1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Toshkent shahridagi “Xadichai Kubro” xotin-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ustoz va murabbiylarni sharaflashga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi.
“Xadichai Kubro” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi yosh xotin-qizlarga diniy va dunyoviy bilimlarni uyg‘un holda o‘rgatish, ularni ilm-ma’rifatli, odob-axloqli hamda jamiyatga munosib xizmat qiladigan yetuk insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilayotgan muhim ta’lim dargohlaridan biridir. Bu ezgu maqsadlarni amalga oshirishda, avvalo, fidoyi ustoz va murabbiylarning mehnati alohida ahamiyat kasb etadi.
Bayram tadbirida ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan ustoz va murabbiylarning ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiya va yosh avlod kamoloti yo‘lidagi sharafli mehnati e’tirof etildi. Ularning shogirdlarga bilim berish bilan bir qatorda, go‘zal axloq, odob va ezgu qadriyatlarni singdirishdagi xizmatlari alohida ta’kidlandi.
Bayram munosabati bilan 8 nafar ustozga 5 million so‘mdan, jami 40 million so‘m miqdorida pul mukofotlari topshirildi. Mazkur rag‘bat ustozlarning ta’lim dargohidagi samarali va fidokorona faoliyatiga bildirilgan hurmat va e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Shuningdek, ta’lim muassasasining boshqa o‘qituvchi va murabbiylariga ham oziq-ovqat mahsulotlaridan tashkil topgan jamlanmalar hamda maishiy texnika vositalari bayram sovg‘asi sifatida taqdim etildi.
Tadbir davomida ustoz va murabbiylarga samimiy tilaklar bildirilib, ularning kelgusidagi faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilandi. Zero, ta’lim dargohining nufuzi va salohiyati, avvalo, unda faoliyat yuritayotgan fidoyi ustozlarning ilmiy, ma’naviy va tarbiyaviy mehnati bilan chambarchas bog‘liq.
“Xadichai Kubro”da ta’lim olayotgan yosh xotin-qizlarning kelajakdagi ilmiy va ma’rifiy salohiyatini shakllantirishda ustozlarning mehnati alohida o‘rin tutadi. Shu bois ustozni qadrlash — ilmni, ta’limni va kelajakni qadrlash demakdir.
Ustozga ehtirom — ilm maskaniga ehtirom!