Shuni alohida qayd etish joizki, joriy yil davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ehtiyojmand, kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularga moddiy yordam ko‘rsatish borasida salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, Ramazon oyida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 10 ta ehtiyojmand oilaning xaroba holdagi uy-joylari ta’mirlab berilgandi. Ayni paytda esa Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda respublika bo‘ylab yana 28 ta ana shunday oilalarning uy-joylari ta’mirlanmoqda. Ta’mirlash imkoni bo‘lmaganlari qayta qurilib, peshma-pesh o‘z egalariga topshirilyapti.
Buxoro viloyatining Olot tumani «Qirtay» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi bir oila ko‘p yillardan buyon eski va ta’mirtalab xonadonda yashab kelardi. Mazkur oilaning og‘ir ahvoldagi yashash sharoiti «Vaqf» xayriya jamoat fondi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi e’tiboriga tushdi. Saxovatpesha yurtdoshlarimizning xayru saxovati va ehson mablag‘lari evaziga ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqaroning uyi butunlay qayta qurildi. Yaqinda fondning Buxoro viloyati filiali tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetdi. Kecha uch xonali fayzli xonadon mahalla vakillari va nuroniylari guvohligida sohiblariga topshirildi. Homiylar hisobidan oilaga muzlatkich va boshqa maishiy texnikalar ham hadya qilindi.
Bir oilaning uy-joyli bo‘lishiga sababchi bo‘lgan, bu xayrli ishga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shgan barcha yurtdoshlarimizdan, saxovatpesha homiylardan Alloh rozi bo‘lsin.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi
Matbuot xizmati