Alloh va Rasuli yomon ko'rgan amal

“Isrof” so‘zi asli arabcha bo‘lib, “hisobsiz tarzda ishlatish”, “haddidan oshish” kabi maʼnolarni anglatadi. Isrofga yo‘l qo‘ygan odam Alloh belgilab bergan chegaradan chiqib, U Zotning neʼmatlarini o‘rniga sarflamagan yoki hojatdan tashqari ishlatgan bo‘ladi. Tilimizda ushbu so‘z “nest-nobud qilish”, uvol qilish”, “neʼmatni qadrlamaslik” kabi maʼnolarni anglatadi.

 

Muqaddas dinimiz Islomda isrof qattiq qoralangan. Alloh taolo O‘z Kalomi majidida:

وَكُلُوا وَاشْرَبُوا وَلاَ تُسْرِفُوا إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ

”Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas”, deb aytgan (Aʼrof, 31). 

Bundan kelib chiqadiki, Alloh bergan neʼmatlarni isrof qilish, ularni qadriga yetmaslik gunohdir. Isrof nematlar bilan bog‘lik ekan, demak o‘z-o‘zidan u bir necha turlarga bo‘linadi:

Suvni isrof qilish.

Alloh taolo  Qurʼoni karimda butun insoniyatga qarata shunday marhamat qiladi:

أَفَرَأَيْتُمُ الْمَاءَ الَّذِي تَشْرَبُونَ (68) أَأَنْتُمْ أَنْزَلْتُمُوهُ مِنَ الْمُزْنِ أَمْ نَحْنُ الْمُنْزِلُونَ (69) لَوْ نَشَاءُ جَعَلْنَاهُ أُجَاجًا فَلَوْلاَ تَشْكُرُونَ

“Sizlar o‘zlaringiz ichadigan suv haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘dirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?” (Voqea, 68-70).

Darhaqiqat, o‘tayotgan har bir kunimizni suvsiz tasavvur qila olmaymiz. Maʼlumotlarga qaraganda, Yer yuzasining 70 foizidan ko‘proq qismi suv bilan qoplangan bo‘lsa, uning bor yo‘g‘i 3 foizigina ichimlik (chuchuk) suv hisoblanar ekan. Inson tanasining ham 3/2 qismi, yaʼni 60-70 foizi suvdan iborat. Suv nafaqat insoniyat, balki butun maxluqot, hayvonot olami, o‘simliklarning  hayoti va tiriklik manbaidir.

Suv nafaqat isteʼmol, balki poklanishimiz uchun ham muhimdir. Alloh taolo  Anfol surasining 11-oyatida:

وَيُنَزِّلُ عَلَيْكُمْ مِنَ السَّمَاءِ مَاءً لِيُطَهِّرَكُمْ بِهِ

“Sizlar poklanishingiz uchun U osmondan suv tushirur”, deya xabar bergan.

Suvni isrof qilishning har xil ko‘rinishlari bor. Aksariyat kishilar tarvuz-qovun, ichimliklarni salqinlatish yoki mashinalarni yuvish uchun juda ko‘p miqdorda toza ichimlik suvini ishlatadilar. Bu isrofdir. O‘sha meva yoki ichimliklarni boshqa yo‘q bilan ham sovutish, mashina yuvayotganda bir chelakka suv olib, uvol qilmasdan yuvish ham mumkin-ku, axir.

Suv bizlarga Alloh bergan buyuk neʼmatlardan biridir. Alloh bandalariga bergan neʼmatlaridan unumli foydalanib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka buyuradi. Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash dunyoviy (global) muammo darajasiga ko‘tarilgan bir pallada qo‘ni-qo‘shni, yoru do‘stlarimizni suvni tejashga chaqirsak, dunyoda yutuqlarga, Oxiratda esa Allohning roziliga sazovor bo‘lamiz.

Tahoratdigi isrof.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bir soʼdan besh muddgacha bo‘lgan suv bilan g‘usl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar. (Muttafaqun alayh). Yaʼni, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam taʼminan, 0,688 litr suv bilan tahorat qilardilar. Bu narsa hammamizga o‘rnak bo‘lishi lozim.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Bir kuni Saʼd tahorat qilayotgan chog‘ida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uning oldidan o‘tib qoldilar va unga qarata: “Bu qanday isrofgarchilik, ey Saʼd?!”, dedilar. Shunda Saʼd roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?” deya ajablandi. Nabiy  sollallohu alayhi va sallam: “Garchi oqar daryoda bo‘lsang ham, tahoratda suvni ortiqcha ishlatish isrofdir”, deya  unga tanbeh berdilar (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).

Avvalgi paytlarda tahorat uchun suv alohida idishga olinib, oz-ozdan quyib amalga oshirilgan. Hozirda esa, maxsus truba va kranlar orqali suv o‘tkazilib, suvdan foydalanishda juda qulaylik paydo bo‘lgan. Ammo bu, suvdan xohlaganicha foydalanish, uni isrof qilish mumkin, degani emas. Balki, bu neʼmat uchun Allohga shukr qilib, tejamkorlik yo‘liga o‘tishimiz hammamiz uchun birdek zarur.

Aslida vodoprovod jo‘mragini bir oz jildiratib tahorat qilsa bo‘ladi. Lekin, afsuski ko‘pchiligimiz suvni sharillatib oqizib qo‘ygan holda tahorat qilamiz. Axir, bu isrofgarchilikdan boshqa narsa emas-ku! Agar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning bu sohada qilgan nasihatlariga quloq tutilsa, aholini suv bilan taʼminlashdagi ko‘pgina muammolar o‘z yechimini topgan bo‘lar edi.

Oziq-ovqatdagi isrof.

Alloh taolo  aytadi: ”Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas” (Aʼrof, 31).

Baʼzi salaf ulamolar, Alloh ushbu oyatda tabobat ilmining yarmini jamlagan, deyishgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: “Taom va ichimlikni isrof qilmagan holda isteʼmol qilsang, Alloh senga halol qiladi”.

Amr ibn Shuʼayb otasidan, otasi bobosidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Isrofga yo‘l qo‘ymay va takabburlik qilmagan holda ye, ich, kiyin va sadaqa qil”, deganlar” (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda keltirilishicha, Nabiy  sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Isrof qilmagan holingizda yenglar, ichinglar, kiyininglar, chunki Alloh O‘z neʼmatlarini bandalarida ko‘rishni xohlaydi” (Imom Ahmad rivoyati).

Hofiz Abu Yaʼlo “Musnad”da keltirishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nafsing xohlagan har narsani yeyaverishing ham isrofdir” deb aytganlar.

Kindiy roziyallohu anhu Nabiy  sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni – qorindir. Kishiga harakat qilishi uchun kerak bo‘lgan miqbordagi taom kifoya qiladi, yoki  bo‘lmasa qornini uch qismga bo‘lsin, bir qismi taom uchun, bir qismi suv uchun, yana bir qismi nafasi uchundir” (Imom Ahmad rivoyati).

Zayd ibn Aslam: “Isrof qilmanglar” oyatini “Alloh harom qilgan narsalarni yemanglar, bu isrofdir”, deya tafsir qilgan.

Nonning qadriga yetish.

Ota-bobolarimiz qadimdan nonni eʼzozlashga, uni isrof qilmaslikka chaqirib kelganlar, bir dona uvoqni ham terib yeyishga daʼvat qilganlar. Buning asosida ham dinimiz taʼlimotlari muhim o‘rin tutadi.

Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladi: “Nabiy  sollallohu alayhi va sallam uyga kirdilar va to‘satdan ko‘zlari to‘kilgan uvoqlarga tushdi. Ularni terib oldilar va tozalab yedilar. So‘ngra: “Karim (sifatli Alloh taolo bergan neʼmatlar)ni qadrlagin! Zero, u (neʼmatlar) biron qavmdan olib qo‘yilsa, boshqa qaytib berilmaydi!” dedilar” (Ibn Moja rivoyati).

Hakim Termiziy “Navodirul usul”da rivoyat qilgan hadisda: “Ey Oisha, Allohning neʼmatlariga yaxshi munosabatda bo‘lgin! Agar u neʼmatlar biron qavmdan olib qo‘yilsa, kamdan-kam hollarda qaytib keladi”, deb keltirilgan.

Alloh taolo bergan neʼmatlarning katta-kichigi bo‘lmaydi. Barchasi U Zotning yaxshiligi, lutfu karamidir. Kim mana shu narsaga amal qilsa, neʼmatlarni katta-kichikka ajratmay, barchasini birdek qadrlasa, Allohning neʼmatlarini tan olgan va U Zotga shukr qilgan bo‘ladi. O‘z navbatida Alloh taolo bunday bandaga neʼmatlarni bardavom va ziyoda qiladi.

Nonning uvog‘i yoki bir burda non ham aslida butun nonning kichkina bo‘lagidir, xolos. Ko‘zimizga ilmagan ushoq ham yig‘ilsa, butun non bo‘ladi. Shunday ekan, bizlar barcha neʼmatlarning qadriga yetib, ularni kichik sanamasligimiz lozim. Aks holda, kishi neʼmatlarga nonko‘rlik qilgan bo‘ladi. Neʼmatlarni qadrlashni, ularni kichik sanamay barchasiga birdek yaxshi muomalada bo‘lishni Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan o‘rganishimiz kerak. U zot bu borada ham bizga o‘rnakdirlar.

Umuman olganda, non bandalarning eng asosiy rizqi hisoblanadi. Hadislarning birida nonni eʼzozlash, uni uvol qilmaslik lozimligi taʼkidlangan. Muso at-Toifiy Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Nonni hurmatlanglar (yaʼni, qadriga yetinglar). Chunki Alloh uni osmonning barakotidan tushirgan va Yerning barakotidan chiqargan” (Ibn Abu Hotim rivoyati).

Bizda ortib qolgan ovqatlarni tashlab yuborish isrof, degan tushuncha bor. Bu to‘g‘ri. Ammo qorin to‘ygandan keyin ortiqcha taom yeyish ham isrof ekanini bilamizmi?!

Kiyimdagi isrof.

Inson o‘ziga kerakli, faqat hojatiga yetarli libos kiyishi kerak. Moda ortidan quvib, son-sanoqsiz kiyim-kechak va turli liboslarni sotib olish isrof va bu takabburlikka olib boradi.

 Sadaqa, infoq-ehsondagi isrof.

Muhtoj kishilarga sadaqa va ehsonlar qilish dinimiz talabi va buning uchun bandagi ulug‘ savoblar vaʼda qilingan. Ammo bu sohada ham meʼyordan oshilsa, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi.

وَلاَ تَجْعَلْ يَدَكَ مَغْلُولَةً إِلَى عُنُقِكَ وَلاَ تَبْسُطْهَا كُلَّ الْبَسْطِ فَتَقْعُدَ مَلُومًا مَحْسُورًا (سورة الإسراء ، 29)

وَالَّذِينَ إِذَا أَنْفَقُوا لَمْ يُسْرِفُوا وَلَمْ يَقْتُرُوا وَكَانَ بَيْنَ ذَلِكَ قَوَامًا (سورة الفرقان ، 67)

 Saxovat yaxshi fazilat. Saxovat xasislik va isrof o‘rtasidagi meʼyoriy bir bosqichdir. Sadaqa va ehsonlarda isrofgarchilik qilish ko‘pincha kimo‘zarga to‘ylar qilish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish va shu kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Unutmaylikki, xoh amali, xoh molu davlati bilan bo‘lsin, riyokorlik qilish bandaning oxiratdagi ahvolini yomonlashtiradi.

Tabiiy resurslar (gaz, elektr toki va shu kabi)larni isrof qilish.

Bu neʼmatlarni isrof qilish bizda nisbatan olib qaraganda ozroq. Sababini bilsizmi? Bizda bir tushuncha bor. Qaysi neʼmat arzon bo‘lsa, uni xohlagancha ishlatish mumkin. Narxi qimmat narsalarni tejash kerak. Bu noto‘g‘ridir. Sababi Alloh bergan neʼmatlarning qadri uning insonlar nazdidagi bahosi, qiymati bilan o‘lchanmaydi. Bizda gaz va shu kabi neʼmatlar, odatda tejab ishlatiladi. Sababi ertaga uning pulini to‘lab qo‘yishni o‘ylaymiz. Suv va shu kabi “arzon” yoki “tekin” neʼmatlar xohlagancha tasarruf qilinaveradi. Sababi pulimiz ketmaydi-da. Yo‘q, biz neʼmatlarni katta-kichikka ajratmasdan, barini qadrlashimiz kerak. Kim biladi, biz hozir qadriga yetmayotgan narsa vaqti kelib, eng qimmatbaho narsaga aylanar. Neʼmatlar bardavom bo‘lsin, zavolga uchramasin, desak, vaqtida ularni qadriga yetaylik.

Bir yuqorida moddiy neʼmatlar isrofi haqida gapirdik. Lekin isrofning eng yomon ko‘rinishi maʼnaviy sohadagi isrofgarchilikdir. Bularga asosan quyidagi ikki narsa kiradi:

Umrni isrof qilish.

Alloh taolo bandasiga bergan eng qadrli neʼmatlardan biri aynan umrdir. Uning qadri shundaki, boshqa barcha neʼmatlarni qayta tiklash, qo‘ldan chiqargach yana unga erishish mumkin, ammo umr bunday emas. O‘tgan kun boshqa qaytib kelmaydi. Shu sabab umrni isrof qilishdan uzoq bo‘lishmiz lozim.

 

Ilm va isteʼdodni isrof qilish.

Ilm egallash ulug‘ fazilat. Ilm sohibi bo‘lgach, uni hayotga tadbiq etish – ilmiga amal qilish va o‘zgalarga ilm o‘rgatish har bir ziyo ahlining burchidir. Aks holda o‘zgalarga o‘rgatilmagan yoki amal qilinmagan ilm isrofdir. Buning uchun banda oxiratda javob beradi.

Biz Allohga suyukli xalqlardan, Allohga mahbub ummatlardan bo‘lishni xohlasak, isrofdan saqlanaylik, Alloh taolo bergan har bir neʼmatni katta-kichik demasdan qadriga yetaylik. Shunda Alloh taolo neʼmatlarini yana-da ziyoda qilib beradi.

Alloh va Rasuli yomon ko'rgan amal
23 Ноябрь, 2021 йил | 1252