2021 yil 9 oy davomida sohaviy vazifalarni amalga oshirishda yunaltirilgan xayriya mablag’lar haqida hisobot

Maʼlumki, “Vaqf” xayriya jamoat fondi Prezidentimizning 2018 yildagi “Diniy maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari bilan tashkil qilingan.

Fond o‘z oldiga ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, xalqimizga azal-azaldan xos bo‘lgan maʼrifatparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilat va qadriyatlarni davom ettirishga ko‘maklashishdir.

 Pirovardda yurtimizda qariyb 100 yil oldin to‘xtab qolgan Islom dini  axkomlaridan biri bo‘lmish vaqf tizimini shakllantirishdan iborat.

Ushbu Farmonda  “Vaqf” xayriya jamoat fondining amalga oshiradigan vazifalari belgilangan bo‘lib, belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash borasida fond tomonidan 2021 yil 9 oy davomida bir qator tadbirlar amalga oshirildi va mablag‘lar yo‘naltirildi.

Xususan;

- masjidlar va diniy taʼlim muassasalarining binolarini qurish, taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yo‘nalishi bo‘yicha 1 mlrd. 157 mln. so‘m; (Masalan, Sardobada toshqindan zarar ko‘rgan “Yusuf” yangidan qayta qurishga qariyb 500 mln. so‘m. Bundan tashqari, mazkur masjidga qariyb 1 mlrd so‘mlik qurilish materiallari xomiylar ishtirokida yetkazib berildi) 

- tarixiy-meʼmoriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, taʼmirlash, obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini yana-da rivojlantirish yo‘nalishiga 10 mlrd. 485 mln. so‘m; (Masalan, Ichan Qalʼadagi Paxlavon Maxmud va Said Aloviddin Pir  ziyoratgoxlariga  1  mlrd.  275 mln. so‘mdan  ziyod mablag‘)

- diniy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishiga 2 mlrd. 278 mln. so‘m; (Oliy Maʼxad va madrasalar uchun 900 mln. so‘mga yaqin orgtexnika va smart sinflar, Xadis ilmi maktabiga 350 mln. so‘mlik moliyaviy yordam va xokazo)

- masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini, xususan imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishiga 1 mlrd. 409 mln. so‘m; (Bu xayriya tushumi kam masjidlar va vakilliklarga moliyaviy yordam ko‘rinishida berilgan. Bundan tashqari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani «Hakim Sulaymon» jome masjidi imom-noibi sifatida faoliyat yuritgan, pandemiya davrida koronavirus sabab vafot etgan Mahammad-Ali qori  Mamutovning oila aʼzolari – ayoli va uch nafar voyaga yetmagan go‘dak farzandlariga Nukus shahridagi yangi ko‘p qavatli uylardan 3 xonali xonadon homiylarni jalb qilgan holda hadya qilindi)

- aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishiga 11 mlrd. 448 mln. so‘m mablag‘lar yo‘naltirilgan bo‘lib, jami sohaviy vazifalarni amalga oshirishda  27 mlrd. 338 mln. so‘m fond mablag‘lari yo‘naltirildi. (Bunda, 6 mlrd. 396 mln. so‘m oziq ovqat, kiyim kechak va boshqa zaruriy anjomlar ko‘rinishida, 5 mlrd. 52 mln. so‘m esa pul mablag‘lari ko‘rinishida berilgan.

 Shuningdek, Fond tomonidan respublika bo‘yicha ijtimoiy himoyaga qaratilgan bir qancha xayriya tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, shulardan ayrimlarini sanab o‘tish maqsadga muvofiq.

Jumladan,

-  Fondga moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan ijtimoiy himoyaga muxtoj fuqarolardan 10 168 nafariga “Zakot” va “Xayriya” hisob raqamlaridan mos ravishda 2 mlrd 639 mln so‘m va 2 mlrd 413 mln so‘m jami 5 mlrd. 52 mln. so‘m pul mablag‘lari bilan moddiy yordam ko‘rsatildi.

Malumki davlatimiz Rahbari tomonidan eshitish qobiliyatini yo‘qotgan, ko‘zi ojiz va boshqa toifadagi imkoniyati cheklangan shaxslarga alohida eʼtibor qaratib kelinadi.  Fond tomonidan ham yillik reja asosida “Siz bizga keraksiz” tadbiri doirasida mazkur shaxslarga joriy yilda 245 mln so‘m moddiy yordam berildi.

- O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlar va diniy taʼlim muassalariga jami summasi 1 mlrd. 949 mln. so‘mlik  82 665 dona diniy va maʼrifiy kitoblar hamda diniy darsliklar tarqatildi.

- Fond homiylar hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining 10 ta tumanidagi ichimlik suvi tanqis bo‘lgan qishloq va ovullarda jami 235 mln. so‘mlik 71 ta joyda artezian suvlari chiqarildi.

- Fond tomonidan eʼlon qilingan “VAQF-ko‘magi” tadbiri doirasida Xorazm va Sirdaryo viloyatlaridan 41 nafar kasb-hunarga ega ammo, mehnat qilish uchun sarmoyaga ega bo‘lmagan ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamyurtlarimiz uchun 121 mln so‘mlik tikuv mashinkalari, pishiriq pechlari va boshqa asbob-uskunalar yetkazib berildi. Ushbu loyiha natijasida joylarda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilmoqda va mazkur loyixani qolgan barcha viloyatlarda davom ettirish rejalashtirilgan.

- “Qurʼon va tajvid” kurslarini rivojlantirish va moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun 2021 yil 3 avgust kuni “Kapitalbank”da Fondning alohida hisob raqami ochildi. Hozirgi kunda mazkur hisob raqamga qariyb 79 mln. so‘m xayriyalar kelib tushdi.

-Olcha.uz elektron savdo platformasi orqali sotilgan mahsulotlardan tushgan mablag‘larining maʼlum miqdorini “Vaqf” xayriya jamoat fondi hisob raqamlariga o‘tkazishni ko‘zda tutuvchi memorandum imzolanib amaliyotga tadbiq qilindi. Hozirgi kunda mazkur kompaniya tomonidan oyiga malum bir miqdor mablag‘ fond hisobiga xayriya sifatida kelib tushmoqda.

O‘tgan yillardagi kabi 2021 yilda ham Fond tomonidan xorijiy tashkilot va fuqarolar xomiylik mablag‘larini jalb qilgan holda bir qator loyihalar amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu loyihalarga xorijiy xomiylarning jami 5 mlrd. 422 mln. so‘m pul mablag‘lari yo‘naltirildi. (masalan, Germaniyaning Xasana, Turkiyaning TIKA, Diyonat Vaqfi, Saudiya Arabistoni “Podshoh Salmon” nomidagi insonparvarlik yordami markazi)

 

Hozirgi kunda Fond tomonidan quyidagi loyixalar amalga oshirish rejalashtirilgan:

 

-Turkiya Diyonat Vaqfi bilan hamkorlikda respublikamizning  ichimlik suvi tanqis bo‘lgan qishloq va ovullarda 100 ta toza ichimlik suvi artezianlarini chiqarish va fuqarolarga taqdim qilish uchun hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

 Kasb-hunarga ega ammo, mehnat qilish uchun sarmoyaga ega bo‘lmagan ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamyurtlarimizga tikuv mashinalari, pishiriq pechlari va boshqa asbob-uskunalar yetkazib berish maqsadida “VAQF-ko‘magi” loyihasini qolgan viloyatlarda davom ettirilmoqda.

Mazkur xayrli ishlarga hissa qo‘shgan barcha hamyurtlarimizni Alloh taolo ikki dunyo saodati bilan mukofotlasin!

 

2021 yil 9 oy davomida sohaviy vazifalarni amalga oshirishda yunaltirilgan xayriya mablag’lar haqida hisobot
24 Сентябрь, 2021 йил | 23