Yangi O‘zbekistonda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, vaqf tizimini rivojlantirish, uning tashkiliy va institutsional salohiyatini mustahkamlash, xayriya faoliyatini takomillashtirish hamda xalqaro tajribani o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2018-yil 16-apreldagi PF-5416-sonli «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida «Vaqf» xayriya jamoat fondining tashkil etilishi mamlakatimizda vaqf faoliyatini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Bugungi kunda fond diniy-ma’rifiy, ta’lim, ijtimoiy va xayriya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida faoliyat yuritmoqda.Ayni jarayonda milliy vaqf tizimini zamonaviy boshqaruv tamoyillari asosida rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Shu maqsadda XIV «Global Waqf» xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi, Malayziyaning Xalqaro Vaqf Faoliyati Kengashi (International Waqf Action Council — iWAQF) hamda Malayziya Xalqaro Islom Universiteti (IIUM) o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
2026-yil 18-noyabrda imzolangan uch tomonlama kelishuv vaqf sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim va ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, malakali mutaxassislar tayyorlash hamda tomonlar o‘rtasida muntazam hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Memorandum doirasida talabalar, professor-o‘qituvchilar, rahbarlar, ma’muriy va professional xodimlar uchun o‘zaro ta’lim hamda kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirish, akademik va ilmiy almashinuvni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.Shuningdek, vaqf sohasi mutaxassislari va bo‘lajak kadrlarning malakasini oshirishga xizmat qiladigan o‘quv modullari hamda maxsus ta’lim dasturlarini birgalikda ishlab chiqish, soha xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, xalqaro tajriba asosida mutaxassislar salohiyatini mustahkamlash ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Bundan tashqari, akademik doiralar va soha vakillari o‘rtasida strategik sheriklikni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli tadbirlarni birgalikda tashkil etish, ilmiy-amaliy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim va tadqiqot sohalarida yangi imkoniyatlarni o‘rganish nazarda tutilgan.
Mazkur memorandum «Vaqf» xayriya jamoat fondi uchun Malayziyaning nufuzli ilmiy-ta’lim muassasalari va vaqf tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy tajribani o‘rganish, fond xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va milliy vaqf tizimi uchun malakali kadrlar tayyorlash borasida yangi imkoniyatlar yaratadi.
Shubhasiz, bunday xalqaro tashabbuslar Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan vaqf tizimini yanada rivojlantirish, uning faoliyatini xalqaro tajriba bilan boyitish hamda xayriya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi
Matbuot xizmati