Xorazm viloyatining tarixiy obidalari va ziyoratgohlari
Pahlavon Mahmud maqbarasi
Manzil: Xiva shahri, Ichan-Qal’a, Pahlavon Mahmud ko‘chasi.
Tarixi: Maqbara asosan XIV asrda qurilgan bo‘lib, unda o‘z davrining buyuk "Piri" — Pahlavon Mahmud (1247-1326) dafn etilgan. U Xiva shahrida po‘stindo‘z oilasida tug‘ilgan, keyinchalik buyuk shoir va faylasuf darajasiga erishgan. 79 yillik hayoti davomida birontayam kuragi yerga tegmagan zabardast polvon bo‘lgan.
Tavsif: Dastlab kichik go‘rxona shaklida bo‘lgan, keyinchalik 1810-1913-yillar davomida mahobatli majmuaga aylantirilgan. Hozirda Xorazm me’morchiligining durdonasi hisoblanadi.
Sayyid Olouddin maqbarasi
Manzil: Xiva shahri, Pahlavon Mahmud ko‘chasi.
Tarixi: Ichan-Qal’adagi eng qadimiy obidalardan biri bo‘lib, 1303-yilda qurilgan. Sayyid Olouddin XIII asrda yashagan xorazmlik mashhur shayx bo‘lib, Najmiddin Kubrodan keyingi yirik ustoz sanalgan. Uning nomi Jomiy va Navoiy asarlarida ham keltirilgan.
Tavsif: Maqbara ziyoratxona va gulxonadan iborat. Ichidagi noyob mayolika naqshli daxma o‘zining ko‘k va oq rangli jilolari bilan ajralib turadi.
Uch Avliyo bobo maqbarasi
Manzil: Xiva shahri, Ichan-Qal’a, A. Boltayev ko‘chasi.
Tarixi: XV asrlarda Badaxshon o‘lkasidan kelib darsgo‘ylik qilgan uch nafar olim dafn etilgan. Ular Xivadagi urush vaqtida namoz o‘qib turgan joyida shahid bo‘lishgan. Maqbara ustidagi baland xonaqohni Xudoydodxon (1687-1689) qurdirgan.
Tavsif: Bino XVI asr Buxoro ustalari uslubini eslatadi. Ziyoratgohning kirish eshigi o‘ymakorlik san’atining yuksak namunasidir.
Obdol Bobo maqbarasi va minorasi
Manzil: Xiva shahri, Polvon qori ko‘chasi, 21.
Tarixi: Majmua XII va XVIII-XIX asrlarga oid. Olloqulixon davrida (1825-1842) Obdol Boboning hoki bu yerga keltirilib, maqbara, hovuz va masjid barpo etilgan. "Obdol Bobo" shayx muridlarining kattasi degan ma’noni anglatadi.
Tavsif: Minorasi "buxorocha" uslubda, g‘ishtlarning o‘ziga terrakota uslubida naqsh berib terilgani bilan ajralib turadi.
Sayyid Mohi Ro‘yi Jahon majmuasi
Manzil: Xiva shahri, Amir Temur ko‘chasi, 84.
Tarixi: 1884-yilda Muhammad Rahimxon Feruz farmoni bilan qurilgan. Sayyid ota qabri ustidagi ushbu majmuada Xiva xonlari Sayyid Muhammadxon va Muhammad Rahimxon II dafn etilgan.
Tavsif: Majmuada ikkita madrasa, masjid, qorixona va maqbaralar saqlangan. 2008-2009 yillarda xonlik davrida yakuniga yetmay qolgan koshinlash ishlari ham nihoyasiga yetkazilgan.
Shayx Muxtor Vali maqbarasi
Manzil: Yangiariq tumani, Ostona qishlog‘i.
Tarixi: XIII asrda yashagan mashhur ulamo Shayx Muxtor Vali sharafiga qurilgan (vafoti 1286-yil). U Pahlavon Mahmudning ustozi bo‘lgan. Muhammad Rahimxon I (1806-1825) bu yerda baland peshtoqli gumbaz va xonaqohlar qurdirgan.
Tavsif: Maqbara atrofida 700 yildan ziyod vaqt davomida saqlanib kelgan tut daraxti o‘rni bor. Hozirda Xorazmning eng yirik ziyoratgohlaridan biri.
Yusuf Hamadoniy maqbarasi
Manzil: Shovot tumani, Beshmergan qishlog‘i.
Tarixi: Buyuk olim va faylasuf Yusuf Hamadoniy (1048-1140) qadamjosi. U kishi Xoja Ahmad Yassaviy va Abduxoliq G‘ijduvoniy kabi valiyzodalar ustozidir. Maqbara binosi XIX asrga oid.
Tavsif: Yusuf Hamadoniy hayoti davomida Qur’onni ming marta xatm qilgan va 37 marta haj safarida bo‘lgan. U kishi Bog‘dod, Isfahon va Buxoroda ta’lim olgan.
Voyangan Bobo maqbarasi
Manzil: Shovot tumani, Cho‘qli qishlog‘i.
Tarixi: Rivoyatlarga ko‘ra, bu qal’ani Gavsul A’zam Javlonyning o‘g‘illari Voyangan bobo qurdirgan. U vafot etgach, qabri ustiga Olloqulixon davrida maqbara tiklangan.
Tavsif: Sho‘rolar davrida vayrona bo‘lgan bino 1988-yilda va mustaqillikdan so‘ng homiylar yordamida tubdan qayta tiklanib, obod qilingan.