Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov rahbarligida vakil o‘rinbosari X. Sattarov, «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali rahbari A. Sultonov va Shohi Zinda jome masjidi imom-xatibi S. Mirzaev O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan dinimiz yo‘lida uzoq yillar sidqidildan xizmat qilib kelayotgan bir guruh ustoz domlalarni muborakbod etishdi.
Tadbirda ustozlarning jamiyat hayotidagi beqiyos xizmatlari, yosh avlodni tarbiyalash va maʻnaviyatimiz ravnaqiga qo‘shayotgan hissalari yuksak eʻtirof etildi.
– Jamiyatimizdagi, islom yo‘lidagi sidqidildan qilingan mehnat va halol xizmat har doim ulug‘lanadi. Ustozlarimiz – ilm va maʻnaviyat chirog‘ini yoqib, jamiyatni nur bilan to‘ldiruvchi zotlardir. Bunday insonlar, bu kasb sohiblari har zamonda eʻzoz va ehtiromga loyiqdir, – dedi Ahmadxon domla Alimov.
Yuksak ehtirom va minnatdorlik ifodasi sifatida ustozlarga «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.