O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar ko‘lami kundan kunga ko‘payib bormoqda. Shu kunlarda respublikamiz bo‘ylab fond tomonidan homiy va saxovatpesha yurtdoshlarimiz ko‘magida ta’mirlanayotgan ehtiyojmand oilalarning jami 28 ta uy-joylarida ta’mirlash-qurilish ishlari poyoniga yetib, paydar-pay o‘z egalariga topshirilmoqda.
Xususan, kecha Andijon viloyatining Bo‘ston tumani «Sarbon» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi kam ta’minlangan oila ham yangi va qulay qilib jihozlangan xonadonni qabul qilib olishdi. «Vaqf» xayriya jamoat fondi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida saxovatpesha yurtdoshlarimizning ehson mablag‘lari evaziga butunlay qayta qurilgan mazkur xonadon oila vakillari uchun unutilmas sovg‘a bo‘ldi, deyish mumkin. Oila vakillari ko‘rkam va chiroyli ko‘rinishga kirgan uy-joyni qabul qilib olar ekan, bu xayrli tashabbusni boshlagan, uni amalga oshirgan barcha yurtdoshlarimizga, usta-quruvchilarga o‘z minnatdorligini bildirishdi.
Bu xayrli ishga hissa qo‘shgan saxovatpesha homiylardan Alloh rozi bo‘lsin!