O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab bayram tadbirlari, ezgu tashabbuslar va xayriya aksiyalari keng quloch yoymoqda. Ana shunday savobli va xayrli tadbirlardan biri «Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyat filiali tomonidan tashkil etildi.
Navbatdagi xayriya tadbiri viloyatdagi «Sirpo‘sh ota» ziyoratgohida bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlaridagi Obodonlashtirish boshqarmalarida mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarga bayram sovg‘asi sifatida oziq-ovqat jamlanmalari topshirildi.
Bu shunchaki bayram sovg‘asi emas, balki yurtimiz ko‘chalari va mahallalarining obodligi, tozaligi va fayz-u tarovatini ta’minlash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan insonlarga bo‘lgan samimiy e’tibor va minnatdorlik ifodasi bo‘ldi. Zero, jamiyat farovonligi yo‘lida halol mehnat qilayotgan har bir insonning xizmatlari e’zozga loyiq.
Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari B. Qo‘ldashev, viloyat bosh imom-xatibi U. Abdullayev, «Vaqf» Fondi Farg‘ona viloyat filiali rahbariyati hamda volontyorlari ishtirok etdi. Samimiy muloqotlar, ezgu tilaklar va duolar bilan o‘tgan tadbir ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Tadbir davomida yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, xalqimizning hamjihatligi va farovon hayoti uchun shukronalar bildirilib, el-yurtimiz ravnaqi, xonadonlarimiz fayzi va mustaqilligimizning bardavomligi uchun duoi xayrlar qilindi.
Darhaqiqat, bayramning asl go‘zalligi — quvonchni boshqalar bilan baham ko‘rishda. Bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning mehnatini qadrlash, ehtiyojmandga ko‘mak berish va ezgulik ulashish — insoniylikning eng go‘zal ko‘rinishlaridandir.
«Vaqf» Fondi Farg‘ona viloyat filialining bu kabi xayriya tashabbuslari xalqimizga xos bo‘lgan saxovat, muruvvat, mehr-oqibat va hamjihatlik kabi azaliy qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, Mustaqillik ayyomi arafasida insonlarga quvonch ulashish, yaxshilik qilish va ezgu duolar olish — ulug‘ savobli amallardandir.
Tadbir yakunida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, xonadonlarimiz obodligi va O‘zbekiston mustaqilligining abadiyligi so‘rab duolar qilindi.
Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin! Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, xonadonlarimiz fayzu barakaga to‘la bo‘lsin!
@