Abu Mansur al-Moturidiy ziyoratgohi
Ziyoratgoh tarixi
Ziyoratgoh tarixi. Ushbu maqbara buyuk imom, faqih, kalom ilmining sohibi, ahli sunnat val jamoat yoʻnalishidagi ikki aqidaviy yoʻnalish: Moturidiyya va Ashʼariyya mazhablaridan Moturidiyya yoʻnalishining asoschisi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiy, al-Xanafiy, as-Samarqandiy sharaflariga bunyod etilgan. Abu mansur al Moturidiy Samarqandning Moturid qishlogʻida 870 yilda tavallud topib, umrlarining oxiriga (944yil) qadar shu yerda yashaganlar.
Abu Mansur al-Moturidiyning asosiy asarlari “Kitab-ut-tavhid” (Alloh Taʼoloning birligi haqida kitob), “Taʼvilotu-ahl-issunnah” (ushbu kitob Qurʼon tafsiri). Bundan tashqari u kishi ilohiyotchi olim sifatida aqidaviy masalalarga oid risolalar ham bitgan.
Abu Mansur al Moturidiy Imom Aʼzam Abu Hanifa r.h. mazhabini rivojlantiradi. Al Moturidiy Islom dinini turli oqim va guruhlarga boʻlinib ketishini oldindan koʻra olgan va uni oldini olishga uringan ilohiyot ilmining asoschilaridan biridir. Dunyo musulmonlarining 70 foizi Al-Moturidiy taʼlimotiga asosida Islom diniga eʼtiqod qilishi olim yaratgan “Moturidiya” taʼlimot maktabi gʻoyalarining qanchalik ahamiyatli ekanidan dalolat beradi.
Abu Mansur al Moturidiy Movarounnahrda turli adashgan oqimlarning notoʻgʻri aqidalariga qarshi IX asrning oxiri X asrning boshida Moturidiylik yoʻnalishiga asos soladi. Ushbu yoʻnalish boshqa oʻlkalarga ham tarqala boshlaydi. Mustaqillik yoʻlini tutgan va har qanday mutaasiblik gʻoyalarini tanqid ostiga olganligi va Qurʼon, Hadis, mantiq hamda haqiqatga eng yaqin turganligi sababli keng yoyilgan edi. Imom al-Moturidiy tarafdorlari “Bilimda faqat aqlga suyanish kerak” degan gʻoyani ilgari surgan muʼtaziliylardan farqli ravishda aql va naqlni qoʻshib foydalanish zarur, deb hisoblaydilar.
Taʼlimoti va obroʻsi butun Islom olamiga yoyilgan Abu Mansur al-Moturidiy umri davomida ona shahri Samarqandda yashab, 944 yilda vafot etdi. Chokardiza nomi bilan mashhur boʻlgan qabristonga dafn etiladi. Chokardiza qabristoni Madinadagi Boqeʼa va Makkadagi Muʼallo qabristonlaridan keyingi sharafli uchinchi oʻrinda turadi. Bu yerda bir necha yuzlab ulugʻ allomalar, sayyidlar, shayxlar, imomlar va gʻoziylar dafn etilgandir.
Chokardiza qabristonining shakllanishi Samarqand tarixi boʻyicha qimmatli manbalar hisoblanmish “Qandiya” va “Samariya” asarlarida yozilishicha, Imomi Zohid Abu Ishoq bin Ibrohim Samosiyning bogʻliqdir. Qayd qilinishicha, Chokardiza oʻrnida X asr boshlarida Abu Ishoq bin Ibrohim Samosiyning bogʻi boʻlib, alloma vafot etgach, oʻz vasiyatiga binoan uni ushbu bogʻning eng baland joyiga dafn etishgan. Shundan soʻng bogʻ mashhur fiqhshunos alloma Faqih Abu Lays Samarqandiyning (vafoti 985y) qoʻliga oʻtgan. Tarixchilarning qayd etishicha, Abu Lays Samosiyning qizi tomonidan nabirasi boʻlgan.
Kalom ilmi asoschisi Abu Mansur al-Moturidiy ham va ilmi hikmat asoschisi Imom Abul Qosim Samarqandiy ham (vafoti 953 yil) oʻz vasiyatlariga koʻra Samosiy bogʻiga dafn etilgan. Keyinchalik Samarqandiy ham vafot etib, u ham ushbu boqqa dafn etilgach, bogʻning shuhrati oshib, tarixiy manbalarda “chokardiza” qabristoni sifatida yuritila boshlanidi. Chokardiza bogʻining qabristonga aylanishi borasida “Qandiya” kitobida Imom al-Moturidiy va Imom Abul-Qosimlar tilidan shunday naql keltiriladi: “Shayx Abu Mansur al-Moturidiy va Abul Qosim Samarqandiylar vasiyat qilgan edilarki, meni chokardiza qabristoniga dafn qilingizlarkim, Hazrati Xoja Abdu Darun bizga shafoat qilishni vaʼda qilgan edilar va ul zoti barokotning shafoatlaridan benasib qolmaylik. Zerokim, Hazrati Abdu Darun hayotlik vaqtlarida aytgan edilarki, Biz qabrimiz atrofidagi yarim farsax (1 farsax-6 km) mavzeʼni shafoat qilurmiz”
X asr oʻrtalaridan to XI asr boshlarigacha mazkur qabristonda juda kam odamlar dafn etilgan. XII yashagan mashhur hadisshunos va tarixchi as- Samʼoniy oʻzining “Kitab-ul-Ansob” asarida yozishicha, asosiy dafn etilishlar V hijriy XI milodiy asrda avj olgan. Chokardiza qabristonining oʻrtasida “Talli ashobul-Hadis” (“Hadisshunoslar tepaligi”) deb atalgan joy boʻlib, uning oʻrtasida Imom al-Moturidiy va Imom Abul-Qosim Samarqandiylarning daxma maqbarasi joylashgan. Ularga yaqin joyda Imom al-Kindiy (1049yil vafot etgan), Idrisiy (1015yil vafot etgan), Imom Nasafiy (1142 yil vafot etgan), alloma Taftazoniy (1389 yil vafot etgan) kabilar dafn etilgandir. Bu imomlar Chokardizada dafn etilgan eng mashhur imomlar hisoblanadilar.
Bundan tashqari 1141 yil 9 sentyabrda Saljuqiylar hukmdori sulton Sanjar hamda Qoraxoniylar hukmdori Mahmudxonlarning birlashgan harbiy kuchlari va Qoraxitoylar oʻrtasida “Dashti Qatvon” (bu mavzeʼ hozirgi Samarqand viloyatining Bulungʻur tumani hududida joylashgan) mavzeʼida yuz bergan jangda yuz ming musulmon shahid boʻlib, ularning bir qismi Chokardiza qabristoniga dafn etilgan. Shuning uchun ham koʻpgina manbaʼlarda “Chokardizada minglab gʻoziylar va eʼtiqodchi shahidlarning tuprogʻi bordir” deb qayd etiladi.
Qabriston oʻrtasida, Imom al-Moturidiy qabrlaridan besh qadam uzoqlikda masjid boʻlgan. As-Samʼoniyning yuqoridagi asarida Chokardiza qabristoni oʻrtasidagi ushbu masjid “yangi masjid” deb qayd qilinadi. Shundan bilinadiki, al-Moturidiy vafotidan keyin qurilgan masjid XII asrga kelib (yaʼni 200 yildan soʻng) qayta taʼmirlangan. Ushbu masjid vaqti vaqti bilan taʼmirlanib turganligi uchun XX asr boshlarigacha yetib kelgan. 1920 yilda yirik rus sharqshunos olimi V. Bartold Chokardiza qabristonini tadqiq etish uchun kelganda, Imom al-Moturidiy daxma mozorini oʻz koʻzi bilan koʻrgan va qayd etgan.
XX asrning birinchi choragiga kelib, mustabid tuzum davrida Chokardiza qabristonida musulmonlarni koʻmish man etildi, 1948 yilga kelib, ushbu qabriston buzilib, uning ustiga hovli joylar qurila boshlanadi. Qabrlar ustidagi qabrtoshlarning aksar qismi uy joy qurishda poydevor sifatida ishlatib yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev tashabbusi bilan 2025 yildan boshlab reja asosida maqbara va uning atrofida katta qayta qurish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.