Shayx Xudoydodi Vali ziyoratgohi
Ziyoratgoh tarixi
Ziyoratgoh tarixi: Shayx Xudoydodi Vali Yassaviya tariqatining yetuk namoyondasi, mutasavvuf shoir va olim, shariat, tariqat, maʼrifat va xaqiqat ilmining mujassami, ulugʻ oyat va qaviy xolatlar koʻzgusi, irshod falagida qutbi olam, kamtar, sahiy inson Xazrati Azizon Shayx Xudoydod Vali Allohning marxamati ila 866 xijriy (1461 milodiy) yilda Karmana yaqinida Saranj togʻ mavzesida tavallud topdilar.
Ul zotning padari buzrukvorlari Xazrati Azizon Ortiq Shayx asli Xorazmlik, ilmli orif kishilardan edilar.
Manbalarda keltirilishicha, koʻp sargardonlik va ofatlardan omon qolganliklari uchun ham Xudodan saodatmandlik tilab farzandiga “Xudoyberdi” deb nom qoʻyadilar va tugʻilganidan Valiylik asari zohir boʻla boshlagan farzandiga ilk taʼlim berganlar.
Xazrati Azizon Shayx Xudoydod Vali padaribuzrukvorlari va volidai muxtaramalaridan juda yosh yetim qolib, maktab ilmini oladilar. Soʻngra Samarqanddagi Javzoniya va Ulugʻbek madrasalaridan keyin Gʻijduvonda va Buxoroda Mulla Muhammad madrasalarida tahsil olganlar.
Ilm va riyozatchilik tufayli yuqori martabalarga erishgan Shayx Xudoyberdi oʻziga maʼnaviy pir axtarib Yassaviya tariqatining mashhur arbobi Shayx Jamoliddin Azizonning xuzuriga boradi va qoʻl berib irodatiga kiradi. Manbalarda qayd etilishicha uchrashuv chogʻida Shayx Jamoliddin ul kishidan “Nomingiz nima?” deb soʻraganlarida “nomim Xudoyberdi” deb javob berganlar. Shunda Shayx Jamoliddin - “Menga sizni Xudo yetkazdi, endi sizning nomingiz Xudoydod boʻlgʻusidir” degan ekanlar. Shundan eʼtiboran ul zot Xudoydod nomi ila mashhuru manzur boʻlgan ekanlar.
Dunyoning mutasavvuf olimlarining taʼkidlashlaricha ular Yassaviya tariqatining yuksak darajaga erishgan XV-XVI asrlarda pirlaridan keyin yarim asr davomida raxbarlik qilib, 50 nafar nufuzli muridlarini komillikga erishtirganlar.
Xazrati Azizon Shayx Xudoydodi Vali tariqat sohasidagi faoliyatlaridan tashqari, sheʼriyat bobida ham ibratomuz qalam tebratganlar.
Ul zotning nufuzi, nufuzli xukumdorlar nazdida ham baland edi. Shayxni juda koʻpchilik oʻzlariga pir bilishar, maslahatlariga quloq solishar edi.
Jumladan Shayboniyxon, Jonibek Sulton, Bobur Mirzo, Abu Saʼidxon, Ubaydulloxon kabilar ularga katta ixlos qoʻygan edilar. Hazrat yashagan davrda mashxur tariqatlar murshidlari orasidagi munosabatlar ijobiy boʻlib, jumladan Naqshbandiya va Kubroviya tariqatining yetakchi namoyondalari Hazrati Maxdumi Aʼzam va Maxdumi Xorazmiylar bilan doʻstona munosabatlari mustahkam edi.
Shayx Xudoydodi Vali xaqida koʻplab tarixiy kitoblarda keng maʼlumotlar berilgan. Ilmiy merosi 25dan ortiq noyob qoʻlyozmalarda jamlangan boʻlib, jahon olimlari tomonidan xalkimiz madaniyati va maʼrifatining durdonalari sifatida oʻrganilib, kitoblari chop etilmoqda.
Hazrati Azizon Shayx Xudoydodi Valini ng bir necha farzandlari boʻlib, qizlari Bibi Xadiya va Bibi Maxzunalardan avlod qolganligi maʼlum.
Ul zotning tarixiy faoliyatlari, boy maʼnaviy va adabiy meroslari, xalqchilligi bilan istiqlol gʻoyalarini kishilar ongiga singdirish, erk, ozodlik, yurt ravnaqi, tinchligi hamda osoyishtaligini taʼminlash, yurtimizda pok axloqiy va umuminsoniy qadriyatlarni yuksaltirishda mislsiz xizmat qilib kelmoqda.










