Yaxshilikdan yaxshisi yo’q

     Dunyoning ishlari qiziqda. Yaxshilik haqida o’ylaganimizda beixtiyor yomonlik haqida tasavvurlarimiz ham ko’z oldimizga keladi. Balki, yomonlik yaxshilikning zidi bo’lgani uchun shundaydir. Darhaqiqat, agarda yomonlik bo’lmaganida edi yaxshilikning qadrini bilmagan bo’lardik. Ulug’ ulamolardan biri shunday degan: ”Dunyoda barcha narsalar aynan yoki nisbat orqali ikki toifaga bo’linadi: yaxshi va yomon”. Mana shunaday yaxshi kunlarda yaxshilik to’g’risida so’z yuritib, yomonlikni bir chetga surib turaylik.

   Yaxshilik deganda ko’z o’ngimizda ko’kda charaqlayotgan quyosh, tunda porlayotgan yulduzlar, sharqiroq soylar, viqorli tog’lar, so’lim go’shalar- bu yorug’ olamdagi barcha go’zalliklar gavdalanadi. Adabiyotimizning yorqin namoyondasi Asqad Muxtor aytganidek “Tabiat – yaxshilik va go’zallikning bevosita ifodasi”. Yaxshi inson deganda esa og’ir damlarimizda yordam qo’lini cho’zgan, bizga foydasi tekkan, katta-yu kichikdan mehrini ayamaydiganlarni tushunamiz. Hadisi shariflarda keltirilishicha, bu dunyoda kishilarga manfaati tekkan odamning u dunyoda ham manfaati tegadi, chunki dunyoda manfaati tekkani uchun Alloh taolo unga savob beradi, o’sha savobi tufayli gunohkor kishilarni shafoat qilishga yo’l ochiladi. Demak, bu dunyoda yaxshilik qilgani kabi oxiratda ham yaxshilik qilgan bo’ladi. Keling, yaxshilik haqida yanada tasavvurlarimizni boyitish maqsadida,  Alloh taoloning Kalomida keltirilgan oyatlar va shu bilan birga Rasulullohning  sollallohu alayhi vasallam hadislariga bir nazar tashlasak. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

  “Taqvoli zotlarga: Rabbingiz (O‘z Payg‘ambariga) nimani nozil qildi? deyilganida ular: Yaxshilikni , deyishadi. Bu dunyoda yaxshilik qilganlar uchun chiroyli mukofot bo‘lur (Nahl, 30)”.

   Alloh taolo yaxshilikni bunday bayon etadi:

 “(Yaxshilik) bo‘yinni (qullikdan) ozod etish, yoki ocharchilik kunida biror qardosh yetimga yo muhtoj bechora-miskinga taom berishdir (Balad, 13-16)”.

Yana,

 “Yaxshilik yuzingizni mashriq yoki mag‘rib tomonga burishingizda emas. Lekin yaxshilik kim Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga, Payg‘ambarlarga iymon keltirsa va yaxshi ko‘rgan molini qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, vatangadolarga, tilanchilarga, qul ozod qilishga bersa, namozni qoim qilsa, zakot bersa. Ahd qilganda ahdiga vafo qiluvchilar, kambag‘allik, qiyinchilik paytida va shiddat vaqtida ham sabr qiluvchilarga, ana o‘shalar sodiq bo‘lganlardir. Ana o‘shalar taqvodorlardir (Baqara, 177)”.

 Yuqoridagi oyatlardan so’ng, o’ylamanki yaxshilik to’g’risidagi fikr va qarashlarimiz ancha kengaydi. Demak, yaxshilik qilish har birimizning burchimiz. Xo’sh, biz burchimizni qay darajada bajaryapmiz? Dunyo ishin bir zumga chetga surib, o’tgan kunlaringizga bir nazar soling. Kimga qanday yaxshilik qildingiz? Atrofimiz to’la muhtoj insonlar. Ularga qanchalik yordam bera oldingiz? Qanchalar ojiz ekanligimizni shu savollarga javob bera olmay, boshimizni quyi solganimizda his qilamiz. Ba’zi insonlar “Men ham boy bo’lganimda yaxshilik qilardim” deydi. Lekin yaxshilik deganda faqat moddiy tomondan ko’rsatilgan yordam tushunilmaydi. Mazlumlarning, yetim-yesirlarning boshini silab, ko’nglini ko’tarish, shirin so’zini o’zgadan qizg’onmaslik, mehrini ayamaslik ham bir yaxshilik. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim yetimning boshini rahm qilib silasa, Alloh taolo unga qoʻli tekkan har bir soch miqdoricha yaxshilik yozadi, har bir soch miqdoricha yomonliklarini o'chiradi va har bir soch miqdoricha uning darajasini ko'taradi". Boshqa bir rivoyatda aytiladi: "Kim yetimning boshini silasa, faqat Alloh uchun silasa, qoʻli silab o'tgan har bir soch uchun unga hasanot bordir. Kim oʻzining oldidagi yetimlarga yaxshilik qilsa, u bilan men jannatda mana shunday bo'lamiz", deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki barmoqlarini bir biriga yaqinlashtirdilar. Ibn Abbos (r.a.) naql qiladilar. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim musulmonning yetimlari orasidan bir yetimning ovqatiga, ichimligiga qoʻshsa, Alloh uni behojat qilib qo'yadi va unga jannatni, albatta, vojib qiladi, illo Alloh kechirmaydigan amallar qilgan boʻlsa, (unday boʻlmaydi). Kimning koʻzini Alloh ketkazgan boʻlsa va u sabr qilsa, albatta, unga Alloh jannatni vojib qiladi, illo Alloh kechirmaydigan amal qilgan bo'lsa, (unday boʻlmaydi)”. Shunday ekan biz moddiy tomondan muhtojlarga yordam berishga qurbimiz yetmasa, ma’naviy tomondan ularni qo’llab-quvvatlashimiz ham bir  yaxshilikdir. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar, televidiniya orqali yordamga muhtoj bemorlar haqida qayta-qayta ko’rsatishmoqda.Shunda o’z ehtiyojlaridan ortqiza olmaydiganlar “Eh, pulim bo’lganida edi, ularni sog’ayib ketishiga yordam berardim” deydilar. Biroq yaxshilik qilish faqat pul, mol-dunyoga bog’liq emasligini yuqoridagi hadislar orqali anglab yetdik. Qo’limizni duoga ochib, chin qildan ularga Alloh taolodan shifo so’rasak ham mo’min-musulmonlarga xos bo’lgan go’zal yaxshilikni amalga oshirgan bo’lamiz. Ammo imkoniyatimiz bor bo’la turib, yaxshilikka qo’l urmasakchi? Baland-baland imoratlar, qo’sha-qo’sha mashinalar olishga olib, loaqal bir bechoraga yordam bermasak,biz qanday insonmiz? Shuni unutmaslik kerakki, yaxshilikni  ham yomonlikni ham inson avvolo o’ziga qiladi. Agarda biz bir insonga yaxshilik qilsak, Alloh taolo bizga o’n barobar qilib qaytaradi. Aksincha, yomonlikka qo’l ursak, qilgan yomonligimiz  o’zimizga o’n hissa bo’lib qaytadi.Qur’oni Karimda ham shunday deyilgan “Agar yaxshilik qilsangiz,o’zingiz uchun yaxshilik qilasiz. Agar yomonlik qilsangiz ham o’zingiz uchundir (Isro surasi,7). Kimgadir yaxshilik qilganimizda uni qaytishini also kutmaslik kerak. Negaki Yaratgan bizlarga qilgan yaxshi amalimizni o’sha ondayoq mukofotlaydi.

     “Inson hayotida qilgan yaxshiliklari qadar baxtli bo’ladi” deb bejizga aytishmaydi. La Edri “Yaxshilik qilganday ko’rinmang.Yaxshilik qiling ko’rinmang” deb yozadi. Bu purma’no so’zlar qilgan yaxshiligimizni ko’z-ko’z qilib, maqtamaslikdan dalolat beradi. Xalqimizda ham “O’ng qo’ling bergan narsani, chap qo’ling bilmasin”, “Yaxshilik qil, suvga ot. Bilsa baliq bilsin, bilmasa Xoliq” degan naqllar bor.Ulamolarimizdan biri “Insonning eng baxtli lahzasi-boshqalarga yaxshilik qilgan damlaridir” degan ekan. Darhaqiqat, kimgadir yaxshilik qilganimizda o’zimizni dunyodagi eng baxtli insondek his qilamiz. Quvonchimiz ichimizga sig’may, kun bo’yi yaxshi kayfiyat hamrohimiz bo’ladi. Mavlono Jaloliddin Rumiy aytganidek “Yaxshilik qil-seni tushunishmasa ham… Yaxshilik ulash-garchi senga qaytmasa ham! U yerda ham, bu yerda ham yaxshilik urug’ini ek… U yaxshilikdan barcha bahra olsin! Nimadir uchun yaxshilik qilma. Qalbing pokligi uchun yaxshilik qil! Kimdir yomonlik bilan javob qaytarsa, Allohning oldida sening yuzing yorug’-uniki emas”. Haqiqatdan ham, o’ylab qaralganda yomonlik itning ham qo’lidan keladi. Lekin yaxshilik qilish hammaning ham qo’lidan kelavermaydi. O’zimiz guvohi bo’lib turganimizdek, ba’zi xudbin kimsalar bir kilogram ham chiqmaydigan temir-tersakni million-millionga olishadi-yu, shuning o’rniga qanchadan-qancha yaxshi amallar bajarishni o’ylab ham ko’rmaydilar. Aziz va mo’tabar insonlar! Qo’limizdan kelganicha yaxshilik qilaylik. Zero, yaxshilikning katta-kichigi, erta-kechi bo’lmas. Ayniqsa, hozirgi og’ir vaziyatlarda bir-birimizga yelkadosh bo’lib, yordam qo’lini uzataylik. Bu og’ir kunlar  bizlar uchun ham sinov, ham yaxshilik qilish uchun bir imkoniyat. Shunday ekan yaxshilik qil, yaxshilik qil, yaxshilikdan yaxshisi yo’q!

                                                 Yaxshilik qil, jahon yaxshilik olsin,

                                                  Yaxshilar boshiga yaxshilik solsin.

                                                  Mol-dunyo barchadan , sendan ham qolur,

                                                 Yaxshi mol emas, yaxshilik qolsin.                        (Abdurahmon Jomiy)

No'nomjonova Namunaxon

2 Май, 2021 йил | 27936