20 yillik orzu: VAQF fondi Qashqadaryoning olis qishlog‘ida suv chiqardi

Azaliy qadriyat va anʼanalarimiz sirasiga kiruvchi ko‘pchilikning koriga yarash, yo‘l va ko‘prik qurish, ariq va quduq qazib, suv chiqarish ham savob, ham eng ezgu amallardan hisoblangan. Zotan, barcha zamonlarda ham toza ichimlik suvining qadri yuqori bo‘lgan.

Bir kishining chanqog‘ini qondirishning savobi katta, butun bir mahalla yoki qishloq ahlining ehtiyojini qondirish esa ulkan savoblarning yog‘ilishiga sabab bo‘ladi.

VAQF xayriya jamoat fondi tomonidan mamlakatimizdagi ichimlik suviga muhtoj hududlarda aholi uchun toza ichimlik suvi artezianlarni qazib chiqarish anʼanaviy xayriya sifatida eʼtirof etilmoqda. Ushbu xayrli ishning navbatdagi manzili Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi "Zulfiqor ota" qishlog‘i bo‘ldi.

Qishloqda 3200 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. 20 yillar muqaddam bu yerda toza ichimlik suvi tanqisligi paydo bo‘lgan. Odamlar suvni olis hududlardan tashib kelib, sotib olib isteʼmol qilishgan. Joriy yilning noyabr oyi so‘ngida fond rahbari Yahyo domla Abdurahmonov mazkur qishloqqa tashrif buyurib, mavjud muammolarni hal etish va qisqa muddatda ushbu hududda ham artezianlar qayta qazilishini taʼkidlab o‘tgan edi. 15 kun davomida qishloqning ikki chekkasida joylashgan eski quduq o‘rnida burg‘ilash ishlari amalga oshirildi va 250 metr chuqurlikdan toza ichimlik suvi chiqarildi.

25 dekabr kuni VAQF fondi Matbuot xizmati rahbari Saidabror Umarov va fondning viloyat filiali rahbariyati "Zulfiqor ota" qishlog‘iga tashrif buyurib, mazkur ikki suv inshootini ochilish marosimida ishtirok etdi. Tadbir davomida S.Umarov aholini tabriklab, ularga yaxshiliklarni tiladi va suv degan ulug‘ neʼmatni yetkazgan Allohga shukrini ado etishlikni tilab qoldi.

Nihoyat, 20 yil vaqt o‘tib, qishloqdagi 320 dan ortiq xonadonning har biriga quvurlar orqali toza ichimlik suvi kirib bordi.

Hadisi shariflardan birida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar: “Kim suv bor joyga suv chiqarsa, bir jonni ozod qilgandek bo‘ladi, kim suv yo‘q joyga suv chiqarsa, bir jonni tiriltirgandek bo‘ladi” (Ibn Asokir rivoyati).Mazkur xayriyaga hissa qo‘shgan barcha insonlarni Alloh taolo mukofotlasin!

VAQF fondi yurtimiz bo‘ylab toza ichimlik suvi chiqarishda davom etadi. Siz ham hissa qo‘shing!

VAQF xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

27 Dekabr, 2021 yil | 583