Statistika
Jami 0
Kategoriyalar
Kundalik tendentsiya
  • +998 95 195-16-10
  • info@vaqf.uz
  • vaqfuzbekistan@gmail.com
Samarqand ziyoratgohlari

Chorchinor ziyoratgohi

📍
Manzil
Chorchinor ziyoratgohi Samarqand viloyati, Urgut tumani, Chorchinor mahallasi hududida joylashgan.

Ziyoratgoh tarixi

Ziyoratgoh tarixi: Chorchinor ziyoratgohi oʻziga xos boy tarixga ega. Ziyoratgoh nomiga mos bu maskanda bir necha yuz yillarga guvoh boʻladigan 30-40 ta azim chinorlar mavjud. Chorchinor tabiatning bebaho neʼmati pokiza, shifobaxsh, zilol buloqlari qaynab chiqib turgan makon. Buloq chinorlaridan bir oz tepada, togʻ etagiga yaqin joydan qaynab chiqadi. Chorchinorda koʻp aziz avliyolar, olimu ulamolar oʻtgan. Ulardan Xoja Abu Tolib Sarmasiy, Eshon Valixon, u kishining oʻgʻillari Muhiddinxon eshon, Qutfiddinxon eshon, Mullo Jumaqul Xumuliy va boshqalar yetishib chiqqan. Ularning har birlari oʻz zamonasining mashhur kishilari boʻlib, jaʼmiyatning maʼnaviyat va maʼrifatiga oʻz hissasini qoʻshgan, kitoblar taʼlif qilgin, tarixlar yozgan, sheʼrlar bitgan. Bu ulugʻlar haqida shu zamonamiz gazeta-jurnal va kitoblarda yuzlab maqolalar eʼlon qilingan. Biz ularning baʼzilariga toʻxtalamiz:

Abu Tolib Sarmasiy. Chorchinorda Xoja Abu Tolib Sarmasiy yodgorligi bor. Bu kishi Urgutda yashab Islom dinini kishilarga daʼvat qilish uchun arab mamalakatlaridan kelgan, xuddi Samarqanddagi Shoxi Zinda qabristonida qoʻnim topgan sahoba Qusam Ibn Abbos davrida yoki keyinroq kelib qolganlar. Arab mamlakatlarida Islom dini tarqalib boʻlganidan soʻng, musulmonlar din tarqatish yoʻliga Movarounnahr tomonlarga ham tarqaldilar va tuproqlari shu maskanlarga qoldi. Masalan: Qusam Ibn Abbos Samarqandda, Imom Ismoil Buxoriy bilan yuzma-yuz turib hadis rivoyat qilgan muhaddis-roviy Muhammad Bashshor Panjakentdagi Mozori sharifga qolib ketganlar.

Eshon Valixon Urgutiy. Yurtimizda XX-asr boshlarida asosan “Naqshbandiya” tariqati vakillari faoliyat olib borgan.

XVI-asrda Samarqand yaqinidagi Dahbed qishlogʻi, bu yerga Namanganning Kosonsoyidan kelib oʻrnashgan Maxdumi Aʼzam Kosoniy-Dahbediy sharofatidan Naqshbandiyaning yirik markaziga aylangan edi. Tariqatni keng yoyish uchun Dahbed shayxlari turli hududlarga joʻnatilgan.

XIX-asr oxirlari XX-asr boshlarida Dahbediy pirlarining muridi boʻlgan bir avlod sharofati bilan Urgut ham tariqatning yirik markazlaridan biriga aylandi. Urgutiy pirlar orasidan shunday bir sulola yetishib chiqdiki, bu oila aʼzolari tariqatni otadan oʻgʻilga oʻtkaza borib, oʻziga xos bir zanjir hosil qildi. Zanjirning boshida Xoja Valixon Urgutiy turgan edi. Bu zot oʻz davrida “Qutbi zamon” deya yuksak nom bilan sharaflangan. U Mavlono Mirmuhammad Ibrohim Samarqandiyning muridi boʻlgan.

Tariqatga rahnamolik qilish Eshoni Valixondan oʻgʻli Eshon Muhiddinxonga oʻtgan. U kishi ishini davom ettirib, Naqshbandiya tariqatining XIX-asr oxiri va XX-asr boshlaridagi eng yirik shayx, avliyosi rahnamosiga aylandi va “Eshon Urgutiy”, “Irshodpanoh”, “Shayxi jahon” nomlari bilan shuhrat qozondi.

Urgutning Chorchinor mavzusida Urgutiy pirlar tashabbusi va mablagʻi bilan masjid va madrasalar qurilgan. Tolibi ilmlarga yashash uchun joy, oʻqish uchun muddarrislar tayinlangan.

Xoja Valixonning haq soʻzlari, insonlarni toʻgʻri yoʻlga hidoyat qilishlari, botinan va zoxiran pokiza boʻlganliklari, xalq orasidagi obroʻ eʼtiborli boʻlganlari, hukumronlik siyosatini mutlaqo yoqlamas edi. Eshon Valixon 1915 yil vafot etganlar.

Eshon Muhiddinxon. Xoja Valixon vafotidan soʻng naqshbandiya oʻchogʻini yoqish, Vasliyning(mashhur olim, shoir) yozishicha, oʻgʻillari Xoja Muhiddinxonga nasib etib, otadan nuri nisbat tekkan munosib farzand boʻlib, Vasliy bilan birga Buxoro madrasasida tahsil koʻrgan.

Xoja Muhiddinxon otasining ishini davom ettirib, naqshbandiya tariqatining XIX-asr oxiri XX-asr boshlaridagi eng yirik shayxi, avliyosi, rahnamosiga aylandi va “Eshoni Urgutiy”, “Shayxi jaxon”, “Irshodpanoh” degan ulugʻ nomlar bilan sharaflandi. Eshon Muhiddinxon madrasani tugatib Buxorodan Urgutga qaytgach, dastlabki qadam sifatida Chorchinordagi madrasai Choʻbin oʻrniga Gʻishtin madrasasini qurdiradi.

Madrasa tez bitkazilib, taʼlim-tarbiya ishlari yoʻlga qoʻyiladi. Buxoroda madrasalar yopilganidan soʻng, Muhiddinxon Urgutda Buxoro ilmu fanini davom ettirishga ahd etadi. Oʻsha davrning zakovatli mudarrislari va peshqadam ulamolari Aspas mahdum, Qori Sharif, Mudarris Hamroqul Rofeʼ, Xudoyberdi Maxdum, Mullo Yunus kabilar Urgut Chorchinorida dars berganlar. Buxoro madrasalarida oʻqishi chala qolgan talabalar Urgutda tahsilni davom ettirgan. Eshon hazratlari juda kamtarin saxovatli inson boʻlganlar. Doimo beva-bechoralarga miskinlarga, kambagʻallarga gʻamxurlik qilib, ahli ilmlarga homiylik qilgan. Afsuski, xalqimiz tarixida qora sahifalari koʻproq boʻlgan. Mustabit shoʻrolar tuzumi koʻplar qatori shayx Muhiddinxon oilasi va shaxsiga koʻp aziyat keltirgan.

Hukumat tomonidan tazyiqning kuchayishi va muqarrar ravishda qatagʻon qilinish xavfi borligi Eshon Muhiddinxonni vatanni tark etishga majbur qildi. 1928 yili qoʻshni Afgʻonistonga oʻtadilar va u yerda Saudiya Arabistoniga oʻtib 1931 yil hayotlari yakun topadi. Qabrlari Madinada.

Shayx Qutbiddinxon Ibn Xoja Muxiddinxon. Bu ulugʻ zot 1906 yilda Urgutda, Soʻfiyon mahallasida Xoja Muhiddinxon xonadonlarida tavallud topdilar. Dastlabki saboqni bobolari va otalaridan olganlar. Urgutning Chorchinor mavzesidagi otalari qurdirgan madrasada Aspas maxdum, shoir Muftaqir, Xudoyberdi Maxdumlardan taʼlim oldilar. Asosiy taʼlim berishga biriktirilgan kishi Abul Barakot, Abdulgʻafur Ibn Mullo Abdullatif, Yatim taxallusi bilan sheʼrlar yozgan Xoʻjandlik mudarris boʻlgan. Bu zot Qutbiddinxonga 1921-1928 yilgacha bardavom madrasadagi bor bilimlarini taʼlim berganlar. Bu maʼlumotlar 2006 yilda chop etilgan “Maktubot” kitobida oʻz aksini topgan. Otalari Eshon Muhiddinxon hijrat qilganlaridan soʻng, u kishidan qolgan yer-mulkka egalik qilib ishlaydilar. Ammo 1942 yilning 8 avgustida u: “ Sovetlarga qarshi faoliyat yurgiziyapti” degan tuhmat bilan 10 yillik qamoq jazosiga hukm etiladi. Qozogʻistonning Oqboʻta shahri qamoqxonasida, Janubiy Orenburgda, Sibir oʻrmonlarida ogʻir mehnat qilishga majbur qilinadi. Bunday mushkul sharoitda betob boʻlib qolgani sababli vrachlar tavsiyasi bilan qamoqdan ozod etilib, Urgutga qaytadi.

Ammo bu ozodlik ham uzoqqa choʻzilmaydi. Oʻtgan asrning 50-yillari boshlarida respublikamizdagi bir qancha taniqli olim, shoir va adiblarni hibsga olish boshlanganda 1951 yil 27 noyabrda Qutbiddin Muhiddinov ham qaytadan qamoqqa olinadi. 1953 yilning 5 martida I.V.Stalin vafotidan keyin, 1955 yilning oxirlarida domulla xibsdan ozod etilib, oilasi bagʻriga qaytadi. Bundan xabar topgan Tojikiston Fanlar Akademiyasi Rudakiy nomidangi Til va adabiyot institutida eski qadrdonlari akademik Abdulgʻani Mirzoyev Qutbiddin domulloni va mahbuslikda birga boʻlgan doʻstlari Rahim Hoshimovni Dushanbega taklif qiladi. Domullo-shayx hazratlari u yerda taniqli tojik adabiyotshunos va tilshunos olimlar bilan hamkorlikda ikki jildlik mukammal “ Farhangi zaboni tojik” (tojik tilining izoxli lugʻati)ni nashrga tayyorlashda faol qatnashdi.

Shu orada doʻstlari Muhammadjon Rahimiy u kishiga Toshkentga borib Til va adabiyot institutida ishlashni maslahat beradi. Toshkentda bu kishiga doʻstlari Gʻafur Gʻulom yordam beradi. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining Til va Adabiyot institutida “Tarix etimologik lugʻatlar” boʻlimi ochildi. Olim shu boʻlimda umrlarining oxirigacha mehnat qilib toʻrt jildlik “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati” ni yuzaga keltirishda oʻzining munosib hissasini qoʻshdi. U kishi A.Navoiyning “Xamsa” asarining lugʻatini tuzgan, forsiy, arabiy soʻz, ibora va baytlarning izohi va talqinini bergan. “Majolis un-nafois” va “Lison ut-tayr” asarlarining lugʻatlarini tuzishda ishtirok etgan. Olim 1971 yili, yaʼni 65 yoshda “Mirzo Muhammad Mahdixon “ Sanglox” lugʻati mavzusida, filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqladilar. Bu sohibqalam “Qutbiy” taxallusi bilan oʻzbek va tojik tillarda sheʼrlar bitgan.

Uzoq yillar shoʻro davrining istibdodini boshdan kechirgan, tuxmat va taʼqiblarga uchrab, hatto mashhur rus yozuvchisi Aleksandr Soljonitsin bilan surgunda birga boʻlgan Qutbiddin domlo Oʻzbekistonning mustaqil boʻlishini, oʻtmishdagi madaniyat va maʼrifatimizni keng oʻrganilish, targʻib etilishini juda-juda orzu qilar edilar. Afsuski, shayx 1983 yil 18 dekabr kuni olamdan oʻtdilar. Alloh u kishini oʻz rahmatiga olgan boʻlsinlar.

Galereya

VAQF · Samarqand viloyati ziyoratgohlari
To'lov tizimlari orqali xayriya

To`lov tizimini tanlang

Tanlangandan so'ng, siz pul o'tkazmasini yakunlash uchun bank veb-saytiga yo'naltirilasiz