir imtihon demak. Bu imtihon inson boshiga keladurg’on quvonchli-yu g’am-anduhli paytlarda namoyon bo’ladi. Har qanday kunda sabrli bo’lib, Ollohdan eng xayrlisini so’rash mo’min kishining fazilatidir. Qanchalik ko’p ibodat qilsak, shukur qilsak, shunchalik rizqimiz ulug’ bo’ladi. Shukur Olloh in’om etgan ulug’ ne’mat, uning totli mevasi esa sadaqadir. Hamma ham sadaqa berishga ahamiyat bermaydi. Vaholanki, xayr-sadaqa omonlikning, yaxshilikning kalitidir.

      Sadaqa berishdan asosiy maqsad inson qadrini mol-u dunyodan afzal ko’rish, uning quli emas, xo’jasi ekanligini ekanini anglatishdir. Allohning amrini tutib, uning roziligi yo'lida sadaqa bergan musulmon barcha gunohlar razolati, xususan, baxillik illatidan qutuladi. Shuningdek, u musulmon bandaga o'ziga talluqli ne'matni yaxshilik yo'lida sarflash va muhtojlarga ehson etish uning xulqiga ijobiy ta'sir qiladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:"Yaxshi ish ham odatdir, yomon ish ham odatdir, odamning nafsi odatni qabul qilguvchidir",-- deganlar. Bu masalani chuqur o'rganib chiqqan hozirgi kun olimlari ham inson uchun odat ikkinchi tiynat-- tabiat ekanligini ta'kidlashadi. Buning ma'nosi shuki, yaxshi qaror topgan odat har qaysi insonning o'zi bilan birga tug'ilgan asl tabiatiga o'xshash kuch-quvvat kasb etadi. Ehson qilishga, zakot chiqarishga odatlangan, ko'nikkan musulmonga saxiylik, mehribonlik asl fitriy sifatlardan bo'lib qoladi.

   Ochko'zlik, baxillikdan uzoqlashib, infoq va ehsonga odatlangan inson baxillik botqog'idan Rabboniy kamolot ufqiga ko'tariladi. Chunki ezgulik, rahmat, saxovat va ehson ila muomala etish Haq taborak va taoloning sifatlaridan biridir. Bu sifatlarni bashariy toqat yetganicha hosil qilishga intilish Allohning axloqi bilan ziynatlanishning ayni o'zi, inson kamolotining eng cho'qqisi sanaladi. Mamnuniyat bilan ayta olamizki, sadaqa faqatgina Islom "dorixona"sida topilishi mumkin bo'lgan doridir.

   Sog'lom aql egasi yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarishni, ne'matga shukur qilishni lozim deb biladi. Ehson ham beruvchida Alloh taologa shukur etish, o'ziga nisbatan Uning fazlini e'tirof qilish tuyg'ularini uyg'otadi. Imom G'azzoliy aytganlaridek:"Badaniy ibodatlar badan ne'matiga shukur, moliyaviy ibodatlar mol ne'matiga shukurdir".

   Boshqa tomondan, xayr-sadaqa qalbni Robbimiz nazdidagi, oxirat oldidagi majburiyatidan ogohlantiradi, dunyoga hirs qo'yishdan qutqaradi. Alloma Ar-Roziyning aytishlaricha:"Mol-dunyo ko'payishi quvvatni ziyoda etadi. Lazzatlanishning  ortishi esa bunday lazzatlanish boisi  bo'lgan mol-dunyoni ko'paytirishni taqozo qiladi. Shu tariqa jarayon poyonsiz doira shaklini oladi. Bu gardish girdobiga tushib qolgan odam boylik ketidan quvib, tinimsiz aylanaveradi. Ehson deb atalgan ibodat tuganmas yelib-yugurishlardan bir zumga bo'lsa ham to'xtab, o'zining va atrofdagilarning hol-ahvoliga sog'lom tafakkur, iymoniy va insoniy qalb ko'zi  bilan qarashga undaydi". Shuningdek, u nafsni oxiri yo'q bunday zulmoniy yo'ldan Allohning rozi-rizoligi tomon buradi.

   Albatta,  Alloh mol-mulk yig'ishni mo'min uchun ham halol etgan, dunyo lazzatlarini unga ham muboh etgan. Lekin bular unga yagona hayotiy g'oya, bosh maqsad bo'la olmaydi. Chunki u bundan-da ulug'roq dunyo-- oxirat dunyosi, Allohning ibodati uchun yaratilgan. U quliman, deb o'ylayotgani hayotiy dunyosi esa ,aslida,uning uchun yaralgan. Bu o'tkinchi dunyo sinovlarga to'la oxirat yo'li, xolos. Yo'lni ziynatlash, tayyorlashning yomoni yo'q, lekin unda qanday g'oya va qay maqsad bilan intilayotganini unutmaslik lozim.

   Alloh mo'min, solih, kofir, fosiq bandalarining birortasidan ham marhamatini ayamaydi:"(Ey Muhammad, alayhissalom, bu dunyo odamlarning) barchalariga—mana bu (mo'min)larga ham, anavi(kofir)larga ham Parvardigoringizning ne'matidan ato eturmiz. Parvardigoringizning ne'mati (hech kimdan) man qilinmas",-- deya  Isro surasi 20-oyatida tasdiqlab qo'ygan.

   Kishi qo'lida mol-boylik bo'lishi hali uning fazilati, yaxshiligiga dalolat qilmaydi. Haqiqiy fazilat va yaxshilik molni  Alloh uchun sarflashda, Alloh yo'lida ehson qilishdadir.

   Yuqorida o'zimning tushunchalarimni yoritdim. Tafakkur yuritadigan bo'lsak, ehson bizni Allohga yaqinlashtiradigan fazilatlardan biridir. Abu Homid G'azzoliy aytganlaridek:"Yurt obodligi to'rt narsa sababidan:rahbarlar adolati, olimlar ilmi, boylar saxovati, muhtojlar duosi". Haqiqatan ham, obodlik, farovonlik, barqarorlik zakot, ehson,  ibodatlar sharafidandir. Zamonamizdagi bir hodisa mening tomir-tomirlarimga azob beradi, ya'ni bir boy kishi ehson qiladi . Achinarlisi,  marosimda faqat boylar, kazo-kazolar qatnashadi. Aslida ehson kimlar uchun?! O'z mahallasi, qishlog'idagi faqir, yetim-yesir, beva kishilar qolib,  hamma narsasi yetarli, "yegani oldida, yemagani ketida" bo'lgan to'qlar taklif qilinadi. Astag’firulloh,  Olloh o'zi kechirsin.  Savob umidida qilingan xayr-u sadaqa riyoga, boyligini ko'z-ko'z qilishga qaratilgan bo'lib qoladi-ku bunda... Olloh barchamizni hidoyatida barqaror qilsin.(xulosa o'zimizdan)

   Yaxshi gap ham sadaqadir. Sadaqa-ehsonga eng munosibi oilangiz, farzandlaringizdir. Ushbu oltinga teng so'zlar hayotimdagi ibratdir, desam adashmagan bo'laman. Albatta,  "Qush uyasida ko'rganini qiladi". Alhamdulillah,  ota-onam dinni tushungan, sunnatga amal qilishga jidd-u jahd qiladigan kishilardir. Dadajonim hamisha biror yig'in--ehsonga yoki yor-u do'stlari bilan uchrashuvga borsa, avvalo, taomlanishimizga shaxsan e'tibor berib, tenglik hosil qilishni hech ham kanda qilmaydi.

   Biz farzandlar bundan ibrat olamiz va otamizdek bo'lishga harakat qilamiz.

   O'zim talabaman. Shunday bo'lsa-da savob umidida kichik-kichik ehson qilishni juda yoqtiraman. Eng yoqtirgan xayriyam bu--kitob sovg'a qilishdir, ayniqsa, islomiy kitoblar. Ollohning nazdida qilingan amalning, ibodatning katta-kichigi yo'q. Men bunga juda ham ishonaman, savob umidi qalbimda barq uradi hamisha.

   O'zgarishni, avvalo, o'zimizdan boshlashimiz kerak. To'g'rimi?! Vaqf.uz sayti e'lon qilgan tanlovning asosiy maqsadi esa xalqimiz orasida yaxshilik va xayr-saxovatga targ‘ib etish, insonparvarlik, o‘zaro mehr-oqibatni kengaytirish, vatandoshlarimiz e’tiborini muhtojlar holidan xabar olishga qaratish va ularga nisbatan g‘amxo‘rlik hissini oshirishdir. His qildimki, ushbu sayt tashkilotchilari beminnat yordam qilayotgan kishilardir.  Men ularni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib  boraman. Har xayriya natijalarini ko'rganda Ollohdan ushbu ehsonlarini qabul qilishlarini so'rayman hamda hali ham rahmdil kishilar ko'pligidan quvonaman. Ya Alloh, O'zing bilguvchi zotdirsan. Barchamizni amalimizga yarasha savoblar bilan siylagin, amiyn.

   Maqolamni yakunlar ekanman, bir hadisga e'tiboringizni qaratmoqni joiz deb toptim. Mo'minlarning onasi Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi.Ular bir qo'yni so'ydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:"Qo'ydan biror narsa qoldimi?",--deb so'radilar. Oisha roziyallohu anho:"Qo'yning yelkasidan boshqa narsa qolmadi",--deb javob berdi. Shunda U zot:"Yelkasidan boshqa hamma narsa qolibdi",--dedilar.Ya'ni  U zot o'z oilalariga sadaqaning ajri Qiyomat qadar qolishini, o'zida qolganining esa Oxiratda ajri kutilmasligini aytar edilar. Bu esa Alloh taoloning rizosi umidida sadaqaga undovchi go'zal da'vatdir.

   Allohim o'zi xolis qilgan ehsonlarimizni qabul aylasin, ajr-savoblarini ko'paytirib bersin, oramizda rahmdil, xayr-sadaqa qiluvchilar safini kengaytirsin,hamisha hidoyatida barqaror qilsin. Zero, mol-mulkimizni o'zimiz bilan olib keta olmaymiz, lekin ularni o'zimizdan avval jo'natishimiz mumkin!

Qurbonova Muxlisa Abdulla qizi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi

26 Апрель, 2021 йил | 2664