YIGIRMA TO‘RTINCHI AVTOBUS

   Qancha urinishlardan keyin, talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim. Toshkent deb atalmish shaharga yo‘l oldim. Katta shaharning ko‘chalari, odamlari- hamma-hammasi yot begona. Ba'zan bu hol meni hadiklar iskanjasiga olar, ba'zan ichimdan qandaydir his o‘zingni qo‘lga ol, hammasi yaxshi bo‘ladi, der edi. Uydagilar bilan qo‘ng‘iroqlashar ekanman, ehtiyot bo‘l, hammani do‘st bilib ichingdagilarni aytaverma degan maslahatlarni eshitar edim...

  Ana shunday kunlarning birida, men o‘zimning soddaligim sabab sumkamdagi pulimni yo‘qotib qo‘ydim. Avtobus eshiklari yopildi. Yonimda kursdosh dugonalarim ham bor edi. Men hammadan keyin, so‘ngi bekatga tushar edim. Avtobusda odamlar deyarli kam edi. Hamma tushib ketdi. Men sumka titish bilan andarmon edim.

-Qizim, tushasanmi? Haydovchi amakiga nima deyishni bilmas edim. Jovdirab boqib turardim. Bir muddat  sukutdan keyin pulimni yo‘qotib qo‘yganimni, nafaqat yo‘lkira, balki ijaraga beradigan pullarim ham yo‘qligini aytdim. Amaki qarab turar ekan, sodda qishloq qizi ekanligimni bildi shekilli, yupatuvchi ohangda "Qizim, xafa bo‘lma, bunda ham bir hikmat bor. Mana endi shu vaziyatga tushib, o‘zingga ehtiyot bo‘lishni bilib olding", dedilar. "Endi nima qilasan?  Ijara pulingni qanday to‘laysan?", deya yuzlandi. Amakining bu gaplaridan keyin o‘zimni tutib tura olmadim, yig‘lab yubordim. Nima qilishni bilmasdim. Amaki ham xuddi hayolimda yo‘lkirani cho‘z, degandek tuyilaverardi. Keyin  menga yuzlanib, "Qizim hammani do‘st, deb bilma. O‘zinga puxta bo‘l", deya qo‘limga pul tutqazdi. Men dam pulga, dam amakiga qarar edim. Buning boisi nima? Nimaga menga begona inson pul tutyapdi?

- Qizim, bu pulni ol, men sening vaziyatingni i tushunib turibman. Qiz bola pulga muhtoj bo‘lmasligi kerak, deb pulni qo‘limga tutqazdi. Agar shunchalik hijolat bo‘lyotgan bo‘lsang,  uydagilaring pul yuborganda berarsan. Men bu yerda 5-6 yildan beri haydovchilik qilaman. Uyim ham shu atrofda. Ko‘pchilik meni taniydi...

  Pulni olib, avtobusdan tushdim-da, yo‘limga ravona bo‘ldim. Men, albatta, bu insonning yaxshiligini unutmayman, ko‘pi bilan qaytarishni niyat qildim. Amaki uch oylar chamasi  bu yerda haydovchilik qildi. Undan keyin u amakini qayta ko‘rmadim. Bu orada men qo‘shimcha ish topgan, birinchi oladigan oyligimni o‘sh amakiga berish niyatida edim. Ko‘pchilikdan so‘radim. Ammo u amakini hech kim tanimas ekan.

  O‘qishimiz ham yakunlandi va qishloqqa qaytdim. Bo‘lgan voqealarni onamga so‘zlar ekanman, amakini qidirganimni,  lekin topa olmaganimni aytdim.

  O‘qish ham boshlanish arafasida edi. Xolamning o‘g‘li meni mashinasida boshqa joyga ijaraga joylashtirib ketmoqchi edi. Tor, qiyshiq, odamlari ko‘p ko‘chadan kirib borar ekanmiz, tog‘a, deb baqirib yubordim. Tog‘am ko‘chani kesib o‘tayotgan nogironlik aravachasidagi bir odamni urib yuborishga bir bahiya qoldi. Tog‘am jahl bilan mashinadan  tushdi va unga baqirib ketdi. Ko‘zim nogironlik aravachasidagi kishiga tushar ekan, beixtiyor o‘zimni tashqariga otdim. Ko‘zlarimga ishonmas edim. Aravchadagi amakini yonlariga yugurib bordim, hayratdan qotgandim. Amakiga yuzlanib, uzoq qidirganimni, qanday bu ahvolga tushib qolganligi so‘ray ketdim. Tog‘am, hech narsani tushunmas, dam menga, dam amakiga qarar edi. Ha bu inson o‘sha men qidirib yurgan amaki edi. Bor voqeani tog‘amga aytib berdim.Tog‘am gaplarimni tinglar ekan, amakiga razm soldi. Keyin mashinasidan nimadir yozilgan qog‘ozni olib keldi-da, ertaga shu ko‘rsatigan manzilga borishini aytdilar. Amakining taajjub aralash nigohiga javob tariqasida, o‘zining  shifokor ekanliklarini ham qo‘shib qo‘ydi.

  Oradan ancha vaqt o‘tdi. Tog‘am menga qo‘ng‘iroq qilib, amaki endi yurib ketishini, jarrohlik amaliyoti yaxshi o‘tganligini aytdi. SHu onda qalbimdagi bor g‘uborim arigandek edi. Men beixtiyor xursand bo‘ldim...

  Bizni o‘rab turgan borliq, atrofimizdagi insonlar parvarishga, mehr-muhabbat hamda  e'tiborga ehtiyoj sezishadi. Ko‘chada odamlar yursa, halal beradigan toshni bir chetga surish, qurib qolgan daraxtga bir hovuch suv quyish, yo‘lda og‘ir yuk ko‘tarib ketyotgan kishiga yordam qo‘lini cho‘zish- bularning barcha-barchasi yaxshilik fazilatidir. Shunday ekan yaxshilik qilishdan charchamaylik. Agar holdan toyib qolmasak,o‘z vaqtida buning hosilini o‘rib olamiz.

  Ha aytgancha, mabodo Yunusobod tomonga yo‘lingiz tushsa, bir qaraganda yuzida nur yog‘ilib turadigan, sochlari xiyol oq, qorachadan kelgan 24-avtobus haydovchisiga duch kelsangiz, mening salomimni yetkazib qo‘yish yodingizdan ko‘tarilmasin.

Qirmizoy HAKIMOVA, UzJOKU talabasi

30 Апрель, 2021 йил | 872