11-asrda qurilgan masjid fond tomonidan qayta taʼmirlanmoqda

Tarixiy-meʼmoriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, taʼmirlash, obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini yana-da rivojlantirish Vaqf xayriya jamoat fondining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Bugungacha fondga biriktirilgan ziyoratgoh va tarixiy obidalarda, fond hisobidan keng ko‘lamli taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan joriy yilning 18 iyun sanasida fond rahbarining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Salomov hamda fond yuristi Olimjon Mirzayevlar Qoraqalpog‘iston respublikasi Ellikqalʼa tumanidagi "Abdulloh Norinjoniy" masjidi hamda Beruniy tumanidagi "Sulton Uvays bobo" ziyoratgohlariga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Taʼkidlash joizki "Abdulloh Norinjoniy" masjidi dastavval 11 asrda bunyod etilgan bo‘lib, keyinchalik Xiva xoni Allohqulixon tominidan yangidan qayta qurdirilgan. Fond mutasaddilari ushbu masjidni yana-da obod qilish maqsadida kerakli ko‘rsatmalarni berdi va fond tomonidan moddiy yordam ko‘rsatilishini taʼkidladi.

Tashrifning ikkinchi manzili Beruniy tumanidagi "Sulton Uvays bobo" maqbarasi bo‘lib, mazkur maqbara ilk bor xorazmshohlar tomonidan bunyod etilgan va bir necha bor vayronaga aylangan. Hozirgi kungacha yetib kelgan obida 1836 – 38 – yillarda Xiva xoni Allohqulixon tominidan bunyod etilgan.

Vaqf fondi mutasaddilari mazkur ziyoratgohni ko‘zdan kechirib o‘z xulosalarini bayon etdi va taʼmirlash ishlari uchun fond hisobidan 40 000 000 so‘m moddiy yordam ajratdi.

VAQF XJF Matbuot xizmati

 

11-asrda qurilgan masjid fond tomonidan qayta taʼmirlanmoqda
20 Iyun, 2022 yil | 455