Turkiyaning 4 ta universiteti va Mir Arab oliy madrasasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Kecha Buxoro viloyatiga Turkiya Respublikasining bir qator universitetlaridan 30 nafar din sohasi olimlari tashrif buyurdi.

Kunning ikkinchi yarmida Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi rahbarlari 
va o‘qituvchilari hamda Turkiya Respublikasi universitetlaridan tashrif buyurgan oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda 
professor-o‘qituvchilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston va Turkiya davlatlari rahbarlari tashabbusi bilan ikki davlat o‘rtasidagi barcha sohalardagi aloqalar yanada rivojlantirilgani, O‘zbekiston ham, Turkiya ham islom sivilizatsiyasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan buyuk allomalar yetishib chiqqan diyor ekani, ikkala davlatdagi ta’lim tizimi, jumladan, diniy ta’limni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor, Mir Arab oliy madrasasi va Turkiya Respublikasi universitetlarida ta’lim jarayoniga oid masalalar muhokama qilindi.

Tadbirda ikkala davlatdagi ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozimligi qayd etilib, Mir Arab oliy madrasasi va Turkiya Respublikasining quyidagi 4 ta nufuzli universiteti o‘rtasida ta’lim sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum imzolandi:

  • Ibn Haldun universiteti;
  • Istanbul Sabahattin Zaim universiteti;
  • Istanbul universiteti;
  • Kastamoniy universiteti.

Memorandumda ta’lim sohasida hamkorlik qilish, talabalarni o‘qitish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va boshqa xodimlarni malakasini oshirishga yuborish, axborot hamda ilmiy ma’lumotlar almashish, ilmiy konferensiyalar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish masalalari belgilandi.

Tadbir yakunida mehmonlarga tashrif va hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.

13 Iyun, 2018 yil | 6328