KULTEPA O‘RNIDA FAYZLI MASKAN QAD ROSTLADI

Xalqimiz o‘t balosidan, suv balosidan O‘zi asrasin, deb bekorga aytmaydi. Bular shunday bir ofatki, necha-necha oilalarga behisob zarar yetkazadi, hudud infratuzilmasi, hatto iqtisodiyoti izdan chiqadi. Uning eng xavfli tomoni kutilmaganda, bexosdan kelishidir.

Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida yashovchi oilaning boshiga ham bu balo bexosdan keldi. Butun uy-joy, mol-mulk yonib kulga aylandi. Oila sohibasi yordam so‘rab, “Vaqf” xayriya jamaot fondining Farg‘ona filialiga murojaat qilgandi. Murojaat atroflicha o‘rganilib, fuqaroga har tomonlama yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

O‘tgan vaqt davomida murojaatchining hovli-joyi qayta qurilib, yashashga tayyor holga keltirildi. Yaqinda yangicha ko‘rinish olgan va jihozlangan fayzli xonadonni o‘z egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “Vaqf” xayriya jamoat fondi axborot va kiberxavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Ziyodulla Abdullaev, fondning viloyat filiali rahbari Baxtiyor Qig‘izov, tuman hokimligi mutasaddilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir so‘nggida uy sohiblari va yig‘ilganlar Vatanimiz tinchligi va ravnaqini so‘rab duoi xayrlar qilishdi.

Bir oilaning mushkulini aritgan, ularga xursandchilik ulashgan himmatli homiylarimiz, serg‘ayrat volontyorlarimizdan Alloh rozi bo‘lsin!

KULTEPA O‘RNIDA FAYZLI MASKAN QAD ROSTLADI
31 Oktyabr, 2025 yil | 19