Buxoro viloyatida ehson va saxovat ishlarini yanada keng yoyish, ehtiyojmand aholi holidan xabar olish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Buxoro viloyati «Vaqf» xayriya jamoat fondi filiali tomonidan Qorako‘l tumanida istiqomat qiluvchi ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Mazkur xayrli tadbir davomida ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Bu kabi ezgu amallar jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:
«Kim bir mo‘minning dunyodagi bir g‘amini yengillatsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uning g‘amlaridan birini yengillatadi».
(Imom Muslim rivoyati).
Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Odamlarning Allohga eng suyuklisi — odamlarga eng ko‘p manfaat yetkazuvchisidir», — deganlar.
(Tabaroniy rivoyati, hasan deb baholangan).
«Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan bunday saxovat tadbirlari xayr-ehson madaniyatini yuksaltirish, ehtiyojmand insonlarga amaliy yordam ko‘rsatish hamda jamiyatda o‘zaro mehr-muruvvat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.
Alloh taolo barcha ehson qiluvchi saxovatpesha insonlarning xayrli amallarini dargohida qabul qilsin, molu davlatlariga, hayotiga fayzu barakot ato etsin.