Jizzaxlik hamyurtlarimiz uchun Qurʼoni karim nusxalari xayriya qilindi

Ilm olish dinimizda farz qilinib biror bir din ilm olishga Islom dinidek targ‘ib qilmagan. Hamda Islom dini jaholatga qarshi ilm-maʼrifat bilan kurashishga buyurgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ilk bor “O‘qi” deb nozil bo‘lgan oyat so‘zimizga dalil bo‘la oladi. Ilmning kaliti o‘qishdir.Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev kitob o‘qish haqida fikr bildirib, jumladan, shunday degandi: “... hammamiz uchun ayni paytda juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masala, yaʼni kitobxonlikni keng yoyish va yoshlarimizning kitobga bo‘lgan muhabbatini, ularning maʼnaviy immunitetini yana-da oshirishga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqish vazifasi turibdi”.

“Kitob — bilim manbai”, deymiz. Bu isbot talab qilmas haqiqat. Zero, inson bilimni asosan kitob orqali oladi, uning tarbiyasi ham kitob yordamida shakllanadi. Yoshlarimiz va hamyurtlarimiz diniy-maʼrifiy adabiyotlarni o‘qiganda, ularning dunyoqarashi kengayadi, hayotga munosabati o‘zgaradi.

Vaqf xayriya jamoat fondi tashkil topgandan buyon, yurtimiz bo'ylab, vatanimizning ulug' allomalari tomonidan yozilgan diniy-ma'rifiy kitoblarni minglab nusxalarda xayriya sifatida xalqimiz uchun tarqatmoqda. 

Mana shunday xayriya tadbirining navbatdagi manzili, Jizzax viloyati bo'ldi. Viloyatdagi  171 ta masjidga jami qiymati, 119 958 000 so‘mlik, 12 turdagi 8191 dona diniy-maʼrifiy kitoblar va Qurʼoni karim nusxalari xayriya qilindi.

Umid qilamizki, masjidga tashrif buyurgan vatandoshlarimiz mazkur kitoblarni mutolaa qilib o'z bilimlari va dunyo qarashlarini kengaytiradi.

Vaqf xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

Jizzaxlik hamyurtlarimiz uchun Qurʼoni karim nusxalari xayriya qilindi
9 Fevral, 2022 yil | 502