Ey inson, Allohdan qo‘rq!

Qurʼonda taʼkidlanishicha, bandalar qilyotgan har bitta ishni Alloh ko‘rib-bilib turadi. Jumladan, Baqara surasida shunday deyilgan: “Allohdan qo‘rqing! Bilingki, Alloh qilayotgan amallaringizni Ko‘ruvchidir” (Baqara surasi, 233-oyat). 

Alloh hamma narsadan Xabardor. Tiriklik chog‘imizda qilgan hamma ishlarimizga qiyomat kuni javob beramiz. Bizning aqidamiz shunday. Qurʼon bizni – Alloh ko‘rib turganini his etib yashashga – undaydi. Allohni eslash insonni gunohdan qaytaradi. Birovga zulm qilmoqchi bo‘lgan odam Parvardigorini eslasa, “Ey, to‘xta! Alloh ko‘rib turibdi-ku. Ertaga o‘zimga bundan og‘ir jazo bermasin tag‘in”, deb niyatidan qaytadi, Allohdan qo‘rqadi. Birovning haqiga xiyonat qilayotganda, “Buni norozi qilsam, o‘zgalar haqini yesam, Allohga xush kelmaydi-ku!” deb qoladi. Allohni eslagan odam birovni g‘iybat qilayotganda o‘ylab qoladi, katta gapirayotganda sal pastroq tushadi, birovning ustidan kulmaydi, boshiga musibat tushganlarni masxara qilmaydi. Banda Allohni eslasa, “Rabbim ko‘rib turibdi”, deb ishonsa, qalbi poklanib boradi, xulqi sayqallanadi.

Kalomullohning boshqa oyatida: “Albatta Alloh osmonlar va yerdagi g‘ayb sirlarni biladi. Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rib turuvchidir”, deyilgan (Hujurot surasi, 18-oyat).

Osmonlaru yerda qanchadan-qancha sir-sinoatlar yashiringan. Biz ojiz bandalar ularni bilmaymiz. Ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lganlarini ham to‘liq idrok etolmaymiz. Hali bizga nomaʼlum ne-ne maxfiy narsalar bor. Alloh taolo mana shularning barchasini biladi.

Rivoyat qilinishicha, mashoyixlardan birining yosh shogirdi bor edi. Shayx uni hurmat qilar, boshqalardan ustun qo‘yardi. Shogirdlaridan biri:

– Bu yosh bolani shunchalar hurmat qilasizmi? – debdi. Shayx ularni to‘plab, qo‘llariga bittadan qush bilan pichoq berib, hech kim ko‘rmaydigan joyda so‘yib kelishni buyuribdi.

Birozdan so‘ng hamma o‘ziga berilgan qushni so‘yib kelibdi. Faqat yosh shogird qo‘lida tirik qush bilan qaytib kelibdi. Shayx undan so‘rabdi:

– Nega qushni so‘ymading?

– Men hech kim ko‘rmaydigan joyni topolmadim. Qayerga borsam, Alloh ko‘rib turganini his qildim. Shuning uchun qushni so‘ya olmadim.

Shunda katta yoshli shogirdlar bu bola haqiqatan hurmatga sazovor ekanini tan olishibdi.

Kalomi majidda aytiladi: (Alloh) osmonlar va yerni olti kunda yaratib, so‘ngra Arshga istivo qilgan Zotdir. U yerga kiradigan (urug‘, yomg‘ir-qor suvi, xazinayu dafinalar, jasadlar kabi) narsalarni ham, undan chiqadigan (o‘t-o‘lan, buloq suvlari kabi) narsalarni ham, osmondan tushadigan (farishtalar, taqdir, rizq-ro‘z, xayr-baraka kabi) narsalarni ham, unga (yaʼni, osmonga) ko‘tariladigan (farishtalar, ruhlar, amallar, duo-iltijolar kabi) narsalarni ham biladi. Sizlar qayerda bo‘lsangiz, U Zot sizlar bilan birgadir. Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rib turuvchidir” (Hadid surasi, 4-oyat). 

Inson “Allohdan berkitib biron ishni qila olaman”, deb o‘ylamasin. Hech kim yo‘q joyda bo‘ladimi, qop-qorong‘i zulmat ichidami, farqi yo‘q, bandasi ko‘rmasa ham Alloh ko‘rib turadi.

Sahl ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi: Chamasi uch yoshli bola edim. Kechasi uyg‘onib, tog‘am Muhammad ibn Sivorning namoz o‘qishiga nazar solardim. Bir kuni tog‘am mendan so‘radi:

– Seni yaratgan Allohni zikr qilasanmi?

– Uni qanday zikr qilaman?

– Tilingni qimirlatmasdan qalbingda uch marta, “Alloh men bilan, Alloh meni ko‘rib turibdi”, deb ayt.

Men o‘sha so‘zlarni kechalari aytdim. Tog‘amga buning xabarini yetkazdim. U menga:

– Endi ularni har kecha o‘n bir martadan ayt, – dedi.

Men tog‘am aytgan ishni qildim. Keyin qalbimda uning halovatini sezdim. Bir muddat o‘tganidan so‘ng tog‘am menga:

– Senga o‘rgatilgan narsalarni yodlab olgin-da, umringning oxirigacha ularni aytib yur, hecham kanda qilma, – dedi.

Tog‘am aytgan ishni yillar davomida uzluksiz qilib yurdim. Uning halovatini his etdim.

Tog‘am menga:

– Ey Sahl, Alloh ko‘rib turganini bilgan odam qanday qilib U Zotga osiy bo‘ladi? Maʼsiyatdan hazir bo‘l! – deb tayinladi.

Keyin maktabga borib, olti-yetti yoshimda Qurʼonni yod oldim. So‘ng nafl ro‘zani ko‘p tutadigan bo‘ldim. yeydigan taomim arpa noni bo‘ldi. Undan keyin kechalari bedor bo‘lib, ibodat bilan o‘tkazishga odatlandim.

Sahl ibn Abdullohdan keltirilgan bu qissa bolaning ruhiy tarbiyasiga yoshlikdan ahamiyat berish qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi.

Qurʼonda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga shunday xitob qilingan: (Alloh) Sizni o‘zingiz (namoz uchun) turayotgan vaqtingizda ham, sajda qiluvchilar orasida (imom bo‘lganingizda namoz ruknlarining biridan ikkinchisiga) ko‘chayotganingizda ham ko‘rib turadi. Shak-shubhasiz, U Eshituvchi, Biluvchi Zotdir” (Shuaro surasi, 218-220 oyatlar).

Alloh ko‘rib turganini his etgan inson solih amalni ojiz bandalar uchun emas, odamlarning qudratli Parvardigori Alloh uchun qiladi. Banda Alloh ko‘rib turganini unutmasa, hech kim bo‘lmasa ham gunoh qilmaydi, “Odamlar ko‘rmayapti-ku”, degan fikr xayoliga kelmaydi.

Har bir inson shuni doim yodida tutsin: odamlar ko‘rmasa ham Alloh ko‘rib turadi. Odamlar bilmasa ham Alloh biladi. Oxiratda sizu bizni ojiz banda emas, har bir ishimizni kuzatib turuvchi qudratli Alloh hisob-kitob qiladi.

«Qurʼon qalblar shifosi» kitobidan

Ey inson, Allohdan qo‘rq!
7 Январь, 2022 йил | 905