Toshkent shahrida "Siz bizga keraksiz" xayriya tadbiri o‘tkazildi

Bugun, 1 dekabr sanasida Vaqf fondi Toshkent shahar filiali tomonidan, O'zbekiston Musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda “3 dekabr – xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan 350 nafar nogironligi bor hamyurtlarimiz ishtirokida “Ezidiyor” koshonasida "Siz bizga keraksiz" shiori ostida dildan maʼrifiy suhbat va ularning qo‘l mehnati mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari H.Ishmadbekov, Vakillik va filial xodimlari ishtirok etishdi.

Marosim Qurʼon karim tilovati va xayrli duolar ila boshlandi.

So‘zga chiqqan Homidjon domla Ishmatbekov yurtimizda nogironligi bor kishilar qadr-qimmatini ko‘tarish, turmush sharoitini yaxshilash borasida qilinayotgan xayrli ishlar haqida so‘zlab, bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Respublikamizning barcha hududlaridagi markaziy masjidlarda diniy-maʼrifiy suhbatlar tashkil etilayotgani, juma mavʼizalari surdo tilida onlayn uzatilayotgani, diniy sohaga oid adabiyotlar bilan taʼminlanayotganini qayd etdilar, muborak dinimizda ehtiyojmand kishilarga yordam qo‘lini cho‘zish, nogironligi bor kishilarga mehr-oqibatli bo‘lish ulug‘ savobli amal, bu kabi xayrli ishlar barchaning vazifasi, insoniy burchi ekanini izohladilar.

Shuningdek, Abduqahhor domla Yunusov gapirish va eshitish borasida imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz orasida missionerlik holatlari uchrashi mumkinligi va uning oldini olish borasida mavʼiza qildi.

Marosim asnosida nogironligi bor hamyurtlarimizning qo‘l mehnati ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar ushbu do‘stlarimizning qo‘l mehnatlari asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdi va ijodlariga yuqori baho berib, o‘zlariga yoqqan buyumlarni xarid qildilar.

Tadbirda qiziqarli savol-javoblar viktorinasi o‘tkazilib, g‘oliblar esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Jismoniy imkoniyati cheklanganlar ijrosidagi go‘zal nashidlar va ajoyib salavotlardan bahramand bo‘ldi. Homiylar ko‘magida yurtdoshlarimiz uchun xayriya osh dasturxoni yozildi.

Toshkent shahrida
1 Dekabr, 2022 yil | 219