Sanoqli kunlardan keyin qalblarga sokinlik, dillarga xursandchilik olib kiruvchi Ramazon oyi ham boshlanadi. Saxovat, mehr-oqibat va shukronalik ramzi bo‘lgan ushbu muqaddas kunlarda ehtiyojmand aholi qatlamiga yordam berish, boshiga tashvish tushgan insonlarning mushkulini aritish eng savobli amallardan hisoblanadi.
Bir necha yildirki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda ko‘plab xayriya loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. Hamkorlik davom etayotgan bu yilgi Ramazon oyida ham ko‘plab ehtiyojmand aholi qatlamiga xursandchilik ulashish niyat qilingan.
Bu safar fond Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda Toshkent shahrida 5 ta, Toshkent viloyatida 5 ta kam taʻminlangan, nogironligi bor oilalar xonadonini taʻmirlab berishni o‘z zimmasiga oldi. Bu ezgu tashabbus moddiy yetishmovchilik sababli taʻmirlashga imkoni bo‘lmagan, qurilish qilolmagan aholi qatlamiga o‘ziga xos Ramazon tuhfasi bo‘ladi, deyish mumkin.
Ayni paytda mazkur xonadonlarda keng miqyosdagi qurilish-taʻmirlash ishlari ketmoqda. Alloh nasib qilsa, 10 ta oila muqaddas oyni taʻmirlangan, toza va fayzli xonadonlarda kutib olishadi.