Яхшилик ва савоблар кушандаси

Diniy yoki dunyoviy bo‘lsa-da, bir insonga berilgan neʼmatning qo‘lidan ketishini istab hasad qilish dinimizda harom qilingan. 

Qurʼoni karimda hasad haqida shunday marhamat qilinadi:

“Yoki Alloh odamlarga O‘z fazlidan bergan narsalarga hasad qilmoqdalarmiBatahqiqIbrohim oilasiga kitobni, hikmatni va ulug‘ mulkni berganmiz-ku?!” (Niso, 54-oyat). 

Rasululloh sallollohu alayhi vasallam zamonida yashagan yahudiylar bugungilaridek barcha yaxshi narsalarga faqat o‘zlarini munosib ko‘rardilar.  Ular oxirzamon payg‘ambari kelishini bilardilar, ammo uni o‘zlaridan chiqadi, deb o‘ylardilar. O‘ylaganlaridek bo‘lmagandi, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni payg‘ambarlikka, musulmonlarni iymon va islomga loyiq ko‘rmadilar. Quraysh qabilasi va arablarni ulardan payg‘ambar chiqqani uchun yomon ko‘rdilar, hasad qildilar. Oyati karima hasad – Allohning taqdiri va marhamatiga norozilik qilish, eʼtiroz etishlik ekanini, bunga hech kimning haqi yo‘qligini ko‘rsatmoqda. Qurʼoni karimda hasadgo‘yligi va g‘ayirligi bilan tilga olingan yahudiylarga o‘xshashni istamagan banda qalbini hasad va ko‘rolmaslikdan poklashi kerak.  

Hasad – yaxshiliklarni yeydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 

“Nabiy sallollohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: 

 “Hasaddan saqlaninglar! Olov o‘tinni yeb bitiriganidek, hasad ham yaxshiliklarni yeb bitiradi”. 

Abu Dovud rivoyat qilgan. 

Allohga iymon keltirgan mo‘minning Uning taqdiri va ehsoniga ko‘nmasligi xayrsiz hissiyot. Bu tuyg‘u bo‘lgan qalbda iymon va taslimiyat bo‘lishi ishonarli emas. 

Hasadgo‘yning dini ham, dunyosi ham mahrumiyatga to‘ladi.

Olov uchun o‘tin va yog‘ochlarni kulga aylantirish qanchalik oson bo‘lsa, ko‘rolmaslik ham insonning yaxshiliklarini shunday yoqib ado qiladi. Chunki hasadgo‘y hasad qilgan kishisini g‘iybat qiladi, unga yomonliklar kelishini istaydi. Bu hasadgo‘yning mahrumiyati va zararini, hasad qilingan insonning esa neʼmat va savobini orttiradi. Hasadga moyil qalb vaqtida muolaja qilinmasa, oqibatda kishining iymoni ziyonga ketadi. Yaxshiliklar, xayr va hasanotning quvvati — iymonning kamoli, o‘zini yo‘qotishdan qattiq qo‘rqish kerak. Shuning uchun ham hasaddan qatʼiy qaytariladi. 

Qurʼoni karimda marhamat qilingan: “Mo‘min kishi tomonidan qilingan har bir yaxshi ish yomonliklarni ketkazadi” (Hud, 114-oyat) oyati karimasi yuqorida keltirilgan hadisni tasdiqlaydi. Hasadgo‘yni yaxshiliklarni ko‘rolmasligi badnom qiladi. Yomonliklarini o‘chiruvchi yaxshiliklaridan mahrum hasadgo‘yning holiga voy.

Hadis bizga nima o‘rgatadi?

1. Hasad — harom.

2. Hasad — hasadgo‘yning yaxshilik va savoblarini yeb bitiradi.  

3. Allohning taqdiri va ehsoniga norozilik qilish — hasaddan zinhor tiyilish kerak. 

4. Musulmon taqdir neʼmatlariga munosibdir.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

Яхшилик ва савоблар кушандаси
26 Январь, 2022 йил | 526