“HAYOT BANK” AJ VA “VAQF” XAYRIYA JAMOAT FONDI – EZGU MAQSADLAR YO‘LIDA HAMKORLIK

So‘nggi paytlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarga yordam berish borasidagi xayrli ishlar yangi bosqichga ko‘tarilyapti. Bu borada fond mablag‘lari aylanmasida shaffoflikni taʻminlash, mahalliy va xorijiy aloqalarni kengaytirish, donorlar uchun mablag‘lar sarfini kuzatish imkoniyatini yaratish va xayriya faoliyatini avtomatlashtirish muhim ahamiyat kasb etishi kundek ravshan. Shu maʻnoda fond tomonidan ko‘plab moliya tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda.

 

Kecha mamlakatimiz moliya bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan  “Hayot Bank” AJ bilan ham ana shunday hamkorlik rishtalariga asos solindi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Jahongir Salamov bank mutasaddilariga hozirda fond tomonidan xayriya jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, innovatsion yechimlarni joriy etish va ilg‘or xorijiy tajribalarni qo‘llash orqali ehson qilish jarayonini qulay, tezkor va shaffof shaklga keltirish borasida salmoqli ishlar olib borilayotgani to‘g‘risida maʻlumot berib o‘tdi. Kelgusida fuqarolar qilgan ehsonlarni avtomatlashtirilgan tizimlar orqali qabul qilish, hisobga olish va real vaqt rejimida kuzatib borilishi rejalashtirilgani taʻkidlandi.

O‘z o‘rnida bank rahbariyati ezgu ishga hissa qo‘shayotganidan mamnunligini bildirib, fond faoliyati yanada kengayishi, xayriya ishlari salmog‘i oshishi xalqimiz, ayniqsa aholining ehtiyojmand qatlamini moddiy qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutishini qayd etishdi. Fondga kelib tushayotgan xayriya mablag‘lari shaffofligini taʻminlash, ularning haqdorlarga yetib borishini osonlashtirishda bank tomonidan yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgan xizmat turlari bilan tanishtirdi.

 

Shundan so‘ng ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan memorandum imzolandi. Bu kelishuv nafaqat moliyaviy, balki ijtimoiy va maʻnaviy jihatdan ham jamiyat manfaatiga xizmat qilishi alohida taʻkidlandi. Hamkorlik xalqimiz qadriyatlarini asrab-avaylash, xayriya ishlarini zamonaviy boshqaruv mexanizmlari bilan uyg‘unlashtirish va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashi qayd etib o‘tildi.

“HAYOT BANK” AJ VA “VAQF” XAYRIYA JAMOAT FONDI – EZGU MAQSADLAR YO‘LIDA HAMKORLIK
25 Sentyabr, 2025 yil | 50