Xoʻja Doniyor maqbarasi
Ziyoratgoh tarixi
Ziyoratgoh tarixi: Mustaqillik davrida yangitdan ochilgan, taʼmirlagan obidalardan biri Doniyor paygʻambar qadamjosidir. Bugungi kunda bu obida eng ardoqlaydigan ziyoratgohga aylanib, uch din – islom, nasroniylik va iudaizm vakillariga bir xil darajada aziz va tabarrukdir.
Samarqand shahrining Afrosiyob qadimiy shaharchasining sharqiy tomonida, mudofaa devori tagidan oqib oʻtadigan Siyob arigʻi yoqasida, ”Darvozayi Shosh” ning yonida joylashgan, Samarqand ahli tomonidan asrlar davomida qadr-qiymatlanib kelinayotgan Doniyor Paygʻambar maqbarasi eng moʻʼtabar ziyoratgohlardan biridir. Samarqandliklar ushbu ziyoratgohni baʼzan Doniyor Paygʻambar, Xoʻja Doniyor va Hazrati Doniyor ziyoratgohi, deb ataydilar.
Xoʻja Doniyor maqbarasining vujudga kelishi va shaxsiyati haqida turli qarashlar mavjud.
Birinchi qarashga koʻra, bu maqbara Muhammad paygʻambarimizning sahobalaridan, Qusam ibn Abbosning izdoshlaridan biri boʻlmish Xoja Doniyorga tegishli. Tarixchi Abu Tohirxoja Samarqandiy “Samariya” asarida “...Derlarkim, u (Doniyol) hazrat Abbos oʻgʻli Qusamning yoronlaridan edi va shu yerda koʻmilgandir”, deb yozadi.
Ikkinchi qarashga koʻra, bu maqbaraning tarixi ulugʻ paygʻambarlaridan biri Doniyor paygʻambarga borib taqaladi. Jumladan, Abul Hakim Samarqandiy “Qandiya” asarida “Samarqandda bir chashma borkim, jannat chashmalaridandur va u Obi Rahmat arigʻi yaqinidadur. Mashoyixlardan baʼzilarining aytishlariga qaraganda, ushbu suv Doniyor paygʻambar qabrlari yonidan oʻtadi...” deb yozadi. Bu ikki mulohazani mantiq nuqtai nazaridan koʻrganda hamda qadamjo tarixi bilan bogʻliq dalillar va rivoyatlarni oʻrganganda bu tabarruk qadamjo Doniyor paygʻambar shaxsiyati bilan bogʻliq, degan fikrga koʻproq moyil boʻlamiz.
Tarixiy naqllarga koʻra Amir Temur qoʻshini Kichik Osiyoga qilgan yurishi chogʻida Suza shahri qalʼasini oʻn sakkiz kun qamal qiladi. Qamal paytida Sohibqiron eʼtiborini Doniyor paygʻambar maqbarasi jalb etadi. Amir Temur xalq ichida, ushbu ulugʻ paygʻambarning xoki qayerda boʻlsa, oʻsha joydan fayzu baraka arimaydi, ruhi esa barcha balo ofatlardan saqlaydi, degan gapni eshitadi va Doniyor paygʻambar xokini Samarqandga olib kelishga ahd qiladi. Tabarruk makonimizda ulugʻ zotning ruhi qoʻnim topgani va u qalblarga yorugʻlik, xotirjamlik baxsh etayotgani muhim tarixiy hodisadir.
Doniyor Paygʻambar ziyoratgohi yillar, asrlar oʻtishi bilan koʻp oʻzgarishlarga yuz tutgan. Chor Rossiyasi davrida nashr etilgan kitobda Doniyor Paygʻambar maqbarasining 1870-80 yillardagi gravyura surati aks ettirilgan. Undan maʼlum boʻlishicha, oʻsha davrlarda Doniyor Paygʻambar qabri usti daryo toshlari bilan terilgan va uning atrofida kichik ayvon mavjud boʻlib, qabr atrofida shayxlar, avliyolarning belgisi boʻlgan tugʻlar oʻrnatilgan. 1894 yil yozishmalarida rus rassomi P.Dmitriyev-Kavkazskiy bu qadamjo haqida toʻlqinlanib shunday yozadi: “Shahardan 2-3 chaqirim masofada joylashgan jarlik yon bagʻrida, anhor va soʻlim yashillik qoʻynida dindorlar tomonidan nihoyatda qadrlanadigan Doniyor ota maqbarasi joylashgan. Qabrning butun sahni pastqam devor bilan oʻralgan. Oʻrtalikda uzun maqbara, qabr boshida oltita tugʻ bor. Faqat qushlargina bu yerdagi ilohiy sukunatni buzib turadi. Bu – Samarqand atrofidagi noyob ilhombaxsh goʻshalardan biridir...”
Maqbara pastida xosiyatli chashma, buloq bor. Bu haqda Abu Tohirxoja “Samariya”da: “U zotning mizojidan muborak boshlari tarafidan Siyohob arigʻidan yaqin yerdan bir buloq chiqib, Siyohob arigʻiga quyadi. Xalq (uni) tabarruk bilib ichadilar va choʻmiladilar, uni koʻp kasallar shifosiga sabab deb biladilar”, deb yozadi.
Ziyoratgohda 2015 yilda Davlat dasturi asosida keng koʻlamli qayta qurish va obodonlashtirish ishlari olib borildi.










